Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurti 1-kurs talabasi Abdumalikov Raxmatulloh Abduqahhor oʻgʻli Mahmudxoʻja Behbudiyning 150 yillik yubileyiga bagʻishlangan Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida «Turkiston jadidlarining Islom dini va maʼrifatga qoʻshgan hissalari» nomli ilmiy maqolasi bilan qatnashdi.



Mazkur konferensiya yurtimizda jadidchilik harakati va uning islom dini hamda maʼrifatga qoʻshgan hissasini ilmiy asosda oʻrganish, Mahmudxoʻja Behbudiyning boy ilmiy-maʼrifiy merosini keng targʻib qilish maqsadida tashkil etilgan. Konferensiyada olimlar, tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etib, jadidchilik harakatining milliy va diniy tafakkur rivojidagi oʻrni xususida muhokamalar olib borildi.
Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, Mahmudxoʻja Behbudiy XX asr boshlarida Turkiston jadidchilik harakatining yetakchi namoyandalaridan biri boʻlib, islom dini, taʼlim-tarbiya va maʼrifat rivoji yoʻlida katta xizmatlar qilgan ziyolilar sirasiga kiradi. Uning faoliyati millatni jaholatdan chiqarish, yangi zamonaviy maktablar ochish va diniy-maʼrifiy sohani isloh qilishga qaratilgan edi.
Behbudiy islom dini rivoji uchun oʻzgacha yondashuvlar zarurligini taʼkidlab, shariat ilmlarini zamonaviy dunyoqarash va fan bilan uygʻunlashtirishga intilgan. U anʼanaviy madrasa taʼlimining kamchiliklarini koʻrsatib, bolalarga mantiq, matematika, geografiya, tarix va arab tilini chuqur oʻrgatish zarurligini ilgari surgan. Uning asosiy maqsadi islom dinini toʻgʻri tushuntirish, musulmonlarning ilmiy saviyasini yanada oshirish va ularni zamon bilan hamqadam qilish edi.
Behbudiy oʻzining «Padarkush», «Rohbari najot» kabi asarlarida ham islomiy ong va maʼrifatni rivojlantirish gʻoyalarini ilgari surgan. U Turkiston xalqlari orasida savatxonlik darajasini oshirish, yosh avlodni ilm-maʼrifatga yoʻnaltirish va shariat ilmlarini yangicha oʻqitish tarafdori boʻlgan.
Talabamiz oʻz maqolasida jadidchilik harakatining bugungi kun uchun ham dolzarb ekanini, Behbudiy va uning safdoshlari boshlab bergan ilmiy-maʼrifiy harakat hozirgi yoshlar uchun ham oʻrnak boʻlishi kerakligini qayd etgan.
Uning ushbu tadqiqoti konferensiya ishtirokchilari tomonidan eʼtirof etilib, jadidchilik va islom dini mavzusida olib borilayotgan ilmiy izlanishlarga qoʻshilgan muhim hissalardan biri sifatida baholandi.
Ushbu yutuq Abdumalikov Raxmatulloh uchun katta tajriba boʻlishi bilan birga, Koʻkaldosh bilim yurti talabalari orasida ilmiy izlanishlar olib borish va ilmiy anjumanlarda ishtirok etish anʼanasini rivojlantirishga ham xizmat qiladi.
A.Gʻaniyev
Koʻkaldosh OʻMIBY maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha mudir oʻrinbosari






