Taʼlim muassasamizda talabalar oʻrtasida kiberxavfsizlik va shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish mavzusida profilaktik tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Toshkent shahar IIBB xodimi katta leytenant H.Muratov hamda Chilonzor tumani IIO FMB xodimi mayor M.Chorshanbiyev ishtirok etib, talabalarga zamonaviy kiberjinoyatlarning turlari, ayniqsa, telefonlarga turli koʻrinishda yuboriladigan zararli APK-fayllar orqali sodir etilayotgan firibgarlik holatlari haqida batafsil maʼlumot berdilar.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan «APK Qoʻriqchi» dasturi taqdim etildi. Mazkur dastur: telefondagi zararli ilovalarni aniqlaydi va oʻchirishni taklif qiladi; ilgari yuklab olingan zararli dasturlarni aniqlab, oʻchiradi; keyinchalik zararli ilovalar oʻrnatilishiga yoʻl qoʻymaydi. Dasturni oʻrnatish tartibi: Telefoningizdagi «Play Market» ilovasiga kiring; Qidiruv qatoriga «APK Qoʻriqchi» deb yozing; Dasturni yuklab oling va oʻrnating; Dastur toʻliq ishlashi uchun kerakli ruxsatlarni bering. Tadbirda taʼlim muassasasi maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻyicha direktor oʻrinbosari A.Gʻaniyev, xoʻjalik boʻlimi boshligʻi J.Hamidov hamda tarbiyachi pedagog A.Abdusattoriy ishtirok etdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: «لَا يُلْدَغُ الْمُؤْمِنُ مِنْ جُحْرٍ وَاحِدٍ مَرَّتَيْنِ» «Moʼmin bir inning oʻzidan ikki marta chaqilmaydi (yaʼni, moʼmin ogoh va hushyor boʻladi, bir marta aldangan joyida qayta aldanib qolmaydi)». (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati) Notanish havolalarni ochmang, nomaʼlum shaxslardan kelgan fayllarni yuklab olmang va shaxsiy maʼlumotlaringizni hech kimga bermang!
Telefoningiz va maʼlumotlaringiz xavfsizligi – sizning qoʻlingizda!
«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi Matbuot xizmati