Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurtida aholining diniy-maʼrifiy savodxonligini oshirish hamda Moʼtabar Kalomullohni toʻgʻri, goʻzal va qoidalarga muvofiq oʻrganishlariga koʻmaklashish maqsadida faoliyat yuritib kelayotgan “Qurʼoni karim va tajvid” oʻquv kursining navbatdagi 74-davra mashgʻulotlari 2026-yil 6-iyul sanasidan rasman boshlandi.


Mazkur oʻquv kursi davlatimiz tomonidan fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va maʼrifiy taʼlim olishlari uchun yaratilgan keng imkoniyatlar samarasidir. Bilim yurti rahbariyati hamda tajribali ustozlarning fidokorona mehnati natijasida bugungi kunga qadar minglab tinglovchilar Alloh taoloning kalomini tajvid qoidalariga muvofiq mukammal oʻqish baxtiga muvaffaq boʻlishgan.
Yangi davra mashgʻulotlarining boshlanishi munosabati bilan bilim yurtida tashkiliy va maʼrifiy yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurti mudir oʻrinbosari Nodir domla Djalolov hamda oʻquv kursi tajribali oʻqituvchilari — M.Madraximov va A.Habibovlar ishtirok etishdi.
Yigʻilish davomida bilim yurti mudir oʻrinbosari Nodir domla Djalolov yangi qabul qilingan tinglovchilarni samimiy muborakbod etib, quyidagi muhim va ustuvor masalalarga alohida toʻxtalib oʻtdi:
- Bugungi kunda mamlakatimizda davlat va din munosabatlari rivojlanib, diniy-maʼrifiy sohada keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik, qolaversa, ilmiy maskanlarda yaratilgan sharoitlar buyuk neʼmat ekani hamda ularning qadriga yetish lozimligi taʼkidlandi.
- Yurtimizda noqonuniy diniy taʼlim olish va berish qonunchilik bilan taqiqlangani. Rasmiy, malakali va moʼtabar manbalarga tayanadigan diniy muassasalarda taʼlim olishning muhimligi qayd etildi.
- Tinglovchilarga bilim yurti ichki tartib-qoidalariga qatʼiy rioya etish, darslarga oʻz vaqtida kelish, mashgʻulotlarda muntazam va qunt bilan ishtirok etish boʻyicha zarur tavsiyalar berildi.
Tadbirlar yakunida 74-davra tinglovchilariga Qurʼoni karimni toʻgʻri oʻqishda dastlabki poydevor va asosiy qoʻllanma hisoblangan «Muallimi soniy» kitoblari topshirildi.


Yigʻilish soʻngida bilim yurti rahbariyati va ustozlar boshchiligida yangi davra tinglovchilarining kelgusi oʻqishlarida zafarlar, ziyo va baraka tilab, el-yurt tinchligi hamda ilm rivoji haqqiga ezgu duoyi xayrlar qilindi.


«Koʻkaldosh» OʻMIBY matbuot xizmat






