


Oʻzbekiston musulmonlari idorasining 2026-yil 14-avgustdagi 05-03/2560-son xati va muassasa rahbariyatining tegishli buyrugʻi asosida Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi, Ammon shahridagi Xalqaro islom ilmlari universiteti Hanafiy fiqhi fakulteti talabasi A. Toʻraxonov 475 yillik tarixga ega “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasida amaliyot oʻtamoqda.
Amaliyot samarali va mazmunli boʻlishi uchun talabaga muassasaning tajribali oʻqituvchisi Jaloliddin domla Xolmoʻminov ustoz sifatida biriktirildi. Ustoz va shogird dars jarayonlarida birga ishtirok etib, ilmiy-metodik ishlarda yelkama-yelka faoliyat olib bormoqda. Bu jarayon talabaga xorijda egallagan bilimlarini amaliyotda sinab koʻrish, milliy ilmiy maktabimizning boy anʼanalaridan bahramand boʻlish imkonini bermoqda.
Taʼkidlash joizki, OʻMI tasarrufidagi oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasalari va Xalqaro islom ilmlari universiteti oʻrtasida tasdiqlangan Anglashuv memorandumida barcha akademik bosqichlardagi talabalarning oʻzaro tashriflarini tashkil etish belgilangan. Mazkur amaliyot ana shu kelishuvning hayotdagi amaliy ifodasidir.
Muassasa jamoasi yosh mutaxassislarning ilmiy salohiyatini oshirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yoʻlida koʻrsatilayotgan eʼtibor uchun Oʻzbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildiradi.
«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi
Matbuot xizmati






