Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurti mudiri Maʼmurjon domla Erkayev «Nazarbek» talabalar turar joyiga tashrif buyurdi. Unga Maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻyicha mudir oʻrinbosari Abdulvosi domla Gʻaniyev hamrohlik qildi.




Bilim yurti mudirining tashrifidan maqsad, talabalar turar joyida yoshlar uchun darsdan tashqari vaqtlarini mazmunli oʻtkazishga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishish, amalga oshirilgan ishlarni koʻzdan kechirish va kelgusida talabalar boʻsh vaqtlarini samarali tashkil etish uchun bajarilishi lozim boʻlgan vazifalarni belgilashdan iborat boʻldi.
Tashrif davomida Mudir domla talabalar yashaydigan xonalarni koʻzdan kechirdi. U yerda istiqomat qilayotgan talabalar bilan suhbatlashib, uy vazifalarini bajarish, boʻsh vaqtlarida sport bilan shugʻullanish, kitob mutolaa qilish uchun yaratilgan sharoitlar haqida oʻz fikrlarini bildi. Shuningdek, u talabalarning sharoitlarni yanada yaxshilash borasidagi taklif va istaklarini ham tingladi.
Maʼmurjon domla Erkayev tashrif davomida turar joydagi kutubxonaga alohida toʻxtaldi. U kutubxonaning talabalar maʼnaviy-maʼrifiy hayotida tutgan oʻrnini yuqori baholab, bu maskan faqatgina darsliklar saqlanadigan joy emas, balki talabalarning boʻsh vaqtini samarali oʻtkazish, dunyoqarashini kengaytirish va ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qilishi kerakligini taʼkidladi. Kutubxonaning mavjud fondi bilan tanishar ekan, u ilmiy, diniy va maʼnaviy-maʼrifiy adabiyotlar bilan bir qatorda, badiiy asarlar sonini koʻpaytirish lozimligini qayd etdi. Ayniqsa, klassik va zamonaviy adabiyotlar, dunyo va oʻzbek adabiyoti namunalari, tafsir va hadis kitoblari, shuningdek, yoshlar tarbiyasiga xizmat qiladigan ilmiy-ommabop nashrlarni jamlash boʻyicha tavsiyalar berdi.



Tashrif yakunida, mudir talabalar uchun yashash sharoitlarini yanada yaxshilash, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish va ayniqsa, kutubxona faoliyatini yanada jonlantirish orqali ularning maʼnaviy olamini boyitish uchun zarur vazifalarni belgilab berdi.
SaidAzimxon Saidakramov
Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurti oʻqituvchisi






