Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurtida xorijlik talabalar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbirda bilim yurti mudiri, islomshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) M. Erkayev, maʼnaviy va maʼrifiy ishlar boʻyicha mudir oʻrinbosari A. Gʻaniyev, ustozlar hamda talabalar ishtirok etishdi.
Suhbat davomida bilim yurti mudiri, islomshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) M. Erkayev Oʻzbekiston Respublikasida xorijlik talabalar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, jumladan, Koʻkaldosh madrasasidagi xorijlik talabalarning taʼlimi va turar-joy imkoniyatlari haqida soʻz yuritdi. Shuningdek, xorijlik talabalar taʼlim salohiyatini oshirish hamda ularni yuqori bosqichga olib chiqish zarurligi taʼkidlandi. Talabalarning oʻz yurtlarida xizmat qilishlari uchun yuqori malaka egasi boʻlishlari muhimligini alohida qayd etdi.





Bundan tashqari, madrasada taʼlim olayotgan xorijlik talabalar va mahalliy talabalar oʻrtasida doʻstona aloqalarni mustahkamlash, bir-birini tushunish va hamjihat boʻlish muhimligi haqida fikrlar bildirildi.
Tadbir davomida talabalar oʻz fikrlarini ochiq ifoda etishdi va taʼlim jarayonida duch kelayotgan ayrim vaziyatlarni muhokama qilishdi. Bu kabi ochiq muloqotlar xorijlik talabalar uchun muhim ahamiyat kasb etib, ular oʻz fikrlarini bildirish, taʼlim sifati borasida oʻz takliflarini ilgari surish imkoniyatiga ega boʻldilar.
Suhbat natijasida talabalar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar eʼtiborga olinib, kelgusida taʼlim jarayonini yanada yaxshilash boʻyicha tegishli tadbir-choralar amalga oshirilishi aytib oʻtildi.
Yakunida Oʻzbekiston taraqqiyoti, taʼlim tizimining rivojlanishi va ilm yoʻlida bardavomlik tilab duolar qilindi.
Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, Xorijlik fuqarolarni oliy va oʻrta maxsus islom taʼlim muassasalariga qabul qilish alohida Nizom asosida amalga oshiriladi. Ayni paytda xorijlik fuqarolarni oʻqishga qabul qilish “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurtida joriy etilgan. Ayni paytda Bilim yurtda Rossiya, Turkmaniston, Tojikiston va Qirgʻiziston Respubliklaridan kelgan talabalar tahsil olishmoqda.
Saidazimxon SAIDAKRAMOV
«Koʻkaldosh» OʻMIBY Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi uslubchisi






