Asosiy qism
Ilm-fanning rivojlanishi butun dunyoda katta shov-shuvlarga sabab boʻldi, ayniqsa, soʻngi asrlarda transport, aloqa, iqtisodiyot, fizika, kimyo, astronomiya kabi fanlardagi tadqiqot va ilmiy izlanishlar misli koʻrilmagan taraqqiyot eshiklarini ochdi. Lekin bu kashfiyotlar yangilik emasligi, bundan 14 asr muqaddam Qurʼoni karimda borliq yaratilganidan beri to yoʻq boʻlgunga qadar barcha mavjud ilmlar (xoh kashf eʼtilgan boʻlsin xoh eʼtilmagan) bayon etilganligini islom olimlar qayta-qayta aytib kelishmoqda. Qurʼoni karimdagi ushbu xabarlarni mufassirlar oʻz tafsirlarida ilmiy yondashgan holda xalqqa bayon etib berishgan va davom etishmoqda.
Tafsir soʻzining lugʻaviy maʼnosi: «al-fasr» kalimasidan olingan boʻlib, bu «bayon qilish«, tushuntirish maʼnosini anglatadi. “Fasara ash-shayʼa” u “bir narsani tushuntirdi» deganidir. “Fassarahu” esa «uni ochib berdi», «uni tushuntirib berdi» deganidir. Alloh taoloning Qurʼoni karimda keltirgan al-fasr kalimasi bu yashiringan narsani ochishdir, at-tafsir esa murakkab yoki tushunarsiz iboraning maqsadini izohlab, uning maʼnosini ochib berishdir[1].»
Imom Sharif Jurjoniy tafsirni quyidagicha taʼriflagan: «Tafsir bu ochish, bayon qilishdir.
Shariat istilohida esa, oyatning maʼnosi, uning qaysi zamonda qaysi makonda va qanday holatda nozil boʻlgani, qissasi va nozil boʻlish sababi haqida ochiq-oydin iboralar bilan tushuntirishdir».
Imom Zarkashiy “Al-Burhan”, «Tafsir bu Allohning Paygʻambari Muhammad (s.a.v.)ga nozil qilgan kitobini anglash, uning maʼnolarini sharhlash, undan hukmlar va hikmatlarni chiqarib olish bilan shugʻullanuvchi fan boʻlib, bu ilm tilshunoslik, nahv (grammatika), tasrif (soʻz yasalishi), balogʻat (notiqlik sanʼati), lugʻat ilmi, qiroatlar kabi fanlarga tayansa, sabab an-nuzul (oyatlarning nozil boʻlish sabablari) va nasx-mansux (bekor qiluvchi va bekor qilingan oyatlar) haqidagi bilimlarga ham muhtoj boʻladi».[2]
Ilmiy tafsirlar – ushbu turkumdagi tafsirlarda mufassir oyatlarni yashab turgan zamonidagi rivojlangan ilm va Qurʼonning moʼjizakorligi oʻrtasidagi bogʻliqlikni ochishga harakat qiladi. Ayrimlar ushbu tafsir turini Rasululloh (s.a.v.) davrida tushunilishi imkoniyati boʻlmagan oyatlar maʼnolarini borliq ilmlar yordamida ochib berish, deya taʼriflagan[3].
Alloh taolo Paygʻambar (s.a.v.)ni toʻgʻri yoʻlga chorlovchi, bashorat beruvchi va ogohlantiruvchi etib yuborishi, Qurʼonni esa nur, hidoyat manbai sifatida nozil qilishi bilan bir qatorda unda aytilgan moʼjizalar borasida chuqurroq tafakkur qilishga ham buyurgan. Jumladan yer va osmon, farishtalar, jin va insonning yaratilishi, bulutlarning paydo boʻlishi, undan yomgʻirning yogʻilishi natijasida oʻlik yerdan turli xil oʻsimliklarning chiqishi, togʻlar, anhorlar, dengizlar kabi bir qator yaratilgan narsalar haqida mushohada qilishga chaqirgan. Qurʼoni karimda ilm ila tafakkur qilishga chaqiruvchi koʻplab misollar mavjud boʻlib quyida bir nechtasini keltirib oʻtiladi:
إِنَّا أَنْزَلْنَاهُ قُرْآنًا عَرَبِيًّا لَعَلَّكُمْ تَعْقِلُونَ[4]
“Albatta, Biz uni (Kitobni) anglashingiz uchun arabiy Qurʼon tarzda nozil qildik[5].”
أَفَلَا يَتَدَبَّرُونَ الْقُرْآنَ أَمْ عَلَىٰ قُلُوبٍ أَقْفَالُهَا[6]
“Axir, ular Qurʼon oyatlari haqida fikr yuritmaydilarmi?! Balki dillarida “qulflar” bordir?[7]”
Shu nuqtai nazardan ham ilmiy tafsirlar tafsirning bir turi sifatida shakllanib rivojlandi. Ilmiy tafsirning tamal toshi Abbosiylar boshqaruvi davrida ilmning keng yoyilishi bilan qoʻyildi[8]. Ushbu ilmning ilk shakllanish davri ham Abbosiylar hukmronligi, aniqroq aytganda hijriy V asrga toʻgʻri keladi. Xususan, Abu Homid al-Gʻazzoliy (vaf. 505/1111 y.) tafsirning ushbu yoʻnalishiga qatʼiy chaqirgan va qozi Ibn al-Arabiy (vaf. 543/1148 y.) ham oʻzining «قانون التأويل» asarida ilmiy tafsir turini eʼtirof etgan. Koʻrinib turibdiki, ilm taraqqiy etgani sari oyatlar maʼnolari shunchalik ochilaveradi. Mufassirlar eʼtiborlarini osmonu-falak, insonning yaratilishi va koʻpayishi, suv, dengiz va yomgʻirlar, nabotot va hayvonot olami borasida kelgan oyatlarni paydo boʻlayotgan ilmiy kashfiyotlar orqali xalqqa ochib berishlari ilmiy tafsirlar vujudga kelishiga katta turtki boʻlgan. Quyida ilmiy tafsir turkumidagi bir nechta tafsirlar koʻrib oʻtiladi.
Birinchisi“At-Tafsir al-Kabir”, shuningdek “Mafatih al-Gʻayb” nomi bilan mashhur boʻlgan asar, Qurʼoni karim tafsiriga bagʻishlangan boʻlib, Shayxulislom Faxriddin ar-Roziy (hijriy 544–606-yillar) tomonidan taʼlif etilgan. Mazkur ikki nom aslida bitta tafsir asarini anglatadi, chunki ular ilmiy adabiyotlarda va tadqiqotchilar orasida Imom Faxr ar-Roziy qalamiga mansub yagona tafsirga nisbatan qoʻllanilgan. Shu bois ayrim ulamolar ushbu ikki atamani jamlab, Faxriddin ar-Roziy tomonidan yozilgan “Mafatih al-Gʻayb” nomi bilan mashhur boʻlgan katta tafsirni nazarda tutadilar[9].
Mazkur tafsir maʼqul (maqbul) aqliy tafsir maktabiga mansub eng muhim va eng mukammal tafsir sifatida eʼtirof etiladi. U nafaqat tafsir ilmi, balki umuman islomiy ilmlar sohasida yirik ilmiy ensiklopediya hisoblanadi. Ushbu asar Qurʼonni aqliy tahlil qilish borasidagi eng yuksak ilmiy urinishlardan biri boʻlib, unda aqliy dalillar, nazariy qarashlar va tafsirga oid fikrlar nihoyatda keng jamlangan. “At-Tafsir al-Kabir” sogʻlom aql va sahih naqlni uygʻunlashtirgan holda yozilgan mukammal tafsirdir. Unda turli fan sohalariga oid keng qamrovli ilmiy bahslar mavjud boʻlib, bu jihatdan u qadimgi va zamonaviy tafsirlar orasida eng uzun, eng batafsil va eng koʻp qarashlarni muhokama qilgan asarlardan biri sanaladi. Imom ar-Roziy tafsirida suralar oʻrtasidagi bogʻliqlik, oyatlar orasidagi munosabatlar yoritiladi, kosmologik masalalarga keng oʻrin beriladi, shuningdek usul al-fiqh, nahv, balogʻat, aqliy istinbotlar mufassal bayon qilinadi. Ushbu tafsirda Qurʼoni karim oyatlarining maʼnolari va ishoraviy qatlamlari tizimli ravishda tahlil qilinib, kalom ilmi masalalari, hukamolarning nazariy qarashlari, fiqhiy mazhablar hamda ularning daliliy asoslari mufassal bayon etiladi. Imom Faxruddin ar-Roziy tafsir davomida Ahl as-sunna val-jamoa aqidaviy tamoyillarini ilmiy dalillar asosida himoya qiladi, muʼtaziliylar va boshqa bidʼatga moyil firqalarning qarashlarini tanqidiy tahlil orqali rad etadi, shuningdek faylasuflarning metafizik va epistemologik yondashuvlariga nisbatan tanqidiy munosabat bildiradi. Mazkur xususiyatlari sababli ushbu asar tafsir ilmi tarixida eng yuksak ilmiy saviyaga ega, eng keng qamrovli va mazmunan eng boy tafsir manbalaridan biri sifatida eʼtirof etiladi[10].
Ikkinchi asar Shayx Tantoviy Javhariyning «al-Javohir fi tafsiril Qur’onil karim» arabchada «الجواهر في تفسير القرآن الكريم» asaridir. Shayx ushbu asarni 1922-1935 yillar mobaynida yozib tugatgan. Asarda 26 jilddan iborat boʻlib 7500 dan ziyod masala yoritilgan.
Asarni ayrim qismlari ilgari “At-Toj al-murassa’ bi-javohir al-Qurʼon val-‘ulum” nomi ostida nashr etilgan. Muallif tafsirga “Al-Javohir” deb nom berishining sababi har bir mavzuni “javohir”, yaʼni ilmiy durdona sifatida taqdim etishidir. Olim tafsirda avval oyatlarning lugʻaviy sharhini beradi, soʻng ularni zamonaviy fanlar xususan botanika, zoologiya, fizika, astronomiya va boshqa sohalar orqali keng tushuntiradi. Shu maqsadda u kitobida koʻplab oʻsimliklar, hayvonlar, tabiat manzaralari va ilmiy tajribalarning tasvirlarini keltiradi.
Mazkur tafsir Sharqiy Osiyo va ayniqsa Eron hududida katta shuhrat qozongan. Fransuz Osiyo jamiyati jurnali bu asar haqida shunday yozgan:
“Shayx Tantoviy — diniy olim boʻlishi bilan birga haqiqiy faylasufdir. U Qurʼonni inson fitrati, ilmiy haqiqatlar va tabiat qonunlariga mos tarzda tafsir etgan.”[11]
Imom Tantoviyning al-Javohir asaridagi ilmiy tafsirga misol:
أَوْ كَظُلُمَاتٍ فِي بَحْرٍ لُجِّيٍّ يَغْشَاهُ مَوْجٌ مِّن فَوْقِهِ مَوْجٌ مِّن فَوْقِهِ سَحَابٌ ظُلُمَاتٌ بَعْضُهَا فَوْقَ بَعْضٍ إِذَا أَخْرَجَ يَدَهُ لَمْ يَكَدْ يَرَاها وَمَن لَّمْ يَجْعَلِ اللَّهُ لَهُ نُورًا فَمَا لَهُ مِن نُّورٍ[12]
“Yoki (ularning amallari) zulmatlar boʻlib, ularni chuqur dengizdagi toʻlqin bosgan, uning ustidan yana toʻlqin, uning ustidan esa bulut, zulmatlar ustiga zulmatlar. Odam qoʻlini chiqarsa, uni koʻra olmaydi. Alloh kimga nur bermasa, bas, u (hech qanday) nurning oʻzini ham topolmaydi.”
Olimning fikricha oyatdagi “zulmatlar ustiga zulmatlar”dan murod okean tubidagi qorongʻulik. U okeanografik maʼlumotlarga asoslanib aytadiki, chuqur dengizlarda (1000 m.dan past) quyosh nurlari deyarli yetib bormaydi, u yerda toʻliq zulmat hukm suradi. Bu ilmiy haqiqat XX-asrda tasdiqlangan.Yana toʻlqin ustiga toʻlqin ichki va tashqi suv oqimlari deganda, dengizdagi tashqi (yuqori) toʻlqinlar bilan birga, ichki (ichkaridagi) toʻlqinlar ham mavjudligini aytadi. Zamonaviy okeanografiya bu «internal waves» deb nomlanishini tasdiqlaydi.»Odam qoʻlini chiqarsa, uni koʻra olmaydi» iborasini dengizning eng past qatlamlaridagi inson koʻrish chegarasini bildiradi deb sharhalagan. Chindan ham inson koʻzi u yerda mutlaqo hech nima koʻrmaydi.
Ilmiy tafsir yoʻnalishidagi uchinchi asar Harun Yahyo (Adnan Oktar taxallusi bilan tanilgan olim)ning “Qurʼon moʼjizalari” asaridir. Asarda Qurʼoni karim nozil qilingan davrda insoniyat tomonidan bilib boʻlmaydigan deb taʼkidlanayotgan ayrim ilmiy haqiqatlarga (jumladan, embriologiya, koinotning kengayishi, temirning kelib chiqishi va boshqalar) ishora qiluvchi oyatlar mavjudligi haqidagi daʼvolarga asoslanadi.
Mazkur asarlarning asosiy maqsadi musulmonlarning eʼtiqodini mustahkamlash hamda Qurʼonning ilohiy manbadan ekanini asoslashdan iborat.
Quyida Horun Yanyoning“Qurʼon moʼjizalari” asaridakeltirilgan ayrim misollar keltiriladi:
Embriologik rivojlanish:
وَلَقَدْ خَلَقْنَا الْإِنْسَانَ مِنْ سُلَالَةٍ مِنْ طِينٍ وَلَقَدْ خَلَقْنَا الْإِنْسَانَ مِنْ سُلَالَةٍ مِنْ طِينٍ (12) ثُمَّ جَعَلْنَاهُ نُطْفَةً فِي قَرَارٍ مَكِينٍ (13) ثُمَّ خَلَقْنَا النُّطْفَةَ عَلَقَةً فَخَلَقْنَا الْعَلَقَةَ مُضْغَةً فَخَلَقْنَا الْمُضْغَةَ عِظَامًا فَكَسَوْنَا الْعِظَامَ لَحْمًا ثُمَّ أَنْشَأْنَاهُ خَلْقًا آخَرَ فَتَبَارَكَ اللَّهُ أَحْسَنُ الْخَالِقِينَ[13])14(
“Qasamki, Biz insonni loyning sarasidan yaratdik.”
“Soʻngra uni (insonning naslini, avvalo) mustahkam qarorgoh (bachadon)dagi maniy qildik.”
“Soʻngra (bu) maniyni laxta qon qilib yaratdik, bas, laxta qonni parcha goʻsht qilib yaratdik, bas parcha goʻshtni suyaklar qilib yaratib, (bu) suyaklarga goʻsht qopladik, soʻngra (unga jon kiritib, oldingi holatidan butunlay) boshqacha bir vujudda paydo qildik. Yaratuvchilarning eng goʻzali – Alloh barakotlidir![14]” Homilaning rivojlanishini oʻrganadigan fan embriyologiya deb ataladi. Embriyologiya sohasida yaqinga qadar suyaklar va mushaklar bir vaqtda paydo boʻlib rivojlanadi, deb oʻylashgan. Shu sababli, baʼzi shaxslar uzoq vaqt davomida Qurʼondagi oyatlarning ilmga zidligini iddao qilganlar.
Biroq rivojlangan texnologiya yordamida olib borilgan mikroskopik tadqiqotlar Qurʼonda bayon etilgan maʼlumotlarning toʻliq va aniq ekanligini koʻrsatdi. Ushbu mikroskopik tekshiruvlar shuni ayon qiladiki, onadagi homilaning rivojlanishi oyatlarda tavsiflanganidek sodir boʻladi. Avvalo, embriondagi xirurgan toʻqima (xirurgan matritsa) suyaklanadi. Keyin esa mushak hujayralari suyaklar atrofidagi toʻqimalardan ajralib chiqib, birlashadi va ushbu suyaklarni oʻrab oladi[15].
Dengizlarning yaqinda olimlar tomonidan aniqlangan xususiyatlaridan biri Qurʼoni karimda shunday bayon qilingan:
مَرَجَ الْبَحْرَيْنِ يَلْتَقِيَانِ (19) بَيْنَهُمَا بَرْزَخٌ لَا يَبْغِيَانِ[16] (20)
«U ikki (xil) dengizni bir-biri bilan yonma-yon turadigan holda chiqarib qoʻydi. (Ammo) u ikkisining oʻrtasida bir toʻsiq boʻlib, ular (oʻsha toʻsiqdan oshib oʻtmaslar)[17].»
Oyatda taʼkidlanganidek, biri-biriga yonma-yon turadigan, ammo suvlari hech qachon aralashmaydigan dengizlar xususiyati okeanshunos olimlar tomonidan yaqinda kashf qilingan. Bu hodisa “sirt tarangligi” nomi berilgan fizik kuch tufayli yuz beradi, qoʻshni dengizlarning suvlari aralashmaydi. Dengizlarning turli zichliklari natijasida yuzaga keladigan sirt tarangligi suvlarning bir-biriga aralashishini toʻsiq sifatida oldini oladi.
Eng qiziq tomoni shundaki, insonlar fizika, sirt tarangligi yoki okeanshunoslik haqida biror maʼlumotga ega boʻlmagan davrda, ushbu haqiqat Qurʼonda allaqachon bayon qilingan[18].
Qurʼonda yana bir noyob ilmiy mazmundagi dalil mavjud. Undagi oyatlardan birida Quyosh va Oy tilga olinarkan, ushbu osmon jismlarining har biri oʻziga xos, aniq belgilangan harakat orbitasiga ega ekani taʼkidlanadi.
وَهُوَ الَّذِي خَلَقَ اللَّيْلَ وَالنَّهَارَ وَالشَّمْسَ وَالْقَمَرَ كُلٌّ فِي فَلَكٍ يَسْبَحُونَ[19]
“U kecha va kunduzni, Quyosh va Oyni yaratgan zotdir. (Bu ikkisining) har biri falakda suzib yurur.[20]”
Oyatda zikr etilgan “suzadi” maʼnosidagi soʻz arab tilida “سَبَحَ” feʼli bilan ifodalangan boʻlib, u quyoshning koinotdagi harakatini tasvirlash uchun qoʻllanadi. Ushbu feʼl harakatning tartibli va muayyan qonuniyat asosida amalga oshishini anglatadi. Yaʼni, Quyosh koinotda betartib tarzda emas, balki oʻz oʻqi atrofida aylangan holda harakat qiladi.
Boshqa bir oyatda esa Quyosh nafaqat aniq belgilangan orbitada aylanishi, balki ayni paytda aylanish jarayonida muayyan yoʻnalish boʻylab ilgarilab harakat qilishi ham taʼkidlanadi.
وَالشَّمْسُ تَجْرِي لِمُسْتَقَرٍّ لَهَا ذَٰلِكَ تَقْدِيرُ الْعَزِيزِ الْعَلِيمِ[21]
“Quyosh (tinmay) oʻz qarorgohi sari sayr qilur. Bu Aziz (qudratli) va Alim (bilimli zot)ning oʻlchovidir.” (Oyatda quyoshning oʻz qarorgohi sari ajratilgan makonda va zamonda sayr etishi, harakatlanishi haqida gap ketmoqda)[22].
Qurʼonda Oliy va Mutlaq Parvardigor tomonidan bayon etilgan ushbu bilimlar insoniyat tomonidan faqat XX-asrda olib borilgan ilmiy kuzatuvlar jarayonida aniqlangan. Astronomlarning hisob-kitoblariga koʻra, Quyosh “Solar Apeks” deb ataluvchi orbitasi boʻylab Vega yulduzi yoʻnalishida soniyasiga nihoyatda katta tezlikda, yaʼni taxminan 720 000 km/soat tezlik bilan harakatlanadi.
Eng sodda hisoblashlarga koʻra, Quyosh bunday tezlikda bir sutka davomida qariyb 17 million 280 ming kilometr masofani bosib oʻtadi. Bu esa Quyosh bilan birga uning tortish kuchi taʼsir doirasida boʻlgan barcha osmon jismlari Quyosh tizimiga mansub sayyoralar va ularning yoʻldoshlari ham har kuni ayni shu masofani bosib oʻtishini anglatadi[23].
Harun Yahyo fikricha, Qurʼon koinotdagi ilmiy haqiqatlarni bayon etish bilan birga, odamzotga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatadigan hidoyat manbai hisoblanadi.
Ilmiy tafsir doimiy yangilanib borishi bilan boshqa tafsir turlaridan ajralib turadi. Chunki ilm-fan rivojlangani sari yangi maʼlumotlar yuzaga chiqadi va ularni Qurʼon oyatlari bilan muvofiqlashtirish ehtiyoji paydo boʻladi. Bu esa ilmiy tafsirni ahamiyatini yanada oshiradi.
Ilmiy tafsirda muhim metodologik masalalardan biri aniq ilmiy haqiqatlar bilan nazariy taxminlar oʻrtasida farq qilish zaruratidir. Qurʼonni faqat isbotlangan ilmiy haqiqatlar asosida sharhlash maʼqul deb hisoblanadi. Aks holda, ilmiy gipotezalar oʻzgarib, Qurʼon oyatlarining sharhi ham oʻzgarib ketishi xavfi bor. Demak har bir Qurʼoni karimni ilmiy uslubda tafsir qilgan yoki qiladigan mufassirga oʻz asarida qatʼiy isbot etgan topgan va keyinchalik oʻzgarishi ehtimoli boʻlmagan ilmiy asoslarga tayangan holda sharhlashi zarur.
Ilmiy tafsirning boshqa tafsirlardan farqlaridan biri shuki anʼanaviy tafsirlarda asosiy eʼtiborni oyatlarning tili, nozil boʻlish sabablari (asbobun-nuzul) va undan kelib chiqadigan sharʼiy hukmlarga qaratsa, ilmiy tafsir borliqning yaratilishi, koinot qonuniyatlari va tabiat hodisalariga oid oyatlarni zamonaviy fan yutuqlari prizmasi orqali tushuntirishga harakat qiladi. Bu tafsir usuli Qurʼonning ilohiy manba ekanligini ilm-fan orqali isbotlashga intiladi.
Xulosa
Yuqorida maqolada tafsir va ilmiy tafsir haqida tushuncha, ilmiy tafsirning ilk paydo boʻlgan davri, uning uslubi, olimlarning tafsirlari va dalillash yoʻllari, ushu ilmga kirishadigan olimlarga qoyilgan shartlar korib chiqildi. Shu jumladan ilmiy tafsir Qurʼoni karimning zamoniy kashf qilinayotgan ilmiy kashfiyotlar haqida miloviy VII-asrda keltirib oʻtilganini jamiyki inson zotiga yetkazishga urinadi va shu bilan bir qatorda bu turdagi tafsirni oqigan musulmonning iymoni mustahkamlanadi, boshqa din vakillari esa bu ila hayratga tushadilar va baʼzilari islomni qabul qiladilar. Maqolada Horun Yanyoning “Qurondagi moʼjizalar”, Faxriddin ar-Roziyning “Mafatih al-Gʻayb” va Shayx Tantoviy Javhariyning “Al-Javohir” kabi yirik olimlarning ilmiy tafsirga bagʻishlangan asarlari korib oʻtildi.
Mahamadjonov Qobil Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabasi
Muharrir: mudarris Toʻlqin Karimov
Foydalanilgan adabiyotlar
- Qurʼoni karim
- Ibn Manzur al-Ifriqiy. Lisan al-Arab. – Bayrut: Darul Maʼrifa
- Az-Zarkashiy. Al-Burhaan fi Ulum al-Qurʼan. –Bayrut: Darul Maʼrifa, 1994
- Maxsuqov D.R. Tafsir ilmiga kirish. –Toshkent: Qaqnus nashriyoti, 2019.
- Doktor Muhsin Abd al-Hamid. Ar-Roziy mufassir sifatida. –Bagʻdod: Dor al-Hurriya, 1974-yil
- Abdulaziz Mansur Qurʼoni karim maʼnolarininng tarjima va tafsiri. –Toshkent: Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, 2009.
- Horun Yahyo. Qurondagi moʼjizalar. –Istanbul: Arastirma nashriyoti, 2000.
- https://ar.wikipedia.org/wiki/%D8%AA%D9%81%D8%B3%D9%8A%D8%B1_%D8%A7%D9%84%D8%B1%D8%A7%D8%B2%D9%8A
- https://archive.org/details/JawaherQuran/Gawaher00/
[1] Ibn Manzur al-Ifriqiy. Lisan al-Arab. – Bayrut: Dar al-Maʼrifa. 5-jild 55-bet
[2] Az-Zarkashiy. Al-Burhaan fi Ulum al-Qurʼan. –Bayrut: Darul Maʼrifa. 1-jild 2-sahifa
[3] Maxsuqov D.R. Tafsir ilmiga kirish. Qaqnus nashriyoti. –Tohkent: 2019. –B. 134
[4] Yusuf surasi 2-oyat
[5] Abdulaziz Mansur Qurʼoni karim maʼnolarininng tarjima va tafsiri. –Toshkent: Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, 2009. –B. 235
[6] Muhammad surasi 24-oyat
[7] Abdulaziz Mansur Qurʼoni karim maʼnolarininng tarjima va tafsiri. –Toshkent: Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, 2009. –B. 509
[8] Maxsuqov D.R. Tafsir ilmiga kirish. Qaqnus nashriyoti. –Tohkent: 2019. –B. 134
[9] Doktor Muhsin Abd al-Hamid. Ar-Roziy mufassir sifatida. –Bagʻdod: Dor al-Hurriya. 1974. 1-jild 53-bet.
[10]https://ar.wikipedia.org/wiki/%D8%AA%D9%81%D8%B3%D9%8A%D8%B1_%D8%A7%D9%84%D8%B1%D8%A7%D8%B2%D9%8A Murojat sanasi 05.02.2026
[11] https://archive.org/details/JawaherQuran/Gawaher00/ Murojat sanasi 05.02.2026
[12] Nur surasi 40-oyat
[13] Moʼminun surasi 12-14-oyatlar
[14] Abdulaziz Mansur Qurʼoni karim maʼnolarininng tarjima va tafsiri. –Toshkent: Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, 2009. –B. 342
[15] Horun Yahyo Quron moʼjizalari. –Istanbul: Arastirma nashriyoti, 2000. –B. 66
[16] Rahmon surasi 19,20-oyatlar
[17] Abdulaziz Mansur Qurʼoni karim maʼnolarininng tarjima va tafsiri. –Toshkent: Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, 2009. –B. 532
[18] Horun Yahyo Quron moʼjizalari. –Istanbul: Arastirma nashriyoti, 2000. –B. 50,51
[19] Anbiyo surasi 33-oyat
[20] Abdulaziz Mansur Qurʼoni karim maʼnolarininng tarjima va tafsiri. –Toshkent: Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, 2009. –B. 324
[21] Yasin surasi 38-oyat
[22] Abdulaziz Mansur Qurʼoni karim maʼnolarininng tarjima va tafsiri. –Toshkent: Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, 2009. –B.442
[23] Horun Yahyo Quron moʼjizalari. –Istanbul: Arastirma nashriyoti, 2000. –B. 17





