Bugun “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurti ustoz va talabalari ishtirokida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Fiqh va aqidaga oid ixtilofli masalalar yechimi” kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi.



Kitob hozirgi davrimizdagi eng dolzarb mavzularni oʻz ichiga olgani bilan juda eʼtiborlidir. Binobarin xalqimiz musulmonlari orasida ba]zida kuzatilib turadigan turli xil ixtiloflar va kelishmovchiliklarga barham berish bugungi kunimizining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.



Tadbir avvalida bilim yurtining oʻquv uslubiy boʻlim boshligʻi Jaloliddin domla Xolmoʻminov soʻzga chiqdilar va mazkur kitobdagi aqida va fiqhga oid masalalar oyat va hadis asosida keng yoritilganini hamda unda koʻtarilgan muammolar voqelikda roʻy berib turgan jonli mavzular ekanini aytib oʻtdilar.


Keyin esa bilim yurti matbuot kotibi Rustam domla Oxunjonov soʻzga chiqib, kitobda hozirgi kundagi fitnaga sabab boʻlayotgan, koʻpincha ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab muhokama va tortishuvlarga yoʻl ochib berayotgan masalalarga ilmiy va toʻlaqonli javob berilganligini ham taʼkidlab oʻtdilar.
Tadbir soʻnggida ustoz Jaloliddin domla Xolmoʻminov kitobning xalqimiz hamda butun dunyo musulmonlariga manfaatli boʻlishini soʻrab duo qilib berdilar.
Axborot resurs markazi mudiri A.Bannayev





