23-aprel kuni “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurtiga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Taʼlim va ilmiy-tadqiqot boʻlimi mudir oʻrinbosari Akbar Doʻsmatov va Masjidlar boʻlimi mudiri Muzaffar Kamolov ishtirokida bitiruvchi kurs talabalari bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.


Uchrashuvda “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurti oʻquv ishlar boʻyicha mudir oʻrinbosari Nodir domla Jalolov, bilim yurti yoshlar bilan ishlash, maʼnaviy va maʼrifiy ishlar boʻyicha boʻlim boshligʻi Abduvosi domla Gʻaniyev hamda oʻquv uslubiy boʻlim boshligʻi Jaloliddin domla Xolmoʻminov ham ishtirok etib, bitiruvchilar ish taqsimoti loyihasi bilan tanishtirildi.


Ularga, yurtimizdagi masjidlarga imom-xatib, noib imom vazifalarida ishlash uchun yoʻllanma beriladi.
Bakalavr bosqichida taʼlimni davom ettirmoqchi boʻlgan bitiruvchilar Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy diniy taʼlim muassasalaridan biriga yoki Respublikadagi boshqa oliy taʼlim muassasalaridan biriga hujjat topshirishlari mumkin aytib oʻtildi.


Xalqning diniy ehtiyojlarini qondirishda masjidlar hamda diniy xodimlarning xizmati katta oʻrin tutadi. Masjid imom va noiblari jamoatga namozlarni ado qilib berishi bilan birga kundalik masalalarda musulmonlarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatishi, ularning dardiga quloq solib, qiynayotgan muammolariga yechim topish orqali ijtimoiy hayotda faol ishtirok etadilar. Shuning uchun boʻlajak imom-xatib vazifasida ishlovchi talabalarning ilmiy saviyasi, dunyoqarashi va shaxsiy sifatlari talab darajasida boʻlishi lozim.
Masjid mehrobi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan meros ekan, U zotga munosib boʻladigan diniy soha xodimlarini tayyorlash asosiy vazifa hisoblanadi.
“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurti matbuot xizmati






