“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurtida “Korrupsiya— taraqqiyot tahdidi” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Asosiy maqsad jamiyatda halollik, adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlash, yoshlar ongida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan masalalar muhokama qilindi.
Tadbirda madrasa mudarrisi S. Saidakramov tomonidan mazmunli va dolzarb maʼruza qilindi. Maʼruzada korrupsiyaning jamiyat va davlat taraqqiyotiga salbiy taʼsiri, uning ijtimoiy, iqtisodiy va maʼnaviy hayotdagi zararli oqibatlari atroflicha yoritib berildi. Shuningdek, korrupsiyaning kelib chiqish sabablari, tarixiy ildizlari va turli davrlarda jamiyat taraqqiyotiga solgan tahdidlari misollar asosida tushuntirildi.


Tadbir davomida S. Saidakramov tomonidan tayyorlangan slaydli taqdimot namoyish etildi. Unda korrupsiya tushunchasi, uning shakllari, paydo boʻlish omillari, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali usullari tizimli tarzda bayon qilindi. Ayniqsa, islom taʼlimotida halollik, poklik va adolatning yuksak qadriyat ekani, pora va zulmning qatʼiyan qoralanishi Qurʼon oyatlari va hadislar asosida izohlandi.



Maʼruzada Yurtboshimiz tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, qabul qilinayotgan qonunlar va dasturlar, shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan mexanizmlar haqida ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Ushbu islohotlarning jamiyat taraqqiyoti, davlat boshqaruvi samaradorligi va fuqarolarning huquqiy ongini oshirishdagi oʻrni taʼkidlandi.
Mazkur tadbirda bilim yurti pedagog-tarbiyachisi A. Abdusattoriy, ustozlar hamda talaba-yoshlar faol ishtirok etishdi.
Tadbir yakunida talabalar korrupsiyaga qarshi kurashish har bir fuqaroning, ayniqsa, diniy bilim sohiblarining muhim burchi ekani, halollik va masʼuliyat jamiyat ravnaqi garovi ekanini chuqur anglab yetdilar. Mazkur tadbir talabalarda vatanparvarlik, adolatparvarlik va qonunga hurmat ruhini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
🖋 Saidakramov Saidazimxon
“Koʻkaldosh” OʻMIBY Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi uslubchisi






