Hikoyalarda aks etgan “qirq hadis”.
Farzandlarimiz uchun…
22-hadis
Uchta ayol qoʻllarida katta savatlar bilan bozordan qaytar edi. Ular yoʻl chetidagi oʻrindiqqa dam olish uchun oʻtirib farzandlari haqida gap boshladilar. Biri oʻgʻli jismonan juda baquvvat ekani va bir necha daqiqa davomida qoʻllari orqali yura olishi mumkinligini aytdi.
Ikkinchisi esa farzandi xushovoz ekani va hamma uning ajoyib qoʻshiqlariga mahliyo boʻlishini aytib maqtandi.
Uchinchisi esa jimgina ularni eshitib oʻtirar edi. Ayollar undan nega jim oʻtirganini soʻraganlarida: “Mening farzandimda aytishga arzirlik biror qobiliyat yoʻq” – deb javob berdi. Shu payt ayollarning bu suhbatiga guvoh boʻlib qolgan nuroniy otaxon ularning izidan yurib ketdi.
Koʻchaning muyulishiga yetib kelishganida ayollar hammasi savatlarini yerga qoʻyib yorilgan qoʻllariyu, toliqib ketgan bellarini uqalay boshladilar. Shu tobda ularni koʻrgan farzandlari yugurib keldilar. Shunda bir bola onasining oldida oʻmbaloq oshib qoʻllarida yura boshladi. Ikkinchisi bir harsang toshni ustiga chiqib olib onasi yoqtirgan qoʻshiqni ayta boshladi. Ayollar ularni maʼqullab olqishladilar.
Uchinchi bola esa onasining oldiga kelib: “Onajon, charchamadingizmi, keling men sizga yordamlashaman,”- deb onasining savatini qoʻliga oldi. Ayollar yonilaridan oʻtib ketayotgan boyagi otaxondan farzanlarining qobiliyati borasida fikr bildirishini soʻrashdi.
Otaxon esa: “Men bu yerda faqat bittagina qobiliyatli bolani koʻrdim. U onasiga yordam berishga shoshilgan boladir. Zero u Rosululloh sollallohu alayhi va sallam aytgandek ish tutdi. Zero, u zot shunday degan edilar:
أوصي إمرأ بأمه
Har bir kishiga onasiga yaxshilik qilishni vasiyat qilaman.
Oxunjon AHMEDOV tarjimasi
«Koʻkaldosh» OʻMIBY mudarrisi






