







🕌 Toshkent shahridagi muhtasham Islom sivilizatsiyasi markazining Katta majlislar zalida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va oʻrta maxsus islom taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining I ilmiy-amaliy anjumani yuqori saviyada tashkil etildi.
🎙 Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tarixida ilk bor oʻtkazilayotgan ushbu nufuzli tadbirda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-maʼrifiy masalalar boʻyicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov hamda taʼlim muassasalari rahbarlari, bosh imom-xatiblar va OAV vakillari ishtirok etdilar. Anjumanga jami 700 nafarga yaqin pedagog va soha vakillari jalb etilgan boʻlib, ularning 300 nafari bevosita zalda, 400 nafari esa hududlardan videoselektor orqali qatnashdilar.
📚 Ular oʻz nutqlarida yurtimizda davlatimiz rahbari tomonidan diniy sohada, xususan diniy taʼlim yoʻnalishida yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar uchun chuqur minnatdorchilik bildirib, bu neʼmatlardan unumli foydalanish zarurligini alohida taʼkidladilar. Xususan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti va madrasasi hamda 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi ilm ahliga keng imkoniyatlar eshigini ochgani, Toshkent islom institutida magistratura ochilgani hamda tizimdagi 510 nafar pedagogning 50 nafardan ortigʻi PhD va DSc илмий даражаларига эга бўлгани қайд etildi. Shuningdek, yurtimizdagi diniy taʼlim muassasalariga Misrning Al-Azhar majmuasi ustozlari jalb etilgani, 90 ta fan dasturi va yangi avlod darsliklari yaratilgani, Mir Arab, Xadichai Kubro, Hidoya va Koʻkaldosh madrasalari zamonaviy binolarga ega boʻlib, Iordaniya, Misr va Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorliklar rivojlanayotgani eʼtirof etildi. Qisqa muddatda qator ulkan yutuqlarga erishilgani, jumladan, koʻplab masjidlar barpo etilib, koʻplab Qurʼon kurslari ochilgani va ularni yuz minglab tinglovchilar muvaffaqiyatli tamomlagani eʼtirof etildi.
Shu bilan birga, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari oʻz nutqida maxsus muftiy stipendiyasi tashkil etilishini eʼlon qilib, soha xodimlari oldida turgan yana bir qancha muhim vazifalarni belgilab berdilar va yurtimiz ishonchini munosib oqlash lozimligini qattiq uqtirdilar. Shuningdek, muftiy hazratlari Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan ezgu islohotlarning bardavom boʻlishini soʻrab duoi xayrlar qildilar.
🏆 Anjuman davomida uzoq yillardan buyon diniy taʼlim tizimini rivojlantirish va yosh avlodga taʼlim-tarbiya berish yoʻlida fidokorona mehnat qilib kelayotgan bir guruh ustoz va xodimlar munosib taqdirlandilar. Soha fidoyilariga faxriy yorliqlari, esdalik sovgʻalari, zamonaviy noutbuklar, planshatlar hamda Umra safari yoʻllanmalari topshirildi. Quvonarlisi, ushbu nufuzli taqdirlash jarayonida «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasining xoʻjalik boʻlimi boshligʻi Jamshid Hamidov ham munosib taqdirlandi.
🎤 Shuningdek, anjuman doirasida «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi mudiri M.Erkayev soʻzga chiqib, yigʻilganlarni kirib kelayotgan mustaqilligimizning 35 yilligi bilan samimiy tabrikladilar va yaratilgan imkoniyatlar uchun chuqur tashakkur aytdilar. Shuningdek, Koʻkaldosh madrasasining boy tarixi haqida toʻxtalib, taʼlim muassasamiz uchun zamonaviy, jahon talablariga toʻliq javob beradigan yangi bino foydalanishga topshirilayotgani va yangi oʻquv yili aynan shu koʻrkam binoda boshlanishini faxr bilan eʼlon qildilar.
🏛 Anjumanning amaliy qismida ishtirok etgan nufuzli mehmonlar, taʼlim muassasalari mudirlari va ustoz-oʻqituvchilar «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasining yangi binosiga tashrif buyurdilar. Tashrif davomida mehmonlar zamonaviy jihozlangan oʻquv va maʼruza sinfxonalari, qulay yotoqxonalar, boy kitob fondiga ega kutubxona, milliy taomlar oshxonasi, ochiq stadion va sport maydonchalari, tahoratxona hamda yuvinish xonalari, shuningdek, avtoturargoh kabi barcha shart-sharoitlarni yaqindan koʻzdan kechirib, oʻzlarining samimiy quvonchlarini izhor etdilar va olqishladilar.










©️ “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi matbuot xizmati
#Ilmiy_amaliy_anjuman #Koʻkaldosh #Toshkent #Xushxabar






