Xabaringiz bor bir necha kunlardan beri yurtimizda Turkiy davlatlar tashkiloti musulmon diniy idoralari rahbarlarining IV yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Shu munosabat bilan Turkiy davlatlarining mashhur ulamolari va muftiylari davlatimizda mehmon boʻlib turibdi.
Kuni kecha ana shunday mashhur ulamolardan biri shayx, doktor Saloh Abul Haj yurtimizga kelib Buxoroni ziyorat qildilar. Tashrifning ikkinchi kuni doktor Saloh Abul Haj Toshkentga yetib kelib “Koʻkaldosh” oʻrta-maxsus islom bilim yurtiga tashrif buyurdilar. Mehmonni bilim yurti mudiri Abdulhakim qori Matqulov kutib oldilar.



Tashrif avvalida ustoz madrasaning tarixi, hamda bu yerda xizmat qilib kelayotgan ustozlar bilan yaqindan tanishdilar. Shundan soʻng, madrasaning barcha talaba va ustozlariga “Hanafiy mazhabining ahamiyati va mazhabsizlikning salbiy oqibatlari” mavzusida maʼruza qilib berdilar. Tadbir yakunida, ustoz mavzu boʻyicha berilgan savollarga javoblar berdi va yigʻilganlarning haqqiga duoyi xayrlar qildi.




Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki doktor Saloh Muhammad Solim Abul Haj hozirgi kundagi koʻzga koʻringan hanafiy ulamolaridan biri boʻlib, Iordaniyadagi Islom ilmlari xalqaro universiteti, hanafiy fiqhi fakulteti mudiri vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda. Iordaniyadagi Hanafiy mazhabiga muvofiq arab tilida fatvo chiqaradigan «Anvorul ulamo» deb nomlangan birinchi boʻlib tashkil etilgan fatvo markazi muassisi va muftiysi. 200 dan ortiq maqolalar, ilmiy ishlar va ilmiy tahrirlar muallifi hisoblanadilar.
Rahmatulloh SAIDJALOLOV
«Koʻkaldosh» OʻMIBY Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi xodimi






