Imom Navaviy rohimahulloh oʻzining “Al-Arbaʼunan Navaviyya” kitobida toʻqqizinchi hadis raqami bilan quyidagi hadisni keltirgan:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَبْدِ الَّرحْمَنِ بْنِ صَخْرٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: »مَا نَهَيْتُكُمْ عَنْهُ فَاجْتَنِبُوهُ، وَمَا أَمَرْتُكُمْ بِهِ فَأْتُوا مِنْهُ مَا اسْتَطَعْتُمْ، فَإِنَّمَا أَهْلَكَ الَّذِيْنَ مِنْ قَبْلِكُمْ كَثْرَةُ مَسَائِلِهِمْ وَاخْتِلَافُهِمْ عَلَى أَنْبِيَائِهِمْ.« رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ.
Abu Hurayra Abdurrohman ibn Soxr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi: “Men: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Sizlarni nimadan qaytargan boʻlsam, undan tiyilinglar va sizlarni nimaga buyurgan boʻlsam qodir boʻlganingizcha uni bajaringlar. Albatta sizlardan oldingi kishilarni oʻz paygʻambarlariga koʻp savol qilganlari va ularga ixtilof qilganlari halok qilgan”, deb aytganlarini eshitdim”, deb aytdi. Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan.
Hadis roviysi boʻlgan Abu Hurayra roziyallohu anhu haqida:
Bu sahoba Abu Hurayra deb nomlanishi haqida Ibn Abdul Bar rohimahulloh shunday deydi: U kishi: “Men bir kuni engim ichida mushukni koʻtarib olgan edim, meni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam koʻrib: “Nima bu”, dedilar. Men: “Mushuk”, deb aytdim. SHunda u zot: “Ey Abu Hurayra”, deb aytdilar”, dedi.
Uning ismi borasida turli xil fikrlar aytilgan boʻlib, uning eng toʻgʻrisi Imom Navaviy rohimahulloh aytganlaridek Abdurrohman ibn Soxr boʻlgan. Johiliyat paytidagi ismi Abdushshams ibn Soxr boʻlgan, u musulmon boʻlgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning ismini Abdurrohman ibn Soxr deb oʻzgartirganlar. Bu sahoba Xaybar yili musulmon boʻlgan va bu jangda ishtirok etgan. Abu Hurayra roziyallohu anhu ilmga ragʻbat qilgani bois, qorni toʻyishiga qanoat qilib, doim Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga boʻlishga harakat qilgan. SHu sababli u kishi eng koʻp hadis rivoyat qilgan sahoba deb aytiladi[1]. U kishi 5374 ta hadis rivoyat qilgan[2]. Imom Buxoriy rohimahulloh: “Abu Hurayra roziyallohu anhudan sahoba va tobeinlardan sakkiz yuzdan ortiq kishi hadis rivoyat qilgan”, deb aytgan. Bu ulugʻ sahoba hijriy ellik ettinchi yili Madinada vafot etgan va Baqi’ qabristoniga dafn qilingan.[3]
Bu hadis vorid boʻlishi sababi:
Bu hadisni Imom Muslim oʻzining “Sahih” larida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan: “Abu Hurayra roziyallohu anhu aytdi: “Bizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xutba qilib: “Ey Insonlar! Darhaqiqat Alloh taolo sizlarga hajni farz qildi, haj qilinglar”, deb aytdilar. SHunda bir kishi: “Ey Rasululloh, har yildami ?” (yaʼni, har yilda bizga haj farz boʻladimi), deb aytdi. U zot jim turdilar. Hatto u uch marta aytgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar ha, deb aytganimda u (har yili) farz boʻlib qolar edi, hargiz toqatlaringiz etmasdi”, dedilarda, soʻngra: “Men aytmagan narsalarni mendan soʻramanglar. Sizlardan oldingilar nabiylaridan savol soʻrayverganlari va ular bilan ixtilof qilganlari tufayligina halok boʻlishgan. Qachon sizlarni biror narsaga buyursam kuchingiz etganicha uni bajaringlar, qachon sizlarni biror narsadan qaytarsam, undan chetlaninglar”, dedilar”.[4]
Bu hadisdagi savol soʻragan kishi Aqro‘ ibn Hobis ekani aytilgan. Ibn Moja oʻzining “Sunan” larida Ibn Abbos roziyallohu anhumodan shunday rivoyat qilgan: “Aqro‘ ibn Hobis Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Ey Rasululloh, haj har yildami yoki bir martami?”-deb soʻradi. U zot: “Balki, bir martadir, kim qodir boʻlsa, u nafldir”, dedilar.[5]
Hadis sharhi:
Hadisdagi Paygʻambarimiz alayhissalomning “Sizlarni nimadan qaytargan boʻlsam, undan tiyilinglar”, degan gaplari harom va makruhlarni ham oʻzi ichiga qamrab oladi. YAʼni u zot nimadan qaytargan boʻlsalar oʻsha narsadan qaytish, tiyilish lozim boʻladi.
Hadisdagi u zotning: “Sizlarni nimaga buyurgan boʻlsam qodir boʻlganingizcha uni bajaringlar”, deb aytgan gaplariQurʼoni Karimning quyidagi oyatlariga muvofiq keladi: Alloh taolo shunday deydi: “Alloh taolo sizlarga engillikni xohlaydi va sizlarga qiyinchilikni xohlamaydi” (Baqara surasi, 185-oyat).Boshqa oyatda esa, shunday deydi: “Alloh taolo hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaydi” (Baqara surasi, 286-oyat).
Ushbu hadis va oyatlar Qurʼoni Karimning quyidagi oyatini xoslaydi: Alloh taolo shunday deydi: “Paygʻambar sizga nimani bersa, oʻshani olinglar va nimadan qaytarsa, oʻshandan qaytinglar” (Hashr surasi, 7-oyat).
SHuningdek, bu hadisi sharif Alloh taoloning ushbu soʻziga muvofiq keladi: “Allohga qoʻlingizdan kelganicha taqvo qiling….” (Tagʻobun surasi, 16-oyat). Baʼzilar, bu oyat Alloh taoloning: “Ey iymon keltirganlar! Allohga haqiqiy taqvo ila taqvo qiling” (Oli Imron surasi, 102- oyat), degan soʻzini bayoni uchun kelgan, deyishadi.
Baʼzilar esa, bu oyat, yaʼni Tagʻobun surasi, 16-oyati Oli Imron surasi, 102-oyatini nasx qilgan, deyishadi. CHunki, bu oyat nozil boʻlganda sahobalar mashaqqatga tushib qolishgan va: “Qaysi birimiz bunga toqat qila oladi”, deb qolishgan. SHunda “Allohga qoʻlingizdan kelganicha taqvo qiling….” (Tagʻobun surasi, 16-oyat) oyati nozil boʻlgan, deyishadi.[6]
Imom Suyutiy rohimahullohning “Ad-Durrul mansur” kitobida Qurʼoni Karimdagi “Ey iymon keltirganlar! Allohga haqiqiy taqvo ila taqvo qiling” (Oli Imron surasi, 102- oyat) oyatining tafsiri borasida quyidagilar keltirilgan:
Ibn Jarir Robiy’ ibn Anas rohimahullohdan rivoyat qiladi: U kishi shunday deydi: ““Ey iymon keltirganlar! Allohga haqiqiy taqvo ila taqvo qiling” (Oli Imron surasi, 102- oyat) oyati nozil boʻlgach, soʻngra undan keyin “Allohga qoʻlingizdan kelganicha taqvo qiling….” (Tagʻobun surasi, 16-oyat) oyati nozil boʻldi va bu oyat Oli Imrondagi ushbu oyatni nasx qildi”.
Abd ibn Humayd Ikrima rohimahullohdan rivoyat qiladi: U kishi ““Ey iymon keltirganlar! Allohga haqiqiy taqvo ila taqvo qiling” (Oli Imron surasi, 102- oyat) oyatini shunday tafsir qilgan: “Alloh taologa itoat qilinmogʻi va osiylik qilinmasligi, Alloh taolo zikr qilinmogʻi va esdan chiqarilmasligi”.
Ikrima rohimahulloh aytadi: Ibn Abbos roziyallohu anhu shunday dedilar: “Mana shu (yaʼni, “Ey iymon keltirganlar! Allohga haqiqiy taqvo ila taqvo qiling” oyati) musulmonlarga ogʻir boʻldi. Soʻngra Alloh taolo shundan keyin “Allohga qoʻlingizdan kelganicha taqvo qiling….” (Tagʻobun surasi, 16-oyat) oyatini nozil qildi.[7]
Imom Ahmad rohimahulloh yuqoridagi hadis borasida shunday degan: “Bu hadisdan qaytariq buyruqdan koʻra qattiqroq ekani maʼlum boʻladi. Zero, qaytariqda biror narsaga ruxsat berilmadi. Buyruqda esa, “qodir boʻlganingizcha” qaydi bilan keldi. SHuningdek, bu haqida ulamolardan biri shunday degan: “YAxshi amallarni solih va fosiq insonlar ham qilaveradi, ammo gunohlardan faqatgina siddiqlar tiyiladilar”.
Bu hadisi sharifdan, “Zararlarni daf qilish manfaatlarni jalb qilishdan koʻra avloroqdir”, degan mashhur qoida ishlab chiqilgan[8]. Bu qoidaga quyidagilarni misol qilish mumkin: “Ekiningni sugʻorasanmi yoki uyingdagi yongʻinni oʻchirasanmi? deyilsa, albatta dastlab yongʻin oʻchiriladi”. SHuningdek, oʻziga foyda keltiradigan ish qoʻshniga zarar etkazadigan boʻlsa, bu ish tark qilinishi kerak. Masalan, tegirmon bor uyning atrofi chang toʻzon boʻlib yotadi va bu qoʻshnilarga zarar beradi. Bu holatda qoʻshnilardan izn olib qilinishi kerak.
Demak, zarar bilan foyda qarama qarshi kelib qolsa, zararini ketkazish foydasidan koʻra afzal sanaladi. CHunki, shoriʼning qaytariqlarga eʼtibor berishi buyruqlarga nisbatan kuchliroqdir. Bu haqida insonning jismiga tegishli bir hikmatli gap borki, “dori isteʼmol qilishdan koʻra, kasallikni oldini olgan yaxshiroqdir”.
Hadisdagi u zotning “Albatta sizlardan oldingi kishilarni oʻz paygʻambarlariga koʻp savol qilganlari va ularga ixtilof qilganlari halok qilgan”, degan gaplaridan, oldingi qavmlar oʻzlariga zarur boʻlmagan narsalar haqida paygʻambarlaridan soʻraganliklari va ularga isyon qilganlari sababli halok boʻlganliklari bayon qilinmoqda. Bunga Bani Isroilning sigir voqeasidagi holatlarini misol qilish mumkin.
Bu hadis “javomiʼul kalim” yaʼni “koʻp maʼnolarni qisqa lafzlar orqali bayon qilish” qabilidan boʻlgan hadislardan biridir. Bu hadis bir qancha hukmlarni oʻzida qamrab olgandir:
1. Man qilingan ishlarni tark qilishning vojibligi.
2. Buyurilgan ishlarni qilishning vojibligi.
3. Ixtilof va fitnaga olib boradigan ixtiloflarning haromligi.
4. Fitna va ixtilofga olib boradigan zaruratsiz savollarni koʻpaytirishning haromligi.
CHunki, hadisda “halok qildi” degan lafz bilan tahdid qilinib, oʻsha ishdan qaytarilyapti. Qaysi oʻrinda biror narsa bilan tahdid qilinsa, uning haromligini taqoza qiladi. SHuningdek, Qurʼoni Karimda Alloh taolo: “Barchangiz Allohning arqonini mahkam tuting va boʻlinib ketmang” (Oli Imron surasi, 103-oyat), deb boʻlinib, tarqoq boʻlib ketishdan qaytaryapti. Zero ixtilof qilish qalblarning boʻlinib ketishiga sabab boʻladi. Bunga Xavorijlarni misol qilish mumkin. CHunki, haromga olib boradigan ish ham harom boʻladi.
Zaruratsiz koʻp savol berish, oʻsha insonning qaysar va oʻjarligiga alomat boʻladi. Bir hadisi sharifda shunday deyilgan: “U zot qiylu qoldan, koʻp savol berishdan va molni zoe qilishdan qaytarardilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.[9]
YAna bir hadisda shunday deyilgan: “Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Albatta Nabiy sollallohu alayhi vasallam mushkil savollardan qaytardilar””. Abu Dovud rivoyat qilgan.[10]
Bu hadisda kelgan “mushkil savollar” deb tarjima qilingan lafz hadisda “al-gʻolutot” va boshqa rivoyatda esa, “al-ugʻlutot” deb kelgan. Bu lafzning maʼnolari haqida ulamolar quyidagi fikrlarni aytishgan:
Imom Avzoʻiy rohimahulloh uni “qiyin savollar” deb taʼriflagan. Baʼzilar uni “nozik savollar” deb nomlagan. Iyso ibn YUnus rohimahulloh esa, uni “ehtiyoj boʻlmagan narsa” deb aytgan.
Hasan Basriy rohimahulloh shunday deydi: “Allohning bandalarini qaygʻu gʻamga solish maqsadida fitnali, jumboqli savollar orqasidan ergashib yuradigan kishilardir Alloh nazdida eng yomon bandalardir.”[11]
Imom Avzoʻiy rohimahulloh: “Alloh taolo bandasini ilmning barakasidan mahrum qilmoqchi boʻlsa, uning tiliga mushkil, fitnali savollarni keltirib qoʻyadi. Men ularni eng ilmi oz insonlar deb oʻylayman”, deb aytgan.
Ubay ibn Kaʼb va Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu va ulardan boshqa fozil sahobalardan biri biror masala haqida soʻralsa, u: “Bu ish sodir boʻlganmi?” deb aytardi. Agar: “Ha”, deyilsa, u oʻz ilmi bilan javob bergan yoki oʻzidan boshqaga tavsiya qilgan. Agar: “Yoʻq”, deyilsa, u: “Bu ish sodir boʻlmagunicha, bu savolni tark qilgin”, deb aytardi.[12]
YUqorida aytilgan gaplar birovni mashaqqatga solish, uni sinash yoki xijolatga qoʻyish yoki soxtalik maqsadida soʻraladigan savollarga tegishlidir. Ammo, inson oʻrganish maqsadida savol beradigan boʻlsa, bu kishi savol bergani uchun savobga ega boʻladi. Zero, bu shariatimiz koʻrsatmasidir. Alloh taolo Qurʼoni Karimda shunday deydi: “Agar bilmaydigan boʻlsangiz, zikr ahlidan soʻranglar”. (Nahl surasi, 43-oyat)
Ayniqsa savol soʻraladigan kishi ilm va maʼrifat sohibi boʻlsa, u kishidan savollar soʻrab oʻrganib qolishga intilish lozim boʻladi. Bu haqida ajoyib bir hikmatli gap borki: “Agar sen suv ichmoqdan chorang yoʻq boʻlsa, katta dengizdan suv ichishni talab qilgin”.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, barchamiz Paygʻambarimiz alayhissalomga ergashishimiz, u zot olib kelgan barcha hukmlarga eʼtiroz bildirmasdan iqror boʻlishimiz lozim. Zero u zot Alloh taologa muqarrab qiladigan barcha narsaga buyurganlar va Allohdan uzoq qiladigan barcha narsalardan qaytarganlar.
✒️Ushbu maqolani “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurti oʻqituvchisi Madaminov SHokirjon domla
Mulla Aliy Qoriyning “Al-Mubiynul muʼiyn li fahmil arbaʼiyn” kitobi va boshqa manbaalar asosida tayyorladi
Foydalanilgan adabiyotlar
[1] Al-Mubiynul muʼiyn li fahmil arbaʼiyn. Aliyyul Qoriy. 319-bet.
[2] Taysiyru mustolahil hadiys. Doktor Mahmud at-Tohhan. 244-bet.
[3] Al-Mubiynul muʼiyn li fahmil arbaʼiyn. Aliyyul Qoriy. 319-bet.
[4] Sahih Muslim, 1337-hadis.
[5] Al-Vofiy fi sharhil arbaʼiynan Navaviyya”. Mustofa al- Bagʻo, Muhyiddin Mistu. 53-bet.
[6] Al-Mubiynul muʼiyn li fahmil arbaʼiyn. Aliyyul Qoriy. 321-bet.
[7] Jaloliddin Suyutiy “Ad-Durrul mansur”, 283-bet.
[8] Al-Mubiynul muʼiyn li fahmil arbaʼiyn. Aliyyul Qoriy. 322-bet.
[9] Sahihul Buxoriy, 7292-hadis.
[10] Sunani Abu Dovud, 3658-hadis.
[11] Jomiʼul ulum val hikam bi sharhi xomsiyna hadisan min javomiʼil kalim. Ibn Rajab Hanbaliy.
[12] Al-Mubiynul muʼiyn li fahmil arbaʼiyn. Aliyyul Qoriy. 324-bet.






