Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻttiz besh yilligi munosabati bilan eʼlon qilingan Prezident Farmoniga muvofiq, bilim yurtimiz talabasi Turakulov Kaxraman Izatullayevich davlatimizning yuksak mukofotiga sazovor boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimiz mustaqilligining oʻttiz besh yilligi munosabati bilan bir guruh xodimlarni mukofotlash toʻgʻrisidagi Farmoni eʼlon qilindi. Ushbu Farmonga muvofiq, fan, taʼlim, madaniyat, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalarda samarali mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz qatori diniy-maʼrifiy soha vakillari ham davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.
Kecha boʻlib oʻtgan tantanali taqdirlash marosimida «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurti talabasi Turakulov Kaxraman Izatullayevich «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi.
Bu mukofot — nafaqat bir talabaning shaxsiy yutugʻi, balki 475 yillik boy tarixga ega boʻlgan bilim yurtimiz, uning ustozlar jamoasi va barcha talabalari uchun katta sharaf va iftixordir. Ilm yoʻlidagi izlanish, fidoyilik va halol xizmat hech qachon eʼtibordan chetda qolmasligini bugungi quvonchli xabar yana bir bor tasdiqladi.
«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurti rahbariyati va professor-oʻqituvchilari jamoasi Turakulov Kaxraman Izatullayevichni yuksak mukofot bilan muborakbod etadi. Kelgusi faoliyatida yanada ulkan yutuqlar, ilm va maʼrifat yoʻlidagi ezgu maqsadlariga erishishda doimiy muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.
✒️ Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurti Matbuot xizmati





