Ilmning fazilati har bir davr va zamonda dalil-isbotga muhtoj boʻlmagan, oʻz-oʻzidan maʼlum haqiqat boʻlib kelgan. Zero, ilm va ilm ahlining fazilatini kim bilmaydi? Qanday ham bilmasin?! Axir ilm – Buyuk va Oliy Zotning sifatlaridan biridir.
Shunga qaramay, bu masala va ilm ahli haqida Qurʼon oyatlari, hadislar va salaflarning soʻzlari juda koʻp kelgan, bu borada koʻplab rivoyatlar naql qilingan. Biz ulardan ayrimlarini yodga olish va eslatish maqsadida keltirib oʻtamiz.
Bilginki, ilmning fazilati juda ulugʻ, sharafi esa nihoyatda yuksakdir. Alloh taolo ilm sababli qanchadan-qancha oddiy, past martabali kishilarni sharafli insonlar darajasiga koʻtargan, arzimas sanalgan qanchadan-qancha kishilarni ulamolar safidan joy oladigan darajaga yetkazgan. Ilm sababli Odam alayhissalom oliy majlisda sharaf topganlar, ilm ahli esa shu ilm tufayli yuksak darajalarga erishgan.
Alloh – ulugʻ va aziz Zot – shunday marhamat qiladi:
“Adolatda (barqaror) turib, Alloh guvohlik beradi: “Allohdan oʻzga iloh yoʻqdir”. Farishtalar va ilm egalari ham (buni taʼkidladilar). (Albatta,) qudratli va hikmatli Allohdan oʻzga iloh yoʻqdir” (Oli Imron surasi, 18-oyat)[1].
Yana Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Va ayting: “Ey Robbim, ilmimni ziyoda qil!”” (Toha surasi, 114-oyat)[2].
Shuningdek, U Zot aytadi:
“Allohdan bandalari orasida faqat olimlargina chin qoʻrqadilar” (Fotir surasi, 28-oyat)[3].
Yana U Zotning shunday marhamati bor:
“Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng boʻladilarmi?”” (Zumar surasi, 9-oyat)[4].
Alloh taolo yana marhamat qiladi:
“Alloh sizlardan iymon keltirganlarni va ilm berilgan zotlarni darajalar bilan yuksaltiradi” (Mujodala surasi, 11-oyat).
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
“Kim ilm talab qilib bir yoʻlga kirsa, Alloh uni jannatga olib boruvchi yoʻlga boshlaydi. Albatta, farishtalar ilm talab qiluvchidan rozi boʻlganlari sababli qanotlarini uning uchun yoyadilar[5]. Olim uchun osmonlaru yerdagi barcha mavjudotlar, hatto suvdagi baliqlar ham magʻfirat soʻraydi. Olimning obidga nisbatan fazilati xuddi oyning boshqa yulduzlarga nisbatan fazilati kabidir. Albatta, ulamolar paygʻambarlarning merosxoʻrlaridir. Paygʻambarlar dinor ham, dirham ham meros qoldirmaganlar, ular faqat ilmni meros qoldirganlar. Kim ana shu ilmni olsa, ulkan nasibaga ega boʻlibdi”[6].
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumo rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidlarida ikki majlis yonidan oʻtib, shunday dedilar:
“Ikkalasi ham yaxshilik ustida. Ammo biri ikkinchisidan afzalroq. Anavilar Allohga duo qilib, Undan yaxshilik umid qilmoqdalar: U xohlasa, ularga beradi, xohlasa, bermaydi. Bular esa fiqh va ilmni oʻrganmoqdalar hamda bilmaganlarga taʼlim bermoqdalar. Bular afzalroqdir. Men esa muallim qilib yuborilganman”[7].
Soʻng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ular orasiga oʻtirdilar.
Ali roziyallohu anhu va karromallohu vajhahudan rivoyat qilingan hikmatli soʻzlardan biri:
“Ilmning sharafi uchun shuning oʻzi kifoyaki, uni yaxshi bilmaydigan kishi ham oʻzini ilmga nisbat berishni istaydi va unga olim deb murojaat qilinsa, xursand boʻladi. Jaholatning aybi uchun esa shuning oʻzi kifoyaki, jaholatda yurgan kishi ham undan oʻzini pok koʻrsatishga urinadi va unga johil deb nisbat berilsa, gʻazablanadi”[8].
Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U zot shunday deganlar:
“Bir soat fiqhni (dinni chuqur anglashni) oʻrganish men uchun bir kechani bedor oʻtkazib, ibodat qilishdan sevimliroqdir”[9].
Rivoyat qilinishicha, Basra ahli oʻzaro ixtilof qilib qolishdi. Baʼzilari: “Ilm moldan afzal”, – deyishdi. Boshqalari esa: “Mol ilmdan afzal”, – deyishdi. Shundan soʻng ular Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumoning huzurlariga bir kishini elchi qilib yuborishdi.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo: “Ilm afzal”, – dedilar.
Elchi: “Agar ular mendan buning dalilini soʻrashsa, nima deb javob beraman?” – deb soʻradi.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo dedilar: “Ularga ayt:
– Ilm paygʻambarlarning merosi, mol esa firʼavnlarning merosidir.
– Ilm seni qoʻriqlaydi, molni esa sen qoʻriqlaysan.
– Alloh ilmni faqat Oʻzi sevgan kishiga beradi. Molni esa sevgan kishisiga ham, sevmagan kishisiga ham beradi, hatto sevmagan kishisiga koʻproq berishi ham mumkin. Alloh azza va jallaning ushbu soʻzini koʻrmaysanmi: “Agar (imon keltirmaganlarning toʻq yashayotganlarini koʻrib) odamlar bir millat (kofir) boʻlib olishlari boʻlmaganida edi, albatta, Rahmonga kofir boʻladigan kimsalarga uylarining shiftlarini ham, unga chiqadigan narvonlarni ham kumushdan qilib qoʻygan boʻlur edik” (Zuxruf surasi, 33-oyat).
– Ilm boshqalarga berish va sarflash bilan kamaymaydi, mol esa berish va sarflash bilan kamayadi.
– Mol egasi vafot etsa, uning nomi va zikri uziladi. Ilm egasi vafot etsa, uning nomi va zikri davom etadi.
– Mol egasi goʻyo oʻlikdir, ilm egasi esa oʻlmaydi. Shuningdek, mol egasidan har bir dirhami haqida: “Uni qayerdan topding va qayerga sarflading?” – deb soʻraladi. Ilm egasi esa yetkazgan har bir ilmi uchun bir darajaga ega boʻladi”[10].
Abu Muslim al-Xavloniy[11] rahimahulloh shunday degan:
“Olimlarning yerdagi misoli osmondagi yulduzlar kabidir. Ular koʻrinib tursa, odamlar ular orqali yoʻl topadilar. Agar ular koʻrinmay qolsa, odamlar hayron boʻlib, yoʻldan adashadilar”[12].
Sahl ibn Abdulloh at-Tustariy[13] rahimahulloh shunday degan:
“Kim paygʻambarlarning majlislariga nazar solishni istasa, ulamolarning majlislariga qarasin. Chunki ular oʻz ummatlari orasida paygʻambarlarning xalifalari va ilmlarining merosxoʻrlaridir. Bas, ularning majlislari nubuvvat (paygʻambarlik) xalifaligi majlislaridir”[14].
Hasan Basriy rahimahulloh[15] aytgan:
“Olimning vafoti Islomga tushgan bir yoriqdir: kecha bilan kunduz almashinib turar ekan, uni hech narsa toʻldira olmaydi”.
Yana u zotdan rivoyat qilinadi:
“Agar olimlar boʻlmaganida, odamlar chorva hayvonlari kabi boʻlib qolardi”[16].
Imom Navaviy “Al-Majmuʼ” asarining muqaddimasida shunday deydi:
“Ulamolar ittifoq qilganlarki, ilm bilan mashgʻul boʻlish nafl roʻza, nafl namoz, tasbeh va badan bilan ado etiladigan boshqa nafl ibodatlardan afzaldir.
Bunga yuqorida zikr qilingan dalillardan tashqari quyidagilar ham dalildir:
Birinchidan, ilmning foydasi uning sohibiga ham, barcha musulmonlarga ham yetadi, zikr qilingan nafl ibodatlarning foydasi esa faqat ularni ado etuvchi kishining oʻziga tegishlidir.
Ikkinchidan, ilm boshqa ibodatlarni toʻgʻrilovchi va ularning toʻgʻri ado etilishiga sabab boʻluvchidir. Boshqa ibodatlar ilmga muhtoj, ilm esa ularga muhtoj emas.
Uchinchidan, ulamolar paygʻambarlarning merosxoʻrlaridir. Ibodat bilan mashgʻul boʻlgan kishilar esa bu sifat bilan sifatlanmaydi.
Toʻrtinchidan, obid (koʻp ibodat qiluvchi kishi) oʻz ibodatida va boshqa ishlarida olimga ergashadi, undan oʻrnak oladi va unga taqlid qiladi. Unga itoat qilish ham vojib boʻladi. Olim esa obidga ergashmaydi.
Beshinchidan, ilmning foydasi va taʼsiri ilm sohibi vafot etganidan keyin ham davom etadi, nafl ibodatlarning foydasi esa ularni ado etuvchi kishining vafoti bilan toʻxtaydi[17].
Oltinchidan, ilm Alloh taoloning sifatlaridandir.
Yettinchidan, ilm – yaʼni biz soʻz yuritayotgan ilm – farzi kifoyadir. Shu sababli u nafl ibodatdan afzaldir”.
Ilmning fazilati haqida ulamolar keltirgan goʻzal sheʼrlardan biri Abul Asvad Zolim ibn Amr ad-Duʼaliyning[18] quyidagi baytlaridir:
Ilm – tugamaydigan xazina, bitmas boylikdir.
Kishi mol-dunyo jamgʻarishi mumkin, soʻng undan mahrum ham boʻlishi mumkin.
Ilm – inson uni hamroh qilsa, naqadar yaxshi hamrohdir.
Ilmni jamlagan kishi esa doimo manfaatdor va havas qilinadigan holatda boʻladi.
Ey ilmni jamlovchi! Naqadar yaxshi xazina toʻplayapsan!
Uning qoʻldan ketishi yoki tortib olinishidan xavf yoʻq.
Ilmni hech qachon dur-u javohir yoki oltin bilan tenglashtirma![19]
Yana bir shoir shunday degan:
“Podshohlar odamlar ustidan hukmronlik qiladilar,
ulamolar esa podshohlarning oʻzlari ustidan hukm yuritadilar”[20].
Yana bir shoir shunday degan:
“Ilm nasabi va martabasi past kishini ham yuksak maqomlarga koʻtaradi,
jaholat esa asl nasabli yigitni ham tubanlikda qoldiradi”[21].
Ushbu fazilatlarning manbai boʻlgan ilmning haqiqati
Shuni bilingki, ilm fazilati haqida yuqorida zikr qilingan barcha gaplar Alloh taolo – hamma narsani Biluvchi va barcha narsadan Xabardor Zot – tomonidan Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yetkazilgan ilmga taalluqlidir. Yaʼni Kitob ilmlari, Sunnat ilmlari va shu ikkisidan chiqarib olingan hukm va bilimlar nazarda tutiladi.
Ushbu ilmlarni anglashga olib boruvchi vosita ilmlari – nahv, ishtiqoq, maʼoniy va shunga oʻxshash fanlar ham shu jumlaga kiradi. Chunki bu ilmlar mazkur asosiy ilmlarni anglashga xizmat qiladi. Shu bois ular ham oʻsha fazilat, savob va ilm talab qilish haqidagi hukmlarga kiradi.
Bulardan boshqa fanlarga kelsak, ular kasb-hunar, turli sohalar va tirikchilik uchun xizmat qiladigan vositalardir. Garchi ehtiyoj va zarurat sababli ularni oʻrganish ham talab qilinsa-da, ular yuqorida zikr qilingan yuksak fazilatlar bilan bevosita bogʻliq emas.
Agar kishi bu kasbni yaxshi niyat bilan qilsa, uning fazilati yanada ulugʻ boʻladi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
“Rostgoʻy va omonatdor savdogar paygʻambarlar, siddiqlar va shahidlar bilan birgadir”[22].
Muftiy Mujiburrahmon an-Nadviyning qizining “Al-Hodiy ila riyozil-fiqh val-fuqaho” kitobi tarjimasidan
Kamoliddin domla Mirzayev
«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi oʻqituvchisi
[1]Shayx Abdulaziz Mansur. “Qurʼoni Karim maʼnolarining tarjima va tafsiri”. – Toshkent: “Toshkent islom universiteti” nashriyoti, 2012.
[2]Shayx Abdulaziz Mansur. “Qurʼoni Karim maʼnolarining tarjima va tafsiri”. – Toshkent: “Toshkent islom universiteti” nashriyoti, 2012.
[3]Shayx Abdulaziz Mansur. “Qurʼoni Karim maʼnolarining tarjima va tafsiri”. – Toshkent: “Toshkent islom universiteti” nashriyoti, 2012.
[4]Shayx Abdulaziz Mansur. “Qurʼoni Karim maʼnolarining tarjima va tafsiri”. – Toshkent: “Toshkent islom universiteti” nashriyoti, 2012.
[5]Najm al-Gʻazziy rahimahulloh shunday degan: “Ilm talab qiluvchiga farishtalarning qanotlarini yoyishi haqida Alloh taolo menga shunday bir maʼnoni ilhom qildi: farishtalar ilm talab qiluvchi va olimning zimmasida oʻzlari uchun ikki haq borligini koʻrdilar.
Birinchisi: u ularning ustozi va muallimi – Odam alayhissalomning farzandidir.
Ikkinchisi: u oʻz otasiga ergashishni hamda ilm oʻrganish va oʻrgatishda unga oʻxshashni xohladi.
Shuning uchun farishtalar Odam farzandlaridan boʻlgan barcha moʼminlarga nisbatan qalblaridagi mehr-shafqatdan tashqari, unga kamtarlik yuzasidan qanotlarini yoyishni alohida xususiyat qildilar. Bu xuddi Odam alayhissalomga sajda qilish orqali kamtarlik koʻrsatganlari kabidir” (“Husnut-tanabbuh”, “Farishtalarga oʻxshash” bobi, 85-oʻxshatish).
Men aytaman: bu Alloh taolo Gʻazziyga ilhom qilgan nozik maʼnolardandir.
[6]Imom Termiziy rivoyati, 2682; Imom Abu Dovud rivoyati, 3641; Ibn Moja rivoyati, 223.
[7]Imom Dorimiy rivoyati, 353.
[8]Zamaxshariy. “Robiʼul-abror va nususul-axyor”, “Ilm, hikmat va odob” bobi.
[9]Xatib Bagʻdodiy. “Al-Faqih val-mutafaqqih”, 55-raqam.
[10]Faqih Abu Lays as-Samarqandiy. “Tanbihul-gʻofilin”, “Ilm talab qilishning fazilati” bobi.
[11]Abu Muslim Abdulloh ibn Savb al-Xavloniy – faqih, zohid va ulugʻ tobeʼinlardan biri. Asli Yamandan. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etishlaridan oldin Islomni qabul qilgan. Vafoti: hijriy 60 yoki 62-yil. Manbalar: “Hilyatul-avliyo” va “Tazkiratul-huffoz”.
[12]Imom Navaviy. “Al-Majmuʼ sharhul-Muhazzab”, muqaddima.
[13]Abu Muhammad – mashhur imom boʻlib, ixlos ilmi va riyozat (nafsni tarbiyalash) masalalarida soʻz yuritgan. U ilm bilan zohidlikni oʻzida jamlagan. Aytishlaricha, u har oʻn besh kunda bir marta ovqatlanar edi. Zun-Nun al-Misriy bilan suhbatdosh boʻlgan. Uning Qurʼon tafsiri ham bor. Vafoti: hijriy 223-yil. Manbalar: Ibn al-Asirning “Al-Muxtor” asari va “Tabaqotus-sufiyya”.
[14]Xatib Bagʻdodiy. “Al-Faqih val-mutafaqqih”, 136-rivoyat.
[15]U – Hasan ibn Yasor, kunyasi Abu Saʼid, Zayd ibn Sobitning mavlosi (ozod qilingan quli). Tobeʼinlardan va Basra ahlining imomi edi. U ilm, hadis va zuhdda (dunyoga berilmaslik, taqvodorlikda) yetakchi, mustaqil ijtihod qiluvchi imom va oʻz fiqhiy qarashlariga ega faqih boʻlgan. Mashhur hadis toʻplamlarining mualliflari undan hadis rivoyat qilganlar. Vafoti: hijriy 110-yil.
[16]Faqih Abu Lays as-Samarqandiy. “Tanbihul-gʻofilin”, “Ilm ahli majlislarining fazilati” bobi.
[17]Buning maʼnosi shuki, yaxshiligi va foydasi kengroq boʻlgan amal foydasi faqat kishining oʻziga tegishli boʻlgan amaldan afzaldir. Imom Saraxsiy roziyallohu anhu “Al-Kasb” kitobida shunday deydi: “Foydasi kengroq boʻlgan narsa afzaldir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Insonlarning eng yaxshisi – odamlarga eng koʻp naf yetkazadiganidir”, – deganlar. Shuning uchun ilm talab qilish bilan mashgʻul boʻlish faqat ibodatga berilib ketishdan afzaldir. Chunki ilmning foydasi kengroqdir”.
[18]U – Zolim ibn Amr ibn Sufyon ad-Duʼaliy al-Kinoniy. Tobeʼinlardan boʻlib, nahv (arab tili grammatikasi) ilmining asoschilaridan edi. Faqihlar, ulugʻ zotlar va shoirlar qatorida ham sanalgan. Vafoti: hijriy 69-yil. Manbalar: “Vafayot al-aʼyon” va “Xizonatul-adab”.
[19]Ushbu baytlarni Xatib Bagʻdodiy “Al-Faqih val-mutafaqqih” asarida 182-raqam bilan keltirgan.
[20]Ushbu baytning muallifini aniqlay olmadim.
[21]Bu bayt “Al-Mujolasa va javohirul-ilm” asarida Salt ibn Masʼudning sheʼrlaridan biri sifatida keltirilgan (2563-raqam).
[22]Imom Termiziy rivoyati, 1209; Ibn Moja rivoyati, 2139. Bu yerda keltirilgan lafz Termiziy rivoyatidagi lafzdir.






