“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurtida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish Bosh boshqarmasi mutaxassisi Farruh Elmirzayev ishtirokida “Xavfsiz bot” telegram botining taqdimoti boʻlib oʻtdi.



Tadbirda bilim yurti Maʼnaviy va maʼrifiy ishlar boʻyicha mudir oʻrinbosari A. Gʻaniyev, Oʻquv ishlari boʻyicha mudir oʻrinbosari N. Jalolov, matbuot kotibi R. Oxunjonov, ustoz-xodimlar hamda talabalar faol ishtirok etdilar.
Taqdimot davomida mutaxassis tomonidan “Xavfsiz bot”ning maqsad va vazifalari, uning imkoniyatlari hamda undan foydalanish tartibi haqida batafsil maʼlumot berildi. Taʼkidlanganidek, mazkur platforma internet tarmogʻida uchrashi mumkin boʻlgan turli tahdidlar, ekstremistik va buzgʻunchi gʻoyalar tarqalishining oldini olish, shuningdek, fuqarolarning axborot xavfsizligini taʼminlashga koʻmaklashish maqsadida ishlab chiqilgan.



Tadbir jarayonida yoshlarni turli yot gʻoyalar, radikal qarashlar va axborot xurujlaridan asrash, ularda tanqidiy fikrlash koʻnikmalarini shakllantirish hamda internetdan xavfsiz foydalanish madaniyatini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.


Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan mavzu yuzasidan berilgan savollarga mutaxassis tomonidan atroflicha javob berilib, “Xavfsiz bot”dan samarali foydalanish boʻyicha amaliy tavsiyalar berildi.
Mazkur tadbir talaba-yoshlarning huquqiy ongi va axborot xavfsizligi madaniyatini yuksaltirish, ularni turli tahdidlardan ogoh etish hamda jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim maʼrifiy uchrashuvlardan biri boʻldi.






