Bugungi kunda savdo ilmi juda taraqqiy etib ketdi. Natijada, koʻplab yangi koʻrinishdagi savdo turlari paydo boʻldi. Buning ortidan ushbu savdolarga doir turli savollar ham kelib chiqdi. Ana shu savollarning bugungi kundagi eng dolzarblaridan biri bu – bogʻlangan savdoni bekor qilish. Ana shu savolga Alloma Obid Sindiyning “Tavoli-ul Anvor” asarlaridan kelib chiqib yechim qidiramiz. Buni fiqh ilmida “iqola” deb nomlaydilar. “Iqola” soʻzi “koʻtarish” maʼnosini oʻzida mujassam etadi. Arablarda “Aqolallohu asratahu” degandan “Alloh uning gunohini koʻtardi, yaʼni soqit qildi” degan maʼno iroda qilinadi. Savdoga nisbatan ishlatilganda esa “savdoni bekor qilish” maʼnosida qoʻllaniladi. Savdoni “iqola” qilish, yaʼni bekor qilish iqola lafzlarini aytish bilan durust boʻladi. Bunda ikki lafz ham oʻtgan zamon siygʻasida yoki biri kelasi zamon va ikkinchisi moziy siygʻasida boʻlsa ham boʻladi. Ana shunday savdoni bekor qiluvchi lafzlar bilan boʻlmoqligi iqolaning ruknidir. Misol uchun haridor: “Bogʻlagan savdoyimizni bekor qil” deydi, sotuvchi esa: “Bekor qildim” deydi. Iqolada ikki tomon ham, sotuvchi ham, haridor ham iqolaga yaʼni savdoni buzishga rozi boʻlishi kerak[1]. Eslatib oʻtamiz iqola bu ayb bilan savdoni bekor qilish emas, agar ayb boʻlsa bu iqola boʻlmaydi. Har ikki tomonning roziligi iqolada bir majlisda topilishi kerak. Yana iqolada rozilikka dalolat qiluvchi feʼl ham qabul oʻrniga oʻtadi. Masalan tovarni sotib olgan haridor uni sotuvchiga qaytarib olib kelib “savdoni buzdim” deb, tovarni sotuvchiga bersa va sotuvchi hech narsa demay tovarni qaytarib olsa bu iqolaga rozilikni bildiradi. Yana iqola durust boʻlishi uchun tovar turgan boʻlishi, halok boʻlmagan boʻlishi shart. Agar tovar halok boʻlsa iqola durust boʻlmaydi. Yana bir iqolaning sharti sotuvchi sotgan narsasining pulini qoʻliga ushlamay turib uni haridorga hiba-hadya qilib yuborsa iqola durust boʻlmaydi. Chunki bu pulsiz savdo boʻlib qoladi. Iqola esa uchunchi shaxs uchun savdo hisoblanadi. Qarzni hiba qilish esa qarzdan kechish boʻladi. Lekin pulni sotuvchi qoʻliga olib keyin hiba qilsa unda iqola qilib pulni qaytarib olsa durust boʻladi. Iqolaning joizlik daliliga kelsak, bu borada Rosulullohﷺ dan quyidagi hadis vorid boʻlgan: “Kim bir musulmondan iqola qilsa(savdosini bekor qilsa), Alloh uning gunohini ketkazadi”. Iqolaga taalluqli hukmlardan yana biri iqola savdo bogʻlangan vaqtdagi aytilgan pul evaziga boʻlishi kerak[2]. Agar iqola vaqtida bu puldan koʻprogʻi aytilsa, yoki kamroq aytilsa ham, yoki birinchi puldan boshqa jinsdagi pul aytilsa ham bu aytilganlar botil boʻlib, iqola birinchi savdo bogʻlangan pulga bogʻlanib qolaveradi. Bugungi kunimizda odatda savdogarlar iqola lafzini ishlatishmaydi lekin qaytarish va shu maʼnodagi soʻzlardan foydalanishadi. Va bu ham savdoni bekor qilish oʻrniga oʻtaveradi. Yuqorida iqola savdo aqdi bogʻlangan pul evaziga boʻlishini undan kamiga boʻlmasligini aytdik. Ammo, tovar haridor qoʻlida turganda unda ayb paydo boʻlsa, keyin sotuvchi shu aybi bilan tovarni biroz pastroq narxga qaytarib olishga rozi boʻlsa, birinchi puldan ozroq pulga ham savdoni bekor qilsa boʻladi. Ammo narxning tushishi ayb miqdoricha boʻlishi kerak undan koʻp yoki kam boʻlmasligi shart[3]. Ana shu jihatga baʼzi hollarda amal qilmaslik holatlari kuzatilib qoladi. Baʼzi haridorlar sotib olgan tavari yoqmay qolsa yoki olib boʻlgandan keyin unga boʻlgan hojati ketib qolsa sotuvchining oldiga borib, huddi sotuvchi savdoni bekor qilishga majburdek muomalada boʻladi. Tabiiyki sotilgan maxsulotda ayb boʻlsa sotuvchi aybli maxsulotini qaytarib olishi yoki nuqsonni toʻlab berishi kerak, ammo sotuvchiga taalluqli boʻlmagan holatlarda u ham savdoni bekor qilish majburiyatiga ega emas. Haridorning ana shunday hollardagi qaysarligi baʼzi hollarda nizoga sabab boʻlib qoladi. Savdogarlar ham baʼzan judda qattiq turib olishadi. Baʼzi hollarda esa savdoni bekor qilganlik uchun shariatda yoʻq boʻlgan toʻlovlarni shart qilib qoʻyishadi bu bilan esa haridorga zarar berishadi, vaholanki dinimizda zaralanish ham, zarar berish ham yoʻq. Toʻgʻri savdoni bekor qilish ularning ham majburiyati emas, lekin yuqorida hadisda oʻrgandik, kim birodarining savdosini iqola-bekor qilsa Alloh taolo ham uning xatolarini ketkazadi. Iqolaga doir bilimlar esa savdogar va haridorni nizoli hollardan uzoq qiladi va xatolar kechirilishiga, nizolar barham topishiga sabab boʻladi. Yuqorida oʻtganlardan iqolaning joiz ekani, vojib emasligi tushunildi. Lekin, iqola qilish vojib boʻlgan oʻrinlar ham bor. Makruh va fosid savdo aqdlarida iqola-savdoni bekor qilish vojib boʻladi. Chunki bunday savdo aqdlarini bogʻlash maʼsiyat, shunday ekan har ikki tomon, sotuvchi va haridorga savdoni buzush vojib boʻladi. Bunday, savdoni buzush vojib boʻlgan oʻrinlarda esa na sotuvchining va na haridorning roziligi yoki noroziligiga qarab oʻtirilmaydi. Hatto ulardan biri savdoni buzmaslik fikrida qatʼiy turib olsa ham savdoni buzush har ikki tomon uchun vojib boʻlib qolaveradi[4]. Bunday holatdagi savdoni buzish majozan iqola deyiladi. Yana agar sotuvchi haridorni aldab sotgan boʻlsa ham sotuvchi savdoni iqola qilishi zimmasida vojib boʻladi. Buni yuqoridagi fosid va makruh savdodan farqi bu yerdagi savdoni buzish faqat yolgʻon ishlatgan sotuvchi zimmasida vojib boʻladi, aldangan haridor zimmasida vojib boʻlmaydi. Agar haridor shunga rozi boʻlsa savdoni buzmasa ham boʻladi. Chunki bu yerda haridor oʻziga yetayotgan zararga rozi boʻlyapti, yuqoridagi fosid va makruh savdoda esa shariat haqqi bor, uni esa na haridor va na sotuvchi kecha olmaydi. Shuning uchun fosid aqdda ikki tomon ham buzishga majbur boʻladi. Yana iqolaga tegishli bugungi kunimizda ham koʻp uchraydigan hukmlardan biri toʻlovni qanchadir muddat ichida toʻlash. Iqola qilinganda pulni qaytarish uchun qanchadir muddat belgilash ham fosid shart hisoblanadi. Bu huddi yuqorida oʻtgan birinchi puldan koʻp yoki kam qaytarishni shart qilganda sharti bekor boʻlib iqolasi durust boʻlgani kabi amalga oshadi. Yaʼni sotuvchi savdoni bekor qilishga rozi boʻlsa-yu, lekin pulni darrov emas balki bir necha kun ichida qaytarishni shart qilsa, bu shart amalga oshmaydi va eʼtiborga olinmaydi, natijada sotuvchi haridorga toʻlovni naqd shaklda darhol qaytarishi kerak boʻladi[5]. Iqolaga tegishli hukmlardan yana biri manqul-koʻchar mulkni qabzdan oldin sotishning joizligidir. Yaʼni asl qoidaga koʻra manqul mollarni qabz qilishdan oldin sotib boʻlmaydi. Lekin sotuvchi va haridor savdoni iqola-bekor qilsa, sotuvchi ana shu savdodagi, oʻzi sotgan va oʻziga qaytgan tovarni qabz qilmay turib yana oʻsha haridorga sotib yuborsa boʻladi[6]. Haridor esa iqoladan keyin yana oʻsha tovarni sotib olishni istasa endi qaytadan qabz qilishi kerak boʻladi. Lekin sotuvchi iqola qilingan tovarni shu haridordan boshqa haridorga sotmoqchi boʻlsa avval tovarni qabz qilishi shart. Shular iqolaning umumiy hukmlari edi. Bu hukmlarga amal qilish bilan esa ijtimoiy hayotimizni nizolardan va zarar koʻrish hamda zarar berishdan saqlagan boʻlamiz.
Karimov Toʻlqin, «Koʻkaldosh» OʻMIBY mudarrisi
[1] Ibrohim Abdulhannan. “Tavoli-ul Anvor” Alloma Obid Sindiy.-Quvayt: Quvayt Universiteti, 2016.-B. 170.
[2] Muhammad Taqiy Usmoniy.Fiqhul-Buyu’.-Damashq:Dorul-qalam,2020.-B. 1095.
[3] Muhammad Taqiy Usmoniy.Fiqhul-Buyu’.-Damashq:Dorul-qalam,2020.-B. 1096.
[4] Ibrohim Abdulhannan. “Tavoli-ul Anvor” Alloma Obid Sindiy.-Quvayt: Quvayt Universiteti, 2016.-B. 191.
[5] Ibrohim Abdulhannan. “Tavoli-ul Anvor” Alloma Obid Sindiy.-Quvayt: Quvayt Universiteti, 2016.-B. 199.
[6] Ibrohim Abdulhannan. “Tavoli-ul Anvor” Alloma Obid Sindiy.-Quvayt: Quvayt Universiteti, 2016.-B. 202.






