Bagʻrikenglik – insoniyat uchun muhim va zaruriy qadriyatdir. Bu tushuncha kishilarning oʻzaro hurmat va eʼtiborda boʻlishlarini, bir-birining fikrlariga, qarashlariga, diniy va milliy eʼtiqodlariga hurmat bilan munosabatda boʻlishini anglatadi. Bagʻrikeng inson boshqalarning fikrlari va hayot tarzlarini toʻgʻri tushunishga, ularning eʼtiqod va qarashlariga chidamli va bardoshli boʻlishga harakat qiladi. Shu tariqa jamiyatda tinchlik va osoyishtalik saqlanib, oʻzaro murosaga erishiladi.
Bagʻrikenglik faqat gapda qolib ketmasligi kerak, balki harakatlarimizda, ishimizda, kundalik munosabatlarimizda koʻrinishi zarur. Bu tushuncha oilada, maktabda va jamiyatda oʻrgatilishi va namoyon etilishi kerak. Masalan, oʻquvchilar orasida milliy va diniy bagʻrikenglikni rivojlantirish, ularni har xil fikr va qarashlarga ochiq boʻlishga oʻrgatish muhimdir.
Bagʻrikenglik jamiyatni birlashtiradigan kuchli omil boʻlib, insonlarni bir-birlariga yaqinlashtiradi va jipslashtiradi. Har bir inson bir-birini tushunishga, hurmat qilishga va bagʻrikeng boʻlishga intilgan jamiyatda tinchlik va barqarorlik mustahkamlanadi. Shu sababli, bagʻrikenglikni rivojlantirish va uni saqlash har bir kishining masʼuliyatidir.
Bugungi kunda xalqlar va dinlar orasidagi bagʻrikenglik, tolerantlik gʻoyasi dunyoda eng dolzarb masalalardan biridir. Bu borada YUNESKO tomonidan 1995-yil Parijda “Bagʻrikenglik tamoyillari deklaratsiyasi” qabul qilingan. Birlashgan millatlar tashkiloti esa 16-noyabr “Bagʻrikenglik kuni” deb eʼlon qilgan.
Maʼlumki, bagʻrikenglik gʻoyasi – turli millat va elatlar vakillarining bir zamin, bir vatanda olijanob gʻoya va niyatlar yoʻlida hamkor va hamjihat boʻlib yashashini anglatadi. Qadim-qadimdan milliy qadriyatlarimiz ezgulik gʻoyalariga asoslanib, yaxshilik, tinchlik, doʻstlik kabi fazilatlarga tayanib kelgan. Odamlarni halollik, poklik, mehr-oqibat va bagʻrikenglikka chorlagan.
Mustaqillik sharofati bilan 130 dan ortiq millat va elat vakillari yashaydigan Oʻzbekistonda turli millat va elat vakillari farovon yashashi, osoyishta hayot kechirishi uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Etnik munosobatlar va din sohasida olib borilayotgan izchil va oqilona siyosat tufayli mamlakatimizda millatlararo totuvlik, dinlar va konfessiyalararo hamkorlik qaror topdi. Konstitutsiyamizda «Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqyeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar», degan tamoyilning mustahkamlab qoʻyilishi esa, bu boradagi ishlarning qonuniy asosi boʻlib xizmat qilmoqda.
Amirov Lochin, “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurti 4-kurs talabasi





