Bismillahir Rohmanir Rohim.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sallallohu alayhi vasallam yelkamdan tutib: “Bu dunyoda xuddi ğarib yoki yölovçidek bölgin”, dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu hadisda dunyoning ötkinçiligi, oxiratning boqiyligi va inson uçun vaqt hamda soğliq kabi ne’matlarni ğanimat biliş zarurligi bayon etilgan. Mömin kişi dunyoni öziga doimiy maskan deb bilmaydi. Aksinça, özini musofirdek tasavvur qilib, oxirat uçun tayyorgarlik köradi.
Inson bu dunyoda qança yaşamasin, oxir-oqibat vafot etadi. Alloh taolo marhamat qiladi: “Har bir jon ölim (aççiği)ni totuvçidir” (Oli Imron surasi, 185-oyat). Inson öz ajali qaçon va qaerda kelişini bilmaydi: “Biror jon ertaga nima iş qilişini bilmas. Biror jon qaerda ölişini ham bilmas” (Luqmon surasi, 34-oyat).
Şuning uçun oqil mömin dunyo hayotini solih amallar ekiladigan, hosili esa oxiratda olinadigan ekinzor deb biladi. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Ey qavmim! Bu dunyo hayoti faqat bir (arzimas) matohdir. Albatta, oxiratgina (mangu) barqarorlik diyoridir” (Ğofir surasi, 39-oyat).
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam dunyodagi holatlarini bir daraxt soyasida biroz dam olib, söngra yölida davom etgan yölovçiga öxşatganlar (Imom Termiziy rivoyati). Mömin kişi ham dunyoda özini musofir yoki yölovçidek tutişi lozim.
Ibn Umar roziyallohu anhumo: “Soğliğingdan kasalliging uçun, hayotingdan öliming uçun foydalan”, degan nasihatlari insonni vaqtning qadriga yetişga undaydi.
Bu mazmun Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislarida ham bayon qilingan: “Beş narsadan oldin beş narsani ğanimat bil: qarişingdan oldin yoşligingni, kasal bölişingdan oldin soğliğingni, kambağal bölişingdan oldin boyligingni, band bölişingdan oldin böş vaqtingni va ölimingdan oldin hayotingni”, (Imom Hokim rivoyati).
Hadis dunyodan butunlay yuz ögirişni yoki mehnat qilişni tark etişni anglatmaydi. Balki inson dunyoga köngil boğlab qolmasligi, mol-dunyo va maşğulotlar uni oxirat amalidan çalğitmasligi lozim.
Haqiqiy zuhd mol-dunyoga ega bölmaslik emas, balki mol-dunyo sevgisi qalbni egallab olmasligidir. Inson boy bölişi mumkin, ammo boyligi uning qalbini band qilmasligi kerak. Şuningdek, mömin solih amallarda tirişqoq bölişi bilan birga, Alloh taoloning azobidan qörqib, doimo ogoh yaşaydi. Bu uni yaxşiliklarni köpaytirişga undaydi.
Insonning atrofidagi kişilar uning hayoti va e’tiqodiga ta’sir qiladi. Şu sababli musulmon kişi yaxşi, taqvodor va ezgulikka undaydigan insonlar bilan hamroh bölişga intilişi lozim.
Yomon hamroh esa yöldagi tösiq kabi insonni maqsadidan uzoqlaştiradi.
Uşbu hadis insonni dunyo va oxirat örtasidagi muvozanatni saqlaşga, vaqt va soğlikni ğanimat bilişga, ezgu amallarga şoşilişga hamda dunyoga ortiqça boğlanib qolmaslikka undaydi.
Şokirjon MADAMINOV,
“Kökaldoş” örta maxsus islom ta’lim muassasasi öqituvçisi






