Shariatimizda ibodat va muomalat masalalariga alohida e‘ tibor qaratilgan. Bugungi kunda savdo muomalasiga boʻlgan ehtiyoj, inson hayotidagi muhim omillardan hisoblanadi. Shuning uchun musulmon shaxs unga tegishli boʻlgan muhim maʼlumotlarni bilishi kerak boʻladi. Albatta savdo bitimi toʻliq va shariat koʻrsatmasi asosida boʻlishi uchun ikki taraf (sotuvchi va xaridor)ning roziliklari shart boʻladi. Rozilikni ifodalash soʻz yoki unga dalolat qiladigan feʼl boʻlishi mumkin. Shariat istelohida ularga nisbatan iyjob va qabul lafzlari ishlatiladi. Mazhablar oʻrtasida bu lafzlarni ishlatishda oʻziga xosliklar bor. Masalan hanafiy mazhabidan boshqalar yaʼni molikiy, shofiy va hanbaliy mazhablari “iyjob” lafzi sotuvchiga, “qabul” lafzi esa xaridorga xos deyishgan. Ammo hanafiylar savdo bitimini hosil qilishda “iyjob” lafzini avval aytilgan soʻz boʻlib, bu borasida ikkalasi ham tengdir. Masalan birinchi boʻlib xaridor “falon narsani falon soʻmga oldim” desa mana shu “iyjob”, keyin sotuvchi “qabul qildim yoki oldim” desa “qabul” boʻladi. Hanafiy mazhabida boshqa mazhablarda aytilganidek “iyjob” xaridorga, “qabul” sotuvchiga xos soʻzlar emas. Ibn Humom rohimahulloh bu lafzlar haqida quyidagilarni keltiradilar: “Iyjob lugʻatda biror bir narsani tasdiqlash boʻlib, bu yerda yaʼni savdoda, avval rozilikka dalolat qiladigan feʼlni isbot qilish uchun ishlatilyapti. Bu tasdiqlashni birinchi xaridor aytishi ham mumkin yoki sotuvchidan sodir boʻlishi ham mumkin farqi yoʻq. Shuningdek, har ikkalasini aytgan gaplari isbot va tasdiqlash boʻlishi mumkin yaʼni xaridorning “sendan bu narsani falon soʻmga oldim” degan kalomini sotuvchi “sotdim” degan soʻzi bilan tasdiqlab qoʻygan boʻladi”.
Mazhablar oʻrtasidagi bu istelohiy qarashlar hukmlarlarda katta oʻzgarishni keltirib chiqarmaydi. Hanafiylardan boshqalar “iyjob”lafzini sotuvchiga xos desalarda, lekin ularning nazdida “iyjob”lafzi “qabul”lafzidan muqaddam boʻlishi, yoki savdo bitimini boshlanishi sotuvchidan boʻlishi kerak degani emas. Balki xaridor avval “falon narsani falon soʻmga sendan oldim” desa sotuvchi “sotdim”desa mana shu suratda, qabul iyjobdan muqaddam deb qaralib savdo bogʻlanishi joiz boʻlaveradi.
Ibn Qudoma rohimahulloh : “Iyjob va qabul lafzlari sotuvchi va xaridorning rozilikka dalolat oʻrnida ishlatiladi shuning uchun ham “qabul” soʻzi “iyjob”dan oldin kelsa ham boʻladi deganlar.”
Ammo bu masalada hanafiylarning istelohi kuchliroqdir, chunki “qabul”lafzi oʻzidan oldin biron bir narsa oʻtganligini taqazo qiladi. Agar unga “iyjob”lafzi oʻtmagan boʻlsa qanday qilib qabul boʻladi?. Shunday ekan hozirgi zamon urfida hanfiylarning istelohi joriy boʻlishi maqsadga muofiq.
Mirzayev Kamoliddin
«Koʻkaldosh» OʻMIBY mudarrisi




