Abul Barakot Nasafiyning “Umdatul aqoid” asari koʻplab aqoid mavzularini oʻz ichiga qamrab olgan boʻlib quyida Alloh taoloning kalomi borasida tushuncha berib oʻtiladi, firqalarninng Kalomulloh haqidagi fikrlari aytib oʻtilib ularga aqliy va naqliy dalillar asosida raddiyalar beriladi.
Soʻz boshlashdan avval Alloh taoloning kalomi azali, yagona, harflar va ovozlar jinsidan emasligini aytib oʻtish lozim.
Shunga kora savol tugʻiladi, agar Alloh taoloning kalomi yagona boʻlsa nima sababdan 4 muqaddas kitob va sahifalar turli tillarda boʻlishiga qaramay Kalomulloh deb ataladi? Nima uchun harflar jinsidan emas, axir Qurʼon, Tavrot, Injil, Zabur harflardan tashkil topganku? Kalomullohni oquvchi inson, uni ovoz orqali ifoda etadiku? Kabi savollar har bir oqil insonga kelishi mumkin boʻlgan savollardir.
Bu savollarning javobi oddiy, toʻrt muqaddas kitob, ovozlar va harflar Alloh taoloning kalomiga dalolat qiluvchilar holos. Misol uchun kalom arab tilida ifodalansa u Qurʼon, ibroniy tilda ifodalansa u Tavrot deb atalgan. Ushbu kitoblar Alloh taoloning kalom sifatiga dalolat qilgani uchun shunday nom ila ifodalangan.
Nima sababdan biz kalom sifatini harflar jinsidan emas deb aytamiz, axir Qurʼon, Tavrot, Injil, Zabur harflardan tashkil topganku? Ayrim hanbaliylar ham Qurʼondagi harflarni maxluq emas deganlar bu qanday tushuniladi? Degan savolga toʻxtaladigan boʻlsak. Baʼzi adashgan hanbaliylarning Alloh taoloning kalom sifati harflardan iborat degan gaplari botildir. Chunki harflarning bari biri ikkinchisidan soʻng keladi bu esa yaratilgan narsalarning alomatidir, yaʼni har bir keyin paydo boʻlgan narsa hodis[1]dir. Alloh taoloning kalomi yaratilgan boʻlishi aqlan va naqlan mumkin emas. Shu jumladan musʼhafning tilovati Alloh taoloning kalom sifatini ovoz ila ifoda etsada ovoz kalom sifatining ayni oʻzi emas, balki unga dalolat qiluvchidir, bu dalolat qi;uvchi narsa yaʼni ovoz yangitdan paydo boʻlgandir. Zero biz qori qilgan qiroatini yangittan boshlanganiga guvoh boʻlamiz.
Shu yerda yana bir oʻrinlik savol paydo boʻladi, Alloh taolo Qurʼoni karimda:
وَكَلَّمَ اللَّهُ مُوسَىٰ تَكْلِيمًا[2]
“Va Alloh Muso ila oʻziga xos gaplashdi”[3], deganku, bu qanday tushuniladi?
Yuqoridagi savolga ikki aqidaviy imomlar quyidagicha javob berishgan. Ashʼariy r.h.ning nazdlarida Alloh taoloning kalom sifatini banda eshitishi joiz boʻladi. Bundan Muso alayhissalom Alloh taoloning kalom sifatini eshitgan degan xulosaga kelinadi. Imom Abu Mansur Moturidiy r.h.ning nazdlarida esa ovoz boʻlmagan narsani eshitish muhol[4] boʻlgani uchun Alloh taoloning kalom sifatini banda eshitishi joiz boʻlmaydi. Shunga koʻra u zotning nazdlarida Muso alayhissalom Alloh taoloning kalomiga dalolat qiladigan ovozni eshitganlar. Muso alayhissalom kitob va farishta vositasisiz eshitganlari uchun kalimulloh(Alloh bilan gaplashuvchi) deb xoslanganlar.
Quyidagi oyati karimada taʼkidlanganidak Alloh taolo bandalariga gapirsa quyidagi tarzlarda boʻlar ekan:
وَمَا كَانَ لِبَشَرٍ أَن یُكَلِّمَهُ ٱللَّهُ إِلَّا وَحۡیًا أَوۡ مِن وَرَاۤىِٕ حِجَابٍ أَوۡ یُرۡسِلَ رَسُولࣰا فَیُوحِیَ بِإِذْنِهِ مَا يَشَاءُ ۚ إِنَّهُ عَلِيٌّ حَكِيمٌ[5]
“Allohning bashar bilan gaplashmogʻi boʻlmagan, magar vahiy orqali, yoki parda ortidan yohud elchi yuboradi va ul U Zotning izni ila xohlagan narsasini vahiy qilur. Albatta, U Zot oʻta oliy va oʻta hikmatlidir”[6].
Imom Bagʻaviy ushbu oyatni quyidagicha tafsir qilgan. Alloh taolo marhamat qiladi: “Allohning bashar bilan gaplashmogʻi boʻlmagan, magar vahiy orqali”, buning sababi shuki, yahudiylar Paygʻambar (s.a.v.)ga shunday deganlar: “Agar sen paygʻambar boʻlsang, nega Alloh bilan gaplashmaysan va Uni koʻrmaysan? Axir Muso ham U bilan gaplashgan va Uni koʻrgan-ku”, Muhammad (s.a.v.): “Muso Alloh azza va jallani koʻrmagan” deb javob berdilar. Soʻngra Alloh taolo “Allohning bashar bilan gaplashmogʻi boʻlmagan, magar vahiy orqali” oyatini nozil qildi, yaʼni Alloh bandaga tushida yoki ilhom yoʻli bilan vahiy qiladi. “Yoki parda ortidan” – Alloh unga Oʻz kalomini eshittiradi, ammo u Zotni koʻrmaydi, huddi Muso alayhissalom bilan gaplashganidek. “Yohud elchi yuboradi” – Jabroil yoki boshqa farishtalardan birini yuboradi. “Va ul U Zotning izni ila xohlagan narsasini vahiy qilur” – yuborilgan elchi yuborilgan kishiga Alloh xohlagan narsani vahiy qiladi.
Imom Abu Mansur Moturidiy Muso alayhissalom Alloh taolo bilan gaplashgan degan oyatni sharhlashlari yuqoridagi oyatning “yoki parda ortidan” degan qismiga toʻgʻri keladi.
Allohning kalomini yaratilgan yoki keyinchalik paydo boʻlgan deydigan firqalar ham tarixdan maʼlum. Bulardan moʻtazila firqasi Kalomulloh azaliy emas, balki Alloh taolo Lavhul mahfuzga harflarni yaratganda paydo boʻlgan unga qadar gapiruvchi boʻlmagan deyish bilan birga, kalom sifati Allohning zotidan emas deyishadi.
Karromiy firqasining baʼzi aʼzolari esa, kalom sifati Allohning zotida keyinchalik paydo boʻlgan deyishgan.
Bizning eʼtiqodimizga koʻra karromiy va moʻtazilalarning qarashlari hatodir, zero «Paygʻambar (s.a.v.) «Qurʼon Allohning kalomidir, yaratilgan emasdir«»[7], deganlar. Bunga aqliy dalil esa quyidagicha, agar Alloh taoloning zotida dastlab kalom sifati boʻlmaganda uning oʻrniga sukut joylashgan va keyinchalik kalom bilan almashgan yaʼni oʻzgargan boʻlar edi. Har bir oʻzgaruvchi narsa hodislini qabul qiladi. Bu esa Alloh taologa nisbatan muholdir. Agar Alloh taoloning zotiga kalom sifati keyin qoʻshilgan boʻlsa, Alloh taolo hodis narsani oʻz zotida qabul qilgan boʻladi bu esa maxluqotlarning yaʼni yaratilgan narsalarning alomatidir. Alloh taologa yaratilgan iborasini ishlatish nojoizdir.
Yanabir aqliy dalil keltiradigan boʻlsak, har narsaki hodislikdan xoli boʻlishi mumkin boʻlmasa, uning oʻzi ham hodis boʻladi. Bu gap hodislikni qabul qiluvchi narsaning oʻzi ham hodis ekanini keltirib chiqaradi. Karromiyning fikrini qabul qiladigan boʻlsak Alloh taolo ham yaratilganligini qabul qilgan boʻlamiz. Zero har bir yaratilgan narsa esa yaratuvchida muxtojlikni sezadi, agar Alloh taolo yaratilgan boʻlsa uni kim yaratgan? Va uning ham yaratish sifati hodismi? degan savolni yuzaga keltiradi. Bu holat esa tasalsulga olib boradi.
Alloh taoloning kalomi qadim boʻlsa, U azalda ham buyurgan hamda qaytargan boʻlib qolar ediku yaʼni, hali yaratilmagan narsaga buyurish yoki uni qaytarish aqlga zid emasmi?
Bunda quyidagicha javob beraladi, toʻgʻri agar buyruq yoki qaytariq buyurilgan vaqtda qilinishi yoki qaytarilishi uchun boʻlganida aqlga zid boʻlar edi. Lekin bu holatda buyruq yoki qaytariqni buyurilgan shaxs vujudga kelgan vaqtda ijobat qilinishi uchun boʻlsa, bu hikmat boʻladi va bu aqlan joiz.
Soʻralsaki, Qurʼoni karim yaratilganmi, degan savolga tavaqquf joizmi?
Alloh taolining kalomini hodis yoki azaliymi deganda savolga tavaqquf qilib boʻlmaydi.
Saljiy r.h. aytadi: «Ittifoq qilingan gapni aytaman, u Qurʼon Alloh taoloning kalomi ekanidir. Ixtilofli oʻrinlarda esa tavaqquf qilinadi. Shuning uchun Qurʼon maxluq yoki qadim deb aytmayman«.
Saljiy r.h.ning bu gapiga olimlar eʼtiroz bildirib, ushbu qarash xato ekanligini, eʼtiqod qilish farz boʻlgan narsalarda tavaqquf qilish shakni taqozo qilishini, shak esa inkor qilish kabi boʻlishini aytib ketishgan.
Shundan bilinadiki kalomulloh haqida olimlardan yoki obidlardan soralgan uni maxluqmi yoʻqmi bilmayman deyish nojoiz ekan, bunday javob kalomullohni maxluqqa chiqarish bilan teng hisoblanib eng toʻgʻri javob esa Qurʼon Alloh taoloning kalimodir deb qatʼiy aytish.
XULOSA
Yuqoridagi maqolada kalomullohning “Umdatul aqoid” asaridan foydalanilgan holda, qoshimcha fikrlar bilan yoritildi. Shu jumladan moʻtazila, karromiya, baʼzi hanbaliylar fikrlari keltirilib ularga ahli-s-sunna val jamoa olimlarini aqliy raddiyalari koʻrib chiqildi. Maqolaning savol-javob uslubida boʻlib Alloh taoloning kalomi yagona boʻlsa nima sababdan 4 muqaddas kitob va sahifalar turli tillarda boʻlishiga qaramay Kalomulloh deb ataladi? Nima uchun harflar jinsidan emas, axir Qurʼon, Tavrot, Injil, Zabur harflardan tashkil topganku? “Va Alloh Muso ila oʻziga xos gaplashdi” qanday tushunilkadi? Qurʼoni karim yaratilganmi, degan savolga tavaqquf joizmi? kabi savollarga javoblar koʻrib chiqilib ilmiy javoblar berildi.
Mahamadjonov Qobil
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi talabasi
Ilmiy rahbar: Abdullayev Aliakbar
FOYDALANILGAN MANBALAR
- Qurʼoni karim
- Umdatul aqoil
- Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Tafsiri Hilol. –Toshkent: Hilol nashr, 2018
- Abdulqodir Pardayev Umdatul aqoid (eʼtiqod asosi) asari tarjimasi va izohlari. –Toshkent: Oʻzxia, 2021
[1] Hodis-bu keyin paydo boʻgan, yartilgan deganidir
[2] Niso suarasi 164-oyat
[3] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Tafsiri Hilol. –Toshkent: Hilol nashr, 2018. –B. 629
[4] Muhol – imkonsiz, amalga oshmaydigan, boʻlishi mumkin boʻlmagan degan maʼnolarni bildiradi
[5] Shuro surasi 51-oyat
[6] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Tafsiri Hilol. –Toshkent: Hilol nashr, 2018. – V-jild B.360
[7] “Umdatul aqoid” Paygʻambar (s.a.v.)dan keltirilgan bu habarni ulamolar hadis emas, deganlar





