Bugun, 27-iyun yurtimizda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni nishonlanmoqda. Ushbu bayram munosabati bilan “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurti rahbariyati taʼlim muassasasida fidoiy xizmat qilib kelayotgan matbuot xodimlarini samimiy muborakbod etadi.
Bu ayyom nafaqat oʻz hayotini shu sohaga bagʻishlagan fidoyi insonlar, balki ularning mashaqqatli ijod va mehnat mahsulidan bahramand boʻladigan millionlab mushtariylar, tinglovchi va tomoshabinlar, butun jamiyatimiz uchun ham qadrlidir.
Mana shunday kunlarda milliy matbuotimizning tamal toshini qoʻygan jadid bobolarimizning: “Matbuot fikrlar tilmochi, millat va el-yurt rivoji yoʻlida xizmatchi, odamlar ongu shuurining quyoshi, har kimning vijdoniga tutilgan koʻzgu boʻlmogʻi lozim” degan fikrlari hozirgi kunimiz uchun ham gʻoyat muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidlashimiz tabiiydir.
Maʼrifatparvar ajdodlarimizning bu olijanob orzu-intilishlari faqatgina mustaqilligimiz tufayli roʻyobga chiqdi.
Keyingi yillarda yurtimizda roʻy berayotgan tarixiy oʻzgarishlar natijasida ommaviy axborot vositalarini erkin fikr minbariga, xalqimiz manfaatlarining faol himoyachisiga aylantirish uchun mustahkam huquqiy zamin, ijtimoiy muhit yaratildi.


Bugun bilim yurtimizda ana shunday fidoiy hizmat qilib kelayotgan bir nechta matbuot xodimlari taqdirlandi. Jumladan Matbuot kotibi R.Ahundjanov, operator M.Miraʼzamov, sayt muharriri T.Parpievlar maqtov yorligʻlari, hamda bir oylik ish haqqi miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandilar.





Shuningdek, taʼlim muassasasini obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirishda faol mehnat qilib kelayotgan madrasa bogʻboni J.Umarov ham maqtov yorligʻi, hamda bilim yurti mudiri Abdulhakim qori Matqulov tomonidan shaxsan taqdim qilingan qoʻchqor bilan taqdirlandi.


Alloh taolodan xodimlarimiz mehnatlarini ajrini ziyoda qilib berishini soʻraymiz, hamda ularning kelajakdagi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilab qolamiz!


Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi A.Gʻaniev






