

Toshkent islom institutining 55 yilligiga bagʻishlangan respublika ilmiy-amaliy anjumani doirasida “Dolzarb aqidaviy masalalar va ularning ilmiy yechimlari” mavzusidagi birinchi shoʻba boʻlib oʻtdi. Shoʻbani Toshkent islom instituti kafedra mudiri, falsafa doktori (PhD) S.Primov olib bordi.
Mamlakatimizda ajdodlarimizning boy ilmiy merosini chuqur oʻrganish, sof islom aqidasini asrab-avaylash va yoshlarni turli yot gʻoyalardan himoya qilishga alohida eʼtibor qaratilayotgan bir paytda mazkur shoʻbada koʻtarilgan masalalar ayni zamon talabiga hamohangligi bilan ahamiyatlidir.
Shoʻbada olimlar va tadqiqotchilar sunniylik manbalarida raddiyaga oid qarashlarning metodologik jihatlari, muhkam va mutashobeh oyatlar taʼrifi, Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosidagi diniy va eʼtiqodiy qarashlar, erkin iroda va determinizm muammosi, Alouddin Buxoriyning “Sharh al-fiqh al-akbar” asarida Yaratuvchiga oid eʼtiqodiy masalalar talqini kabi dolzarb mavzularda maʼruzalar qildilar.
Shoʻbada Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi oʻqituvchisi A.Abdullayev domla “Moturidiya taʼlimotining xususiyatlari va uning bugungi kundagi holati” mavzusida maʼruza qildi.
Maʼruzalarda vatandoshimiz Imom Moturidiy asos solgan taʼlimotning bugungi kundagi ahamiyati, aqidaviy masalalarni ilmiy asosda oʻrganish va ularni jamiyatga toʻgʻri yetkazish muhimligi alohida taʼkidlandi.
«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi
Matbuot xizmati






