Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir necha yil davomida Islomga yashirin daʼvat qildilar. Dastlab u zotga oz sonli insonlar imon keltirdilar. Ular Qurʼon taʼlimotini oʻrganib, imonlarini mustahkamlab bordilar.
Keyinchalik Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga daʼvatni oshkora qilishni va eng yaqin qarindoshlarini ogohlantirishni buyurdi (Shuaro surasi, 214-oyat). Shundan soʻng u zot Makkada Islomni ochiq-oydin targʻib qila boshladilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir kuni Safo tepaligiga chiqib, Quraysh qabilalarini chaqirdilar. Odamlar u zotning huzurlariga toʻplandilar. Chunki arablar u zotni yoshliklaridan rostgoʻy va ishonchli inson sifatida tanir edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ulardan:
– Agar sizlarga shu togʻ ortidan dushman otliq qoʻshin kelayotgani haqida xabar bersam, menga ishonasizlarmi? – deb soʻradilar.
Ular:
– Ha, ishonamiz. Biz sizdan hech qachon yolgʻon gap eshitmaganmiz, – deb javob berdilar.
Shunda u zot:
– Men qattiq azob oldidan sizlarga yuborilgan bir ogohlantiruvchi paygʻambarman, – dedilar (Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo rivoyati; Imom Buxoriy rivoyati, 4770).
Shunda Abu Lahab:
– Qurib ketgur! Bizni shuning uchun chaqirdingmi? – dedi.
Soʻng Alloh taolo u va uning xotini haqida Masad surasini nozil qildi:
تَبَّتْ يَدَا أَبِي لَهَبٍ وَتَبَّ ﴿١﴾ مَا أَغْنَىٰ عَنْهُ مَالُهُ وَمَا كَسَبَ ﴿٢﴾ سَيَصْلَىٰ نَارًا ذَاتَ لَهَبٍ ﴿٣﴾ وَامْرَأَتُهُ حَمَّالَةَ الْحَطَبِ ﴿٤﴾ فِي جِيدِهَا حَبْلٌ مِّن مَّسَدٍ ﴿٥﴾
Maʼnolar tarjimasi: “Abu Lahabning qoʻllari qurisin (oʻzi halok boʻlsin)! Quridi (halok boʻldi) ham. Mol-mulki va kasb qilgan narsalari unga asqotmadi. Yaqinda oʻzi ham, boʻynida pishiq toladan arqon boʻlgan xotini ham oʻtin tashigan holida lovullab turgan olovda yonadi” (Masad surasi, 1-5-oyatlar).
Ochiq daʼvat boshlanganidan keyin Qurayshning Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga qarshiligi yanada kuchaydi. Ular odamlarni Islomdan qaytarishga, musulmonlarni qoʻrqitishga va u zotning daʼvatlarini toʻxtatishga harakat qildilar.
Lekin Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu qarshilikdan qoʻrqmadilar. U zot Allohning amrini yetkazishda sabr, matonat va qatʼiyat bilan davom etdilar.
(Davomi bor…)
«Nurul Yaqin» kitobi asosida yozildi
✒️Roʻziqulov Ikrom “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi oʻqituvchisi





