Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida buyuk alloma Abu Mansur Moturidiy qalamiga mansub «Kitob at-tavhid» asarining oʻzbek tilidagi ilmiy-izohli akademik nashri taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Mazkur maʼrifiy tadbirda Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurti oʻquv ishlari boʻyicha mudir oʻrinbosari N. Jalolov boshchiligida bilim yurti oʻqituvchilari ishtirok etdilar. Ular asarning mazmun-mohiyati, ilmiy-tanqidiy matni hamda tarjima jarayoni yuzasidan taqdim etilgan maʼruzalarni tinglab, fikr almashdilar.


Tadbirda, shuningdek, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vakillari va soha mutaxassislari tomonidan «Kitob at-tavhid»ning moturidiylik taʼlimotidagi oʻrni, uning nodir qoʻlyozma nusxalari, jumladan “Cambridge” universiteti kutubxonasida saqlanayotgan yagona qoʻlyozma asosida amalga oshirilgan tadqiqotlar haqida atroflicha maʼlumot berildi.
Ushbu nashr moturidiylik taʼlimotiga oid eng moʼtabar manbalardan birini ilmiy-izohli va akademik asosda xalqimizga taqdim etishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Taqdimotda “Koʻkaldosh” bilim yurti vakillarining ishtirok etishi esa ilmiy hamkorlikni mustahkamlash va kalom ilmi merosini chuqur oʻrganish yoʻlida muhim qadam boʻldi.



Saidakramov Saidazimxon Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurti Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi uslubchisi






