Hikoyalarda aks etgan “qirq hadis”.
Farzandlarimiz uchun…
8-hadis
Nodir juda ham odobsiz bola edi. Oʻzining qoʻpol ishlari hamda sababsiz janjallari bilan ukalarini gʻashiga tegardi. Nodirning bu xatti-harakatlari onasini qattiq ranjitardi. Onasi unga: “Bolajonim, hech kimga ozor berma, atrofdagilarga yomon gapirma, dillarini ogʻritma”, – deb koʻp nasihat qilardi. U doim oʻzini haq va aybsiz deb hisoblar va shunday ekanligiga onasini ishontirishga harakat qilardi. Qolaversa, oʻzini mana shunday tutishga boshqalar sabab boʻlayotganini ham taʼkidlar edi.
Bir kuni onasi Nodir bilan bozor aylanib yurgan vaqtida unga: “Agar bugun hech kim bilan urushmasdan aqlli bola boʻlib yursang mana bu kamarlardan oʻzingga yoqqanini olib beraman”, – dedi. Uyga qaytganlarida bu gapdan Nodirning ukalari ham xabardor boʻlishdi. Shu sababdan kun davomida uni jahlini chiqarishga harakat qilishardi. Ammo harchand urinsalar ham uning jahlini chiqara olmadilar. Chunki u oʻzini qoʻlga olib boshqalar bilan urishmaslikka qatiy qaror qilgan edi. Kech boʻlganda onasi: “Oʻgʻlim, mana kun davomida sen birgina kamarga erishish uchun oʻzingni juda yaxshi tutding. Lekin aslida buni oddiy narsalar uchun emas, balki Alloh taolo shunday boʻlishini xohlagani va U xulqi goʻzal bandalarini yaxshi koʻrgani uchun qilishing kerak ” – dedi. Qaniydi Nodir Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamning ushbu hadislarini bilganida:
(من ترك المراء و هو محقّ بُني له في وسط الجنة)
“Men oʻzi haq boʻlsada tortishishni tark qilgan kishi tomondaman. Vaʼda beramanki, oʻzi haq boʻla turib insonlar bilan tortishmagan kishiga jannatda bir qasr bino qilinadi”.
Oxunjon AHMEDOV tarjimasi
«Koʻkaldosh» OʻMIBY mudarrisi






