“Sabab” – lugʻatda u tufayli boshqa narsaga erishiladagan narsadir. Meros olishning uchta sababi bor, ular:
1. Nasab (qarindoshlik).
2. Nikoh.
3. Valo (hukmiy qarindoshlik).
Meros olishning avvalgi sababi “nasab”dir. Nasab – lugʻatda qarobat, qarindoshlik deganidir. Qarobat deganda tugʻilish tufayli mavjud boʻlgan har qanday oʻzaro bogʻliqlik tushuniladi. Bunga “farz egalari”, “asabalar” va “zavularhomlar” kiradi. Qarobatni “haqiqiy nasab” deb ham ataydilar. Nasab orqali meros olishga quyidagi oyat va boshqa oyatlar dalildir:
“Alloh sizga farzandlaringiz borasida amr etadi: bir oʻgʻilga ikki qiz nasibasi. Agar ular ikkitadan koʻp (ayol) boʻlsalar, ularga u (ota) qoldirganning uchdan ikkisi. Agar qiz bitta boʻlsa, unga yarmi. Agar uning bolasi boʻlsa, u qoldirgan narsadan ota-onasining har biriga oltidan bir. Agar uning bolasi boʻlmasa va otaonasi merosxoʻr boʻlsa, onasiga uchdan bir. Agar uning akaukalari boʻlsa, onasiga oltidan bir. U qilgan vasiyat yoki qarzini ado etgandan soʻng…” (Niso surasi, 11 oyat).
Mayyitga nasab jihatidan bogʻlangan inson merosga haqdorlar qatorida boʻladi.
Meros olishning ikkinchi sababi nikohdir. Nikoh deganda sharʼiy durust nikoh tushuniladi. Bunda er-xotin orasida sahih xilvat boʻlganmi yoki yoʻqmi farqi yoʻqdir. Botil va fosid nikohda meros olish va qoldirish joriy boʻlmaydi. Nikoh orqali meros olishga quyidagi oyat dalildir:
“Sizlarga xotinlaringiz qoldirgan narsaning –agar ularning bolasi boʻlmasa – yarmi tegadi. Agar ularning bolasi boʻlsa, sizga ular qoldirgan narsaning choragi tegadi. Ular qilgan vasiyatni yoki qarzini ado etgandan soʻng. Ularga siz qoldirgan narsaning – agar bolangiz boʻlmasa – choragi tegadi. Agar bolangiz boʻlsa, ularga siz qoldirgan narsaning sakkizdan biri tegadi. Siz qilgan vasiyatni yoki qarzni ado etgandan soʻng” (Niso surasi, 12 oyat).
Demak, er xotinidan, xotin eridan meros oladi.
Meros olishning uchinchi sababi “valo”dir. Valo deganda qullikdan ozod qilish ila vujudga keluvchi hukmiy qarobat tushuniladi. Buni yana “hukmiy nasab” deb ham ataydilar. Xoja oʻz qulini ozod qilgach, oʻsha xoja unga merosxoʻr boʻladi. Bir kishi vafot etsa va uning bir vaqtlar uni ozod qilgan xojasi, yaʼni mavlosidan boshqa hech kimi boʻlmasa, u qoldirgan meros oʻsha xojaga boʻladi. Valo sababidan merosxoʻr boʻlishga quyidagi ikki hadis dalil boʻladi: Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam joriya Barira haqida: “Valo (hukmiy qarindoshlik) ozod qilgan kishiga boʻladi” dedilar. (Buxoriy rivoyati). Boshqa hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam quyidagicha marhamat qilganlar: “Valo (hukmiy qarindoshlik) nasab kabi bir parcha etdir” (Shofeʼiy va Ibn Hibbon rivoyatlari). Valoda faqat ozod qilgan taraf merosxoʻr boʻladi. Ozod qilingan taraf merosxoʻr boʻla olmaydi. Zero, ozod qilish, boshqacha qilib aytganda hayotga qaytadan keltirish, ozod qilgan tarafdan sodir boʻladi.
Худойбердиев Муҳаммад битирувчи курс талабаси





