Bugun, 25 aprel kuni Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurtida yurtimizda va xalqaro miqyosda tanilgan Turkiyaning nufuzli ilmiy dargohlaridan biri boʻlgan Marmara universiteti doktoranti Abdulmajid Muhammad Hoshim al-Juzjoniy tashrif buyurdi. Tashrif davomida bilim yurtimizda tahsil olayotgan talabalar va dars berayotgan ustozlar uchun ochiq ilmiy-maʼrifiy suhbat tashkil etildi.



Tadbirni Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurti mudiri, islomshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Maʼmurjon domla Erkayev ochib berdi. U oʻz soʻzida bunday ilmiy uchrashuvlarning ahamiyatini alohida taʼkidlab, ulamolarimiz merosini chuqur oʻrganishda xalqaro ilmiy hamkorlik va tajriba almashuvining muhimligini qayd etdi. Soʻngra u ilmiy suhbatni olib borish uchun soʻz navbatini mehmon Abdulmajid Muhammad Hoshim al-Juzjoniyga topshirdi.



Abdulmajid al-Juzjoniy oʻz chiqishida “Hanafiy mazhabi fiqhiy kitoblarida keltirilgan hadislarga bir nazar: Imom Margʻinoniyning ‘Hidoya’ kitobi misolida” mavzusida atroflicha maʼruza qildi. U mashhur hanafiy faqihi Imom Margʻinoniy rahmatullohi alayhining “Hidoya” asaridagi hadislardan namunalar keltirib, ularning fiqhiy maʼnodagi oʻrni, sanad va matn jihatdan ishonchliligi, ulamolar tomonidan qilingan sharhlar va izohlar haqida mufassal tushunchalar berdi. Ayniqsa, hadislarning fiqhiy masalalardagi dalillik darajasi, ularni qoʻllashdagi uslublar va hanafiy mazhabidagi ijtihodiy yondashuvlarga urgʻu berdi.


Tadbir samimiy, ilmiy ruhda oʻtdi va barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Tashrif soʻngida Koʻkaldosh bilim yurti maʼmuriyati mehmon ilm egasiga minnatdorchilik izhor etdi va kelgusida ham shunday ilmiy uchrashuvlar davom etishiga umid bildirdi.
Saidazimxon SAIDAKRAMOV
«Koʻkaldosh» OʻMIBY mudarrisi






