Bugun 17-aprel kuni “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurtida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Taʼlim va ilmiy-tadqiqot boʻlimi yetakchi mutaxassisi Muhammadyahyo Xodjayev va Masjidlar boʻlimi yetakchi mutaxassisi Dilmurod Rahimov ishtirokida bitiruvchi kurs talabalari bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurti mudiri Maʼmurjon domla Erkayev, oʻquv ishlar boʻyicha mudir oʻrinbosari Nodir domla Jalolov, bilim yurti yoshlar bilan ishlash hamda maʼnaviy va maʼrifiy ishlar boʻyicha mudir oʻrinbosari Abduvosi domla Gʻaniyev ishtirok etib, bitiruvchilar ish taqsimoti loyihasi bilan tanishtirildi. Ularga, mazkur loyihaga asosan yurtimizdagi masjidlarga imom-xatib va imom noibi vazifalarida ishlash uchun yoʻllanma beriladi. Bakalavr bosqichida taʼlimni davom ettirmoqchi boʻlgan bitiruvchilar Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy diniy taʼlim muassasalaridan biriga yoki Respublikadagi boshqa oliy taʼlim muassasalaridan biriga hujjat topshirishlari mumkinligi aytib oʻtildi.



Xalqning diniy ehtiyojlarini qondirishda masjidlar hamda diniy xodimlarning xizmati katta oʻrin tutadi. Masjid imom va noiblari jamoatga namozlarni ado qilib berishi bilan birga kundalik masalalarda musulmonlarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatishi, ularning dardiga quloq solib, qiynayotgan muammolariga sharʼiy yechim topish orqali ijtimoiy hayotda faol ishtirok etadilar.



Shuning uchun boʻlajak imom-xatib vazifasida ishlovchi talabalarning ilmiy saviyasi, dunyoqarashi va shaxsiy sifatlari talab darajasida boʻlishi lozim.
Masjid mehrobi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan meros ekan, U zotga munosib boʻladigan diniy soha xodimlarini tayyorlash asosiy vazifa hisoblanadi.
«Koʻkaldosh» OʻMIBY Oʻquv-uslubiy boʻlimi






