Kitob oʻqiydigan odamning soʻz boyligi katta boʻladi. Chunki kitob oʻqilganda kishi oddiy kundalik hayotda ishlatilmaydigan soʻzlarni ham uchratadi. Bu soʻzning maʼnosini lugʻatdan izlash ham shart emas, zero kitob umumiy mazmunidan soʻzning maʼnosi ham kelib chiqadi. Shu tariqa kitob oʻqigag inson nafaqat soʻz boyligini orttiradi, balki bilimini ham orttiradi.
Kitob oʻqish boshqa odamlar bilan muloqot qilishga yordam beradi. Yaʼni kitob oʻqigan odam oʻz fikrlarini chiroyli, aniq, yorqin ifodalash imkoniga ega boʻladi. Bir nechta mumtoz adabiyotni oʻqishning oʻzida ham kishida gapirish sanʼati bir qadar rivojlangani seziladi. Shu tariqa kishi yaxshi suxbatdosh boʻla oladi, odamlarda oʻzi haqida yaxshi tassurot qoldiradi.
Kitob oʻqish insonni dadillashtiradi. Kitob oʻqigan insonning oʻziga ishonchi kattaroq boʻladi. Chunki kitobdan olgan ilmlari unga madad beradi. Atrofingizdagi olamlarda esa siz haqingzda yaxshi tasavvur uygʻonadi. Bu esa sizni yanada jurʼatli qiladi.


Kitob oʻqish stresslarni kamaytiradi. Stresslar bugungi odamlarning eng asosiy muammosiga aylangan. Kitob tekstining boyligi va ritmi inson ruxiyatini tinchlantiruvchi va stresslarni bartaraf etuvchi, chalgʻituvchi xususiyatga ega. Ayniqsa uyqudan oldin kitob oʻqiganlar buni yaxshi bilishadi. Kitob oʻqish natijasida xotira va fikrlash qobiliyati rivojlanadi.


Tafakkurni (fikrlash qobiliyatini) rivojlantirish kitob oʻqishning eng samarali xususiyatidir. Chunki kitob oʻqiganimizda biz ekranlardagi bir tasvirdan boshqqasiga shunchaki koʻchib oʻtmaymiz, balki asarni tushunish uchun asar qahramonlari va boshqa qatnashchilarning xarakterlari, gap soʻzlari, xulqu atvori, fikrlash tarzlari, tabat va b. haqida fikrlashimizga toʻgʻri keladi.


Shu boisdan kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirish, yosh avlodni kitobxonlikka boʻlgan qiziqishini oshirish va taʼlim muassasasi kutubxonasiga keltirilgan yangi nashrdagi badiiy kitoblar bilan mudarrislar va talabalarni tanishtirish maqsadida 12-aprel kuni “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasida badiiy kitoblar koʻrgazmasi tashkil etildi. Koʻrgazmada taʼlim muassasasi mudarris va talabalari faol qatnashdilar. Koʻrgazmada yuzdan ortiq mahalliy va jahon adabiyoti namoyondalarining asarlari taqdim etildi. Taʼkidlash joizki, bu koʻrgazma talabalar oʻrtasida kitobxonlikni yangi darajaga olib chiqishga katta xizmat koʻrsatadi. Koʻrgazmada yangi nashrdan chiqqan “Ikki eshik orasi”, “Telba”, “Jinoyat va jazo”, “Oʻtkan kunlar”, “Yulduzli tunlar”, “Erta qaytgan turnalar”, “Qiyomat” kabi yuzdan ortiq badiiy adabiyotlar koʻrgazmadan joy oldi.
Botir Bolbekov
Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi ARM boʻlimi boshligʻi





