Toshkent islom instituti qoshidagi “Qurʼoni karim va tajvid” oʻquv kursining Toshkent viloyati Angren shahridagi filialida navbatdagi davra tinglovchilari 3 oylik kursni tamomladilar.


Bitiruv marosimida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining Yoshlar ishlari boʻyicha oʻrinbosari Uygʻun Gʻafurov, Taʼlim va ilmiy-tadqiqot boʻlimi mudiri Salohiddin Sherxonov, TII rektori, siyosiy fanlar doktori, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, “Qurʼon va tajvid” oʻquv kursi boʻlim boshligʻi Jahongir qori Roʻziyev, Koʻkaldosh madrasasi mudiri Muhammadamin Nasriyev va tinglovchilar ishtirok etib, bitiruvchilarga sertifikatlarni topshirdilar.




Toshkent islom institutida “Qurʼoni karim va tajvid” oʻquv kursi 2018-yildan buyon faoliyat yuritmoqda.
Oʻquv kursi 3 oy davom etib, roʻyxatdan oʻtib, oʻquv navbati kelgan erkaklar va ayol-qizlarning 90 nafari guruhlarga boʻlingan holda Toshkent islom institutining tajribali qori ustozlaridan Qurʼoni karim va tajvid boʻyicha saboq oladilar.
18 yoshdan yuqori boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolari kurs navbatiga yozilish uchun har shanba, soat 09:00-14:00 gacha pasport bilan Toshkent shahar, Olmazor tumani, Hazrati Imom majmuasida joylashgan Oliy maʼhad binosiga tashrif buyurishlari lozim. Oʻquv kursini tugatgan tinglovchilarga sertifikat beriladi. 3 oylik oʻquv kursi uchun toʻlov hozirgi paytda 1 200 000 soʻmni tashkil qilmoqda.
Oʻzbekiston boʻylab 3 ta oliy, 10 ta oʻrta maxsus islom taʼlim muassasalarida va 5 ta ilmiy maktabda, jami 18 ta joyda Qurʼoni karim va tajvid oʻquv kursi faoliyat yuritayotgan edi, endilikda esa Toshkent islom instituti qoshidagi “Qurʼoni karim va tajvid” oʻquv kursining 11 ta filiali poytaxt va viloyatlarda ochildi.
TII matbuot xizmati






