Yoshlar – xalqning umidi va tayanchi. Ularning aqli va bilagi bilan yurt obod boʻladi. Lekin bugun farzandlarni ikki katta xavf poylab turibdi.
Birinchisi – oʻzlikni yoʻqotish. Telefon va ijtimoiy tarmoqlar orqali kirib kelayotgan begona gʻoyalar yoshni oʻz dini, tarixi va qadriyatlaridan uzoqlashtiradi.
Ikkinchisi – gʻuluv, yaʼni dinda haddan oshish. Internetdagi “shayx”larning bir-ikki videosini koʻrgan yigit oʻz ota-onasini, mahallasini, hatto butun xalqni adashganlikda ayblay boshlaydi.
Bu ikki dardning davosi bitta – sogʻlom ilm va toʻgʻri aqida. Bu aqida bizga begona emas: u shu yurtda, Samarqand, Buxoro va Shosh ulamolari qoʻlida shakllangan. Uning nomi – moturidiylik.
Moturidiylik nima?
Imom Abu Mansur Moturidiy (milodiy 944-yilda, hijriy 333-yilda vafot etgan) Samarqand yaqinidagi Moturid qishlogʻidan chiqqan buyuk olim. U yangi mazhab oʻylab topmagan. Imom Aʼzam Abu Hanifa va undan oldingi salafi solihlarning aqidasini dalillar bilan mustahkamlab, tartibga solgan.
Ahli sunna val jamoaga mansub musulmonlarning katta qismi aqidada ikki maktabga tayanadi: moturidiylik va ashʼariylik. Ikkalasi ham bir daraxtning ikki shoxi. Imom Navaviy va Ibn Hajar Asqaloniy kabi buyuk muhaddislar ham shu maktablarga mansub boʻlgan. Alloh taolo bu ummatni oʻrta yoʻldagi ummat deb atagan:
وَكَذَٰلِكَ جَعَلْنَاكُمْ أُمَّةً وَسَطًا
“Shuningdek, Biz sizlarni oʻrta (moʻtadil) ummat qildik” (Baqara surasi, 143-oyat).
Moturidiylik ana shu oʻrta yoʻlning ilmiy ifodasidir. Undan yoshlar olishi kerak boʻlgan asosiy saboqlar quyidagilar.
1-saboq: Aql – dushman emas, doʻst
Ilm qayerdan olinadi? Ulamolar bunga aniq javob bergan: sogʻlom sezgilar, rost xabar va aql (Saʼduddin Taftazoniy, “Sharhul aqoid”). Iymonning asosi ham aql bilan mustahkamlanadi.
Qurʼoni Karimning oʻzi aqlga murojaat qiladi:
أَمْ خُلِقُوا مِنْ غَيْرِ شَيْءٍ أَمْ هُمُ الْخَالِقُونَ
“Yoki ular hech narsasiz (yaratuvchisiz) yaratildimi yoki oʻzlari yaratuvchimi?” (Tur surasi, 35-oyat).
لَوْ كَانَ فِيهِمَا آلِهَةٌ إِلَّا اللَّهُ لَفَسَدَتَا
“Agar (osmonlar va yerda) Allohdan boshqa ilohlar boʻlganida, ikkalasi ham buzilib ketardi” (Anbiyo surasi, 22-oyat).
Imom Aʼzam Abu Hanifaning mashhur hikoyasi bor. Allohning borligini inkor qiladiganlar u bilan bahslashmoqchi boʻlishdi. Imom aytdi: “Daryoda bir kema bor. Unda na kemachi, na boshqaruvchi bor. Oʻzi yuk ortadi, oʻzi suzib borib, oʻzi qaytib keladi.” Ular: “Bunday boʻlishi aqlga sigʻmaydi”, deyishdi. Imom javob berdi: “Bitta kema oʻz-oʻzidan yurishi aqlga sigʻmasa, shuncha ulkan olam qanday qilib yaratuvchisiz yuradi?” (Mulla Ali Qoriy, “Sharhul fiqhil akbar”).
Mana shu – moturidiy uslub: sodda, tushunarli, aqlga yetib boradigan dalil. Aql bilan iymon keltirgan yosh birinchi shubhaga uchib ketmaydi.
2-saboq: Aqida qatʼiy dalilga quriladi
Iymonning asosiy masalalari – Allohning borligi, birligi, paygʻambarlik – qatʼiy dalillarga tayanadi. Unda gumon va taxmin oʻrin olmaydi. Alloh taolo:
فَاعْلَمْ أَنَّهُ لَا إِلَٰهَ إِلَّا اللَّهُ
“Bilgin, Allohdan oʻzga iloh yoʻq” (Muhammad surasi, 19-oyat).
Oyatda “bilgin” deyilgan, “taxmin qil” deyilmagan. Shuning uchun aqidani mustahkam ilmga qurgan odamni bir-ikki chiroyli gap bilan yoʻldan ozdirib boʻlmaydi.
3-saboq: Hamma masala bir darajada emas
Gʻuluvga ketganlarning eng katta xatosi – dinning hamma masalasini bir tarozida tortish. Ulamolar esa masalalarni ikkiga ajratgan:
- Asl (asosiy) masalalar – dalili qatʼiy. Ularda ixtilof qilinmaydi.
- Furuʼ (tarmoq) masalalar – dalili zanniy (taxminiy). Ularda olimlar turlicha fikr bildirishi mumkin va bu tabiiy hol.
Namozda qoʻl qayerga qoʻyilishi kabi masalada boshqacha fikrdagi odamni “adashgan” yoki “kofir” deyish – ana shu farqni bilmaslikdan kelib chiqadi.
4-saboq: Ahli qiblani kofir demaslik
Ahli sunnaning eng muhim belgilaridan biri – qiblaga yuzlanib namoz oʻqigan birorta musulmonni kofirga chiqarmaslik. Tarixda kim takfirga (birovni kofir deyishga) shoshilgan boʻlsa, oʻzi ham bidʼat va gʻuluvga eng tez botgan.
Musulmonni kofir deyish uchun shariatning ochiq, qatʼiy dalili kerak. Bu ish oddiy odamning yoki internetdagi bloggerning emas, balki chuqur ilmli ulamolarning zimmasida.
5-saboq: Fitna – eng katta zarar
Imom Abu Hafs Nasafiyning aqida kitobida aniq aytilgan: rahbar fosiqlik va zulm sababli itoatdan chiqarilmaydi (Taftazoniy, “Sharhul aqoid”). Nega? Chunki qurolli isyon va fitna xalqni bir-biriga dushman qiladi. Kasal tana oʻzini oʻzi yeganidek, jamiyat ham ichidan yemiriladi. Bundan esa faqat ummatning dushmanlari foyda koʻradi.
Rahbarga qarshi chiqishni targʻib qiluvchi oqimlar aslida qadimgi xavorij yoʻlini takrorlamoqda.
Ijtimoiy tarmoqdagi tuhmatlar haqida
Bugun ayrim “shayx”lar videolarida moturidiylar va ashʼariylarni “adashgan firqa” deb atashadi. Oʻylab koʻraylik: ming yildan ortiq vaqt davomida islom olamida tafsir, hadis, fiqh va aqida kitoblarining katta qismini kimlar yozgan? Ana shu ikki maktab ulamolari.
Ularni chiqarib tashlasak, islom ilmidan nima qoladi? Bunday daʼvo yoshlarni oʻz ajdodlari merosidan uzib, keyin ularni xohlagan tomonga burish uchun qilinadi.
Xulosa: nima qilishimiz kerak?
- Yoshlarni aqidaning asoslari bilan – aqliy dalillari bilan birga – tanishtirish.
- Ularga “asl” va “furuʼ” farqini, ixtilof odobini oʻrgatish.
- Dinni internetdagi notanish “ustoz”lardan emas, ishonchli ulamo va madrasalardan oʻrganishga undash.
- Buyuk ajdodlar – Imom Moturidiy, Abu Muʼin Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy – merosi bilan faxrlanishni oʻrgatish.
Imom Moturidiy taʼlimoti tugʻilgan yurt – Samarqand, Buxoro, Shosh – bu ulugʻ vazifaga hammadan koʻra haqliroqdir. Ajdodlar qurgan mustahkam qalʼa bugun ham yoshlarni gʻuluv va adashuvdan asrashga qodir.
Alloh taolo hammamizni oʻrta, toʻgʻri yoʻlda sobit qilsin.
Aliakbar domla Abdullayev
“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi oʻqituvchisi






