Hurriyat va mustaqillik inson hayotida eng muhim qadriyat va neʼmatlardan biri hisoblanadi. Uning aksi boʻlgan qullik va istibdod esa eng ogʻir sinovlardan biri ekaniga shubha yoʻq. Agar bu istibdod bir shaxsni emas, balki butun bir qavm yoki millatni qamrab olgan boʻlsa, bu katta falokatdir. Shu bois mustamlakachilikdan qutulish ham tengsiz neʼmatlardan biridir. Biz quyida koʻpincha faqat fiqhiy jihatidan eʼtibor qaratiladigan bir hadisi sharif asosida ushbu neʼmat haqida tafakkur qilib koʻramiz. Ushbu hadisni imom al-Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilishgan:
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ تَعَالَى عَنْهُمَا قَالَ: قَدِمَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْمَدِينَةَ فَرَأَى الْيَهُودَ تَصُومُ يَوْمَ عَاشُورَاءَ، فَقَالَ: مَا هَذَا؟ قَالُوا: هَذَا يَوْمٌ صَالِحٌ، هَذَا يَوْمٌ نَجَّى اللهُ بَنِي إِسْرَائِيلَ مِنْ عَدُوِّهِمْ فَصَامَهُ مُوسَى، قَالَ: فَأَنَا أَحَقُّ بِمُوسَى مِنْكُمْ، فَصَامَهُ وَأَمَرَ بِصِيَامِهِ.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelib, yahudiylarning Ashuro kuni roʻzasini tutayotganlarini koʻrdilar. “Bu nima?” dedilar. “Bu solih kundir. Bu Alloh Banu Isroilni dushmanlaridan qutqargan kun. Shu bois Muso uning roʻzasini tutgan”, deyishdi. U zot: “Men Musoga sizlardan koʻra haqliroqman”, dedilar hamda uning roʻzasini tutdilar va tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyati).
Yuqoridagi hadis Ashuro kuni roʻzasi haqidagi hadislar bobida keltirilgan boʻlib, uning zamirida insoniyat uchun eng aziz neʼmatlardan biri boʻlgan ozodlik gʻoyasi yotadi.
Islom tarixida Ashuro kuni oʻziga xos oʻringa ega boʻlib, u nafaqat ibodat, balki haqiqiy ozodlik va mustaqillik bayrami sifatida ham talqin qilinadi.
Bu voqea Ashuro kunining tub mohiyatini koʻrsatadi. Bular – mustaqillik, yaʼni bir xalqning asorat va qullik kishanlaridan qutulishi. Hurriyat esa zulmkor Firʼavn ustidan qozonilgan gʻalaba va eʼtiqod erkinligining tantanasidir.
Bani Isroil uzoq vaqt Firʼavnning zulmi va asorati ostida yashagan. Ashuro kuni – bu millatning jismoniy va maʼnaviy qullikdan xalos boʻlib, oʻz eʼtiqodi va erkinligiga erishgan kunidir. Manbada taʼkidlanishicha, bu kun Alloh oʻz bandalarini “dushmanlaridan qutqargan” kundir. Bu esa har qanday xalq uchun mustaqillik naqadar ulugʻ neʼmat ekanligini koʻrsatadi.
“Al-Jomiʼ as-sahih” kitobining sharhi boʻlgan “Umdat al-Qori” asarida keltirilishicha, baʼzi xalqlar, jumladan Xaybar yahudiylari Ashuro kunini bayram sifatida nishonlashgan, ayollariga eng goʻzal kiyimlarini kiydirishgan. Bu ham zulmdan qutulishning quvonchli xotirasi sifatida talqin qilingan.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning bu kuni roʻza tutishlari – erishilgan hurriyat va ozodlik uchun Allohga qilingan amaliy shukronadir. Islom nuqtai nazaridan, mustaqillik shunchaki siyosiy tushuncha emas, balki Yaratganning buyuk marhamati boʻlib, buni bayram qilish va eʼzozlash lozimligiga ishora qiladi.
Ashuro kuni shunchaki taqvimdagi bir sana emas, balki zulm zanjirlarining parchalanishi va haqiqatning gʻalabasi ramzidir. “Umdat al-Qori” asari bizga shuni oʻrgatadiki, mustaqillik va hurriyat – Allohning eng buyuk neʼmatlaridan biri boʻlib, uning shukronasi sifatida tutilgan roʻza insonni ham jismonan, ham ruhiy jihatdan poklaydi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Muso alayhissalom gʻalabasiga oʻzlarini haqli koʻrishlari esa Islomning barcha davrlardagi ozodlik harakatlariga xayrixoh ekanligiga ishoradir.
Zulm ustidan qozonilgan gʻalaba va mustaqillik tantanasi faqat bir millatga emas, balki butun insoniyatga, barcha haq yoʻlidagi insonlarga tegishli umumiy qadriyatdir.
Islom tarixidagi eng muhim sanalardan biri – Makkadan Madinaga hijrat kunidir. Musulmonlar hatto oʻzlari uchun yillarni hisoblashda ushbu kunni taqvim boshi sifatida tanlab olishgan. Hijrat nafaqat bir joydan ikkinchi joyga koʻchib oʻtish, balki Banu Isroil Firʼavn zulmidan ozod boʻlgani kabi, Makka mushriklari zulmidan ozod boʻlib, mustaqil davlatga ega boʻlgan kun hamdir. Shunga koʻra, xulosa qilib aytadigan boʻlsak, mustaqillikka erishish va uni asrab-avaylash – xuddi Muso alayhissalom va Muhammad sollallohu alayhi vasallam sunnatlarida boʻlgani kabi – shukrona va ibodat bilan qarshilanadigan ulugʻ voqeadir.
“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurti oʻqituvchisi Ahmedov Jaloliddin





