Hikoyalarda aks etgan “qirq hadis”.
Farzandlarimiz uchun…
17-hadis
Kunlarning birida Akmal ismli bolakay doʻstlari bilan birga berkinmachoq oʻynayotgan edi. Oʻyin boshlangan, bolalarning barchasi berkinish uchun har tomonga tarqalib ketishar edi. Akmal berkinish uchun yoʻl chetidagi katta kashtan daraxti ortidan joy topdi. Sheriklarini qidirib topish vazifasi yuklatilgan bolakay uni bu yerdan topib olishi qiyin edi. Shu payt oppoq soqolli notanish bir kishi kashtan daraxti ortida berkinib turgan Akmalni oldiga keldi va:
“Oʻgʻlim, sendan bir manzilni soʻramoqchiman”,-dedi. Akmal tezda ortiga oʻgirildi-da otaxonga qarab koʻrsatgich barmoqlarini burni ustiga qoʻyib: “jim, jim!” – dedi. Nima uchun jim turish kerakligini bilmagan qariya hayrat bilan Akmalga eʼtiroz bildirib dedi: “Nega men jim turishim kerak oʻgʻlim?! Senga savol berdim, bilsang javob ber, bilmasang oʻzing jim boʻl! Haqiqatdan ham, bu shaharlik bolalar qandaydir gʻalatida!”
Bolalarni qidirib topayotgan bola keksa otaxon daraxtning ortidagi kim bilandir gaplashayotganini koʻrib, doʻstlaridan biri oʻsha yerga yashiringanini sezdi va oyoq uchida yurib daraxt tomonga yaqinlasha boshladi. Bu vaqtda toqati toq boʻlgan qariya ortiga qaytib ketishga chogʻlandi va dedi:
“Afsus, bu bolalarga Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamning quyidagi soʻzlarini oʻrgatishmagan ekan:
من هدى زقاقا كان له مثل عتق رقبة
“Kim bir kishiga yoʻl koʻrsatib yuborsa unga qul ozod qilish mislicha savob boʻladi” (Termiziy, Birr 37). Akmal qariyaning bu gaplarini eshitib oʻzidan uyalib ketdi. Oʻyinni ham unutdi. Otaxonning yoniga kelib qilgan ishi uchun uzr soʻradi va uni qoʻllaridan tutib kerakli manzil tomon yetaklab keta boshladi.
Oxunjon AHMEDOV tarjimasi
«Koʻkaldosh» OʻMIBY mudarrisi





