«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurtida bugun Respublikamiz Mustaqilligining 34 yilligini munosib nishonlash hamda 2025–2026 oʻquv yili boshlanishini tantanali ravishda qarshi olish munosabati bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida bayram tadbiri oʻtkazildi.








Bayramona tadbirga Din ishlari boʻyicha qoʻmita Taʼlim boʻlimi mutaxassisi E. Alimqulov, Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi, Toshkent shahar bosh imom-xatibi oʻrinbosari E. Rustamov, Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi Taʼlim va ilmiy-tadqiqot boʻlimi mutaxassisi Hurmuhammad Nurbayev hamda talabalarning ota-onalari va faxriy ustozlar tashrif buyurdilar. Tadbirda bilim yurti mudarris va xodimlari, shuningdek barcha talabalar ishtirok etdilar.






Tadbir Respublikamiz Madhiyasi bilan boshlandi.
Tadbirni bilim yurti mudiri, islomshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori, (PhD) Erkayev Mamurjon domla tadbirga yigʻilgan mehmonlar, mudarris va talabalarni Respublikamiz Mustaqilligining 34-yilligi hamda yangi 2025-2026 oʻquv yili tabrigi bilan ochib berdi. Soʻng Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi, Toshkent shahar bosh imom-xatibi oʻrinbosari E.Rustamov barchani Respublikamiz Mustaqilligining 34 yilligi hamda yangi oʻquv yili bilan muborakbod etib, talabalarga oʻzlarining qimmatli tavsiyalarni berdi. Undan tashqari hozirgi tahlikali zamonda barchamiz hushyor boʻlishimiz, hozirgi notinch dunyoda boʻlayotgan siyosiy jarayonlardan va jamiyatimizga xavf solayotgan barcha xavf-xatarlardan yaxshi xabardor boʻlishimiz kerakligini aytib oʻtdilar. Talabalarga bilim yurtida yaxshi taʼlim-tarbiya olib, kelajakda yaxshi mutaxassislar boʻlib yetishib chiqishishlarini tiladilar. Oʻqituvchi mudarrislarga talabalarga taʼlim-tarbiya berishda kuch-quvvat tiladi.



Tadbir davomida Din ishlari boʻyicha qoʻmita Taʼlim boʻlimi mutaxassisi E.Alimqulov hamda Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi Taʼlim va ilmiy-tadqiqot boʻlimi mutaxassisi H.Nurbayev soʻzga chiqib, oʻz maʼruzalarida Mustaqillik bayramining maʼnaviy ahamiyati, yangi oʻquv yilida yoshlardan kutilayotgan yutuqlar, diniy-maʼrifiy tarbiyaning dolzarb jihatlari hamda Vatan ravnaqi yoʻlida yoshlarning faol ishtiroki haqida atroflicha fikrlarni bildirib oʻtishdi.
Tadbir soʻngida, 2024–2025 oʻquv yilida yuksak natijalarga erishib, oʻz namunali xulqi va faolligi bilan boshqa talabalarga ibrat boʻlgan bir guruh talabalar maqtov yorliqlari hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
Yakunda Qurʼoni karim tilovat qilinib, yurtimiz mustaqilligi bardavom boʻlishi, Vatanimiz tinchligi va farovonligi hamda xalqimizning buyuk kelajagi uchun ezgu duolar qilindi.
«Koʻkaldosh» OʻMIBY Matbuot xizmati






