1-oktabr — oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tadbir boʻlib oʻtdi
Ustoz — ilm nurini qalblarga yetkazuvchi, avlodlar tarbiyasiga umrini baxshida etgan zot. Yurtimizda bugun taʼlim-tarbiya sohasiga, ustoz va murabbiylar mehnatini qadrlashga davlat siyosati darajasida alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yangi Oʻzbekistonning ertangi kuni, Uchinchi Renessans poydevori aynan maʼrifatli ustozlar qoʻlida barpo etilmoqda.
Ana shu ezgu sana munosabati bilan Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasida tadbir tashkil etildi. Tadbirda muassasa direktori M.Erkayev, oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari N.Jalolov, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari A.Gʻaniyev hamda muassasa oʻqituvchilari ishtirok etdi.
Soʻzga chiqqanlar ustozlarni kasb bayrami bilan chin qalbdan muborakbod etib, ularning yosh avlodni ilmli, odobli, Vatanga sadoqatli va mustahkam eʼtiqodli etib tarbiyalashdagi fidokorona mehnatini alohida eʼtirof etdi. Ustozlik — paygʻambarlar merosi ekani, ilm oʻrgatish esa eng sharafli amallardan biri ekani taʼkidlandi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: «Albatta, Alloh, Uning farishtalari, osmonlar va yer ahli, hatto inidagi chumoli va (suvdagi) baliqlar ham odamlarga yaxshilikni oʻrgatuvchiga salovot aytadilar» (Imom Termiziy rivoyati). Tadbir davomida taʼlim-tarbiya jarayonidagi namunali faoliyati, shogirdlar kamolotiga qoʻshgan munosib hissasi uchun ustozlar I.Roʻziqulov, X.Erqulov, T.Karimov, N.Sharipov va M.Begimov muassasa rahbariyatining Tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.
Tadbir koʻtarinki ruhda, samimiy muhitda oʻtdi. Muassasa jamoasi barcha ustoz va murabbiylarga mustahkam sogʻlik, mehnatlarida baraka va zafarlar tilab qoladi.
Alloh taolo ustozlarimizning ilmlarini manfaatli, amallarini maqbul qilsin, shogirdlarini ularga sadaqai joriya aylasin!
«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi Matbuot xizmati