Hikoyalarda aks etgan “qirq hadis”.
Farzandlarimiz uchun…
6-hadis
Yoz kunlarining birida anhor boʻyida bir nechta bolalar oʻynab yurgan edi. Ularning orasida Gʻaffor ismli bolakay ham boʻlib, u doim jonivorlarni qiynoqqa solib yurganligi bois bolalar unga “gʻaddor” (qahri qattiq, zolim) deya laqab qoʻyib olishgan edi. Gʻaffor har safar yangi-yangi qaltis oʻyinlarni oʻylab topar edi. Oʻziga taklif qilingan odatiy oʻyinlarni esa xushlamas edi. Kunlarning birida Gʻaddor oʻziga hamfikr boʻlgan doʻstlari bilan chetroqqa oʻtib nimalarnidir kelishib oldi. Soʻng ular bolalarning oldiga kelib, yangi qiziqarli oʻyin oʻylab topganlarini eʼlon qilishdi. Bolalarning barchasida qiziqish paydo boʻldi. Gʻaffor esa doʻstlari bilan bu mahallaga yaqinda koʻchib kelgan, suzishni bilmaydigan Alining ortidan borib toʻsatdan uni dast koʻtarishdi-yu siltab-siltab suvga uloqtirishdi. Qoʻrquv iskanjasida qolgan Ali suv yuzasida bir koʻrinib bir gʻoib boʻlib tipirchilar edi. Uning jon talvasasida qilgan bu harakatlari Gʻaffor va uning sheriklarini kulgisiga sabab boʻlar edi xolos. Shu asnoda bolalar orasida turgan jasur bolakay Ismoil darhol kiyimlarini yechib oʻzini suvga otdi. Faqat ugina Gʻafforga qarshi harakat qila olar, bunday nohaqlikka jim qarab tura olmasdi. Ikki daqiqa oʻtar-oʻtmas Ismoil Alini qirgʻoqqa olib chiqdi. Oxirgi soniyalarda bu voqeaga guvoh boʻlib qolgan yuzlari istarali bir kishi Ismoilni oldiga kelib uni boshini mehr bilan siladi va shunday dedi:
“Bolajonim, sen Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadislariga amal qilding. Zero u zot:
(المسلم أخو المسلم لا يظلمه و لا يسلمه)
“Moʼmin moʼminning birodaridir. U oʻz birodariga zulm qilmaydi. Shuningdek, uni zolimning qoʻlida ham qoldirmaydi”, – deya marhamat qilganlar.
Oxunjon AHMEDOV tarjimasi
«Koʻkaldosh» OʻMIBY mudarrisi






