Bismillahir rohmanir rohim
Sabr qilguvchilar bilan birga ekanini O‘z kalomida e’lon qilgan Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo’lsin!
“Sabr ziyodir”, deya ummatlariga go‘zal axloqlar yo‘lini ko‘rsatgan Rasulimiz Muhammad Мustafoga mukammal salavotu salomlar bo‘lsin!
Sabr insoniy fazilatlarning eng go’zali, dinimiz eng ko’p targ’ib qilgan fazilatlardandir. “Sabr” so’zi “toqatli bo’lish, bardosh berish, chidash” degan ma’nolarni anglatadi. Qiyinchilik va musibatlarga bardosh berish, jismoniy va ruhiy bosim va og’riqlarga chidash hamda iztirob paytida qalbning sobit turishiga “sabr” deyiladi.
Alloh taolo kalomi Qur’oni karimning 100 ga yaqin oyati karimasida mo’min-musulmonlarni sabr, chidam va bardoshga chaqirgan. Quyida o’sha oyatlardan ba’zilarini qisqacha o’rganamiz.
Alloh taolo toatlarga sabr qilish haqida shunday marhamat qiladi:
وَاسْتَعِينُوا بِالصَّبْرِ وَالصَّلَاةِ وَإِنَّهَا لَكَبِيرَةٌ إِلَّا عَلَى الْخَاشِعِينَ
(Allohdan) “Sabr va namoz ila yordam so‘rangiz. Darhaqiqat, u (namoz) og‘ir ishdir. Illo, itoatli (xokisor) kishilarga (og‘ir) emas” (Baqara surasi, 45-oyat).
Bu oyatdagi “yordam so’rangiz” deb tarjima qilingan ibora arab tilida “Ista’iynu” deb kelgan. Bu so’zning ma’nosi bir ishni amalga oshirish bilan birga, yana qo’shimcha yordam so’rashni anglatadi.
Shuning uchun ham musulmon kishi bir ishga astoyidil kirishadi va shu bilan birga, Alloh taolodan yordam so’raydi. Sabr ko’pchilik xayol qilganidek, salbiy ma’nodagi tushuncha emas. Ya’ni, nima bo’lganda ham sabr qilyapman, deb harakatsiz turish sabr emas. Aksincha, sabr – Alloh taoloning buyruqlarini bajarish jarayonida duch keladigan mashaqqatlarni yengish demakdir.
Barchamizga ma’lum bo’lgan Asr surasida ham Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
وَالْعَصْرِ إِنَّ الْإِنْسَانَ لَفِي خُسْرٍإِلَّا الَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ وَتَوَاصَوْا بِالْحَقِّ وَتَوَاصَوْا بِالصَّبْرِ
Ya’ni: “Asr bilan qasamyod eturmanki, (har bir) inson ziyonda (baxtsizlikda)dir! Faqat iymon keltirgan va solih amallarni qilgan, bir-birlariga haqiqatparvar bo‘lishni tavsiya etgan va bir-birlariga sabrli bo‘lishni tavsiya etgan zotlargina bundan mustasnodirlar”.
Demak, inson ikki dunyoda badbaxt bo’lib qolmaslik uchun to’rtta sifatga ega bo’lishi kerak:
— Allohga iymon keltirishi;
— Solih amallar qilishi;
— Haq yo’lga chaqirish;
— Sabrga chaqirish.
Haq yo’lda yurish va unga kishilarni chaqirish oson emas. Haq yo’lda yurmoqchi bo’lgan shaxs o’zining havoyi nafsiga, odamlarning zulmiga va boshqa ko’pgina narsalarga qarshi chiqib, chidam bilan ish olib borishi kerak. Shuning uchun ham oyatning davomida sabrga chaqiriq bor.
Endi sabr tushunchasi haqida kelgan bir nechta hadislarni ko‘ rib chiqsak.
عن أبي سعيدالخدري رضي الله عنه قال: إنَّ نَاسًا مِنَ الأنْصَارِ سَأَلُوا رَسولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ فأعْطَاهُمْ، ثُمَّ سَأَلُوهُ فأعْطَاهُمْ، ثُمَّ سَأَلُوهُ فأعْطَاهُمْ، حتَّى نَفِدَ ما عِنْدَهُ، فَقَالَ: ما يَكونُ عِندِي مِن خَيْرٍ فَلَنْ أدَّخِرَهُ عَنْكُمْ، ومَن يَسْتَعْفِفْ يُعِفَّهُ اللَّهُ، ومَن يَسْتَغْنِ يُغْنِهِ اللَّهُ، ومَن يَتَصَبَّرْ يُصَبِّرْهُ اللَّهُ، وما أُعْطِيَ أحَدٌ عَطَاءً خَيْرًا وأَوْسَعَ مِنَ الصَّبْرِ. رواه الخمسة.
Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Ansorlardan bir qancha odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan (mol-mulk) so’radilar. Bas, u zot ularga berdilar. So’ngra yana so’radilar, yana berdilar. So’ngra yana so’radilar, yana berdilar. Hatto huzurlaridagi narsa tugadi. Shunda u zot:
“Huzurimda nima yaxshilik bo’lsa, sizlarga bermay olib qolmasman. Kim iffat talab bo’lsa, Alloh uni iffatli qilur. Kim behojatlik talab qilsa, Alloh uni behojat qilur. Kim sabr talab qilsa, Alloh uni sabrli qilur. Hech kimga sabrdan ko’ra yaxshiroq va kengroq ato berilmagan”, dedilar”.
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Abu Molik Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “…Sabr ziyodir…”, dedilar”.
Muslim, Termiziy va Nasoiy rivoyat qilishgan.
Ziyo – bir jismning o’zidan chiqqan yorug’likdir. Misol uchun, quyoshdan chiqqan yorug’lik ziyo deyiladi.
Bir jism o’zidan boshqadan olgan yorug’likni qaytarib chiqarsa, bu nur deyiladi. Masalan, oy quyoshdan olgan yorug’likni qaytarib chiqargani uchun oyning yorug‘ligi nur deyiladi.
Sabrning ziyo bo’lishi shundaki, avvalo inson sabr ila ma’siyatlar zulmatidan chiqadi. Qolaversa, sabr bora-bora mo’min insonning qalbidagi ziyoga aylanadi. Shuningdek, sabrning ziyosi mo’min kishiga qabrida ham, qiyomat kunida ham foyda beradi. Chunki, sabrning ziyosi quyoshning ziyosidan yorqinroq va quvvatliroqdir.
Fuzayl ibn Iyoz aytadi: “Men sabrni bir bolakaydan o’rgandim. Bir gal masjidga borsam, bir ayol hovlisi ichida o‘g‘lini urar edi. Bolakay esa bor ovozi bilan baqirgan edi, onasi eshikni ochdi va bola qochib ketgach, yana eshikni yopib qo’ydi. Masjiddan qaytayotib haligi bolakayga ko’zim tushdi. Bolakay biroz yig’lagach, onasining rahmini keltirib, eshigi ostonasida uxlab qoldi. Onasining qalbi yumshab, eshikni ochdi. Bu voqeadan ko’zimga yosh keldi, xatto soqolim ko’z yoshi sababli nam bo’ldi. Shunda: “Subhanalloh! Agar banda ham Alloh taoloning eshigi oldida sabr qilib tursa, albatta U Zot o’sha bandaning qarshisida eshigini ochadi”, dedim”.
Sabrning foydalaridan bir nechtasini sanab o’tamiz:
- Sabr og’ir vaziyatlarda nafsni tutishga yordam beradi.
- Sabr xavf tug’ilganda o’zini o’nglab olishga yordam beradi.
- Sabr g’azabni qo’zg’aydigan narsalar sodir bo’lganda o’zini tutib olishga yordam beradi.
- Sabr tamagirlik qo’ziydigan vaziyatlarda o’zini o’nglab olishda asqotadi.
- Sabrning samarasi Alloh taoloning va odamlarning muhabbatidir.
- Sabr jannatga erishish va do’zaxdan qutulishdir.
- Sabr Alloh taoloning rahmati va barokatidir.
Alloh taolo barchalarimizni O’zining sobir, yani sabr qilguvchi bandalaridan aylasin, boshiga mashaqqat yo musibat tushganda O’ziga yolboruvchi va O’zidan yordam kutuvchi bandalari safidan qilsin, O’zi va’da qilganidek sabrlarimiz evaziga ulkan ajr-mukofatlarini bersin!
Manbalar asosida “Ko’kaldosh” o’rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi Eshniyozov Ibrohim tayyorladi.