Hikoyalarda aks etgan “qirq hadis”.
Farzandlarimiz uchun…
38-hadis
Qadim zamonlarda bir kambagʻal oʻtinchi bor edi. U togʻlardan shox-shabba terib, yelkasida koʻtarib shaharga olib kelib sotardi. Shu kasbidan tushgan chaqalar bilan hayot kechirardi. U oʻzining bu tirikchiligini charchoqdan nolimay bajarardi, lekin xuddi oʻzi singari oʻtinchilik bilan kun kechiradigan qoʻshnisi oʻtinlarni eshagiga yuklab olib kelishiga xotirjam qarab turolmasdi.
Bir kuni u zamonasining valiy zotlaridan birining huzuriga borib oʻzining ogʻir qismatidan shikoyat qildi:
«Mening belim oʻtin tashiganimdan yara boʻlib ketgan. Men umrim boʻyi dam olish nimaligini bilmaganman. Iltimos, Allohga duo qilib ahvolimni aytib bering. Oʻtin tashishim uchun menga eshak inʼom qilsin».
Haligi avliyo zot duo qilib oʻtinchi uchun eshak inʼom qilishini Allohdan soʻradi. Shunda unga gʻoibdan shunday nido boʻldi:
«U banda hasadgoʻylik kasaliga duchor boʻlgan. Bu dardidan xalos boʻlmaguncha xotirjamlik topa olmaydi. Eng avvalo, u boshqalarga hasad qilishdan qutilishi kerak. Bu kishining qoʻshnisini eshagi kasal boʻlib qolgan. Unga ayt, qoʻshnisining eshagi tuzalib ketishi uchun duo qilsin. Shunda oʻzining ham eshagi boʻladi».
Avliyo bu soʻzlarini oʻtinchiga yetkazganda, uning hasadi oldingidan ham kuchayib:
«Men qoʻshnimning eshagi tuzalishi uchun duo qilolmayman. Men oʻz sharoitimdan roziman. Oʻzimga Allohdan eshak ham soʻramayman. Men uchun qoʻshnimning eshagi tuzalmasa bas» – dedi.
Darhaqiqat, hasadgoʻylik – kasallikdir. U kasallikka chalingan kimsa baxtli boʻlolmaydi. Kambagʻal oʻtinchini belida oʻtin tashishdan koʻra «hasad» atalmish kasallik holdan toʻydirib, xotirjamligini ketkazgan.
Bu haqiqatni Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam juda yaxshi tushuntirib berganlar:
«إِيَّاكُمْ وَالْحَسَدَ فَإِنَّ الْحَسَدَ يَأْكُلُ الْحَسَنَاتِ كَمَا تَأْكُلُ النَّارُ الْحَطَبَ»
«Hasadgoʻy boʻlmanglar. Chunki olov oʻtinni yondirib tugatgani singari hasad ham yaxshi amallarni yeb bitiradi». (Imo Abu Dovud rivoyat qilgan)
Oxunjon AHMEDOV tarjimasi
«Koʻkaldosh» OʻMIBY mudarrisi






