Ma`lumki, badiiy asar tarjimasi asliyatni boshqa adabiy til vositalari bilan qaytadan yaratish san`ati hisoblanadi. Qayta yaratilgam ijod mahsuli bo`lgan muayyan asar asliyatga aynan o`xshamasligi tabiiy hol. Tarjimonning bilimi va uslubiy mahorati asliyatdan o`girilgan asarning estetik qiymatini qay darajada saqlanib qolishini belgilovchi sub`yektiv omildir. Ayni chog`da, tarjimaning aniqligi uning estetik qiymati nuqtai nazaridan asliyatga qanchalik yaqinligiga qarab belgilanadi.
Tarjima asarning muvaffaqiyati tarjimon mahoratiga, ya`ni uni kitobxonga yetkaza olish qobiliyatiga ham bog`liqdir. Bunda asar xususiyatini boshqa tilda aks ettirish bilan bog`liq bo`lgan bir qator qiyinchiliklar mavjud. Bu asosan, asardagi tematik milliy o`ziga xos so`zlar tarjimasida ko`rinadi. Milliy o`ziga xos so`zlar xalqning milliy xususiyatlarini aks ettiradi. Ular asarning milliy ruhini, millat tiynati (mentaliteti)ni ifoda etadi, turli uslubiy vazifalarni bajaradi, voqea-hodisalarni to`g`ri tasvirlashga yordam beradi.
Sharq adabiyotining eng noyob durdonalaridan biri sifatida e`tirof etilgan “Ming bir kecha” arab xalq ertaklarining ingliz tilida amalga oshirilgan tarjimasi xususida ko`plab fikrlar keltirish mumkin.
Avvalo, shuni aytib o`tish zarurki, yodgorlikning asliyatdan jahonning turli tillariga qilingan tarjimalarida asarda keltirilgan sharq xalqining o`sha davrga mansub turli urf-odatlari, yashash va turmush tarzi, ko`plab turli, hodisa va tushunchalarini to`g`ri bayon etishga erishilgan.
Undagi o`nlab ertaklarda ijtimoiy hayotning turli manzaralari ishonarli gavdalantirilib berilgan. Asar yuzasidan amalga oshirilgan o`zbek, rus va ingliz tillariga tarjimalarda asosan, transliteratsiya va muqobil ekvivalent usullaridan keng foydalanilganligi ko`rinadi.
Arab xalq ertaklari turkumiga kiritilgan “Bir soatlik xalifa” to`plami tadqiqotlar natijasi o`laroq, “Ming bir kecha”ning “unutilgan sahifalari” deya e`tirof etiladi.[1] Ushbu kitobga kiritilgan “Ali bobo va qirq qaroqchi hamda kaniz Marjona haqida mufassal hikoyat” ertagi o`zbek tiliga atoqli adib Abdulla Qahhor tomonidan o`girilgan. Asarning ingliz tiliga tarjimasi esa Jon Peyn va Ser Richard Byorton qalamlariga mansubdir.
Badiiy asar qimmatini oshiruvchi xalqona o`tkir iboralar, maqol va matallar Abdulla Qahhor tarjimasi vositasida yuksak estetik qimmatga ega manbaga aylanadi. Chunonchi, amalga oshirilgan bevosita tarjimada so`zlarning mos ekvivalentini berishda asliyatdagi uslubni qayta yaratish, milliy o`ziga xoslikni tarjimada namoyon qilishdagi muvaffaqiyatni ta`minlaydi.
“Ali bobo va qirq qaroqchi hamda kaniz Marjona haqida mufassal hikoyat” ertagida o`ndan ortiq arab maqollari qo`llanilgan va bu maqollar tarjimon bilim va saviyasi darajasiga ko`ra uslubiy mahorat kasb etadi.
Masalan, asarda qo`llanilgan “har qanday ot ham qoqiladi, qilich qo`ldan chiqib ketadi” maqoli sof arab maqollaridan biri sifatida asar syujetidagi muayyan hukmni belgilab berishga xizmat qildiriladi.
Ma`lumki, Abdulla Qahhor qalamiga mansub ushbu tarjima rus tilidan o`girilgan. Shu sababli e`tiborimizni asarning Mixail Salye ijodiga tegishli ruscha versiyasiga va syujetining ayni shu o`rniga qaratsak:
“Тут Али баба понял, что причина раскрытия его тайны и обнаружения его богатства – скудоумие жены, которая пожелала перемерить золото и что он сделал ошибку, послушавшись её, но какой конь не спотыкается и какой клинок когда ни будь не отскочит? Он сообразил, что исправить оплошность можно только сделав тайное явным, и что правильно будет ничего не скрывать и осведомить брата о случившемся. Во всяком случае раз денег так много, больше чем может исчислить мысль и воображение, то его доля не уменьшится, если он поделится с братом и они станут владеть ими сообща”.
Aynan shu asarning Abdulla Qahhor qalamiga mansub o`zbekcha versiyasidagi o`rinlarni kuzatsak:
“Ali bobo sirining oshkor bo`lishiga xotinining beaqlligi sabab bo`lganini, uning gapiga kirib, xato ish qilganini fahmladi, lekin nachora, har qanday ot ham qoqiladi, qilich qo`ldan chiqib ketadi. Ali bobo bu xatoni tuzatmoq uchun birdan-bir chora sirni yashirmaslik, bo`lgan voqeani ro`y-rost aytish kerak, deb o`yladi. Modomiki, pul bu qadar behisob ekan, bir qismini ukasiga bersa, bu boyligiga ukasini sherik qilsa, ikkovi umr bo`yi yeganda ham pul tamom bo`lmaydi.”
Ushbu asarning inglizcha tarjimasiga e`tibor qarataylik:
“Ali baba recognized that, because of his wife`s eagerness, their secret had been revealed. Since he trusted his brother, he told him the whole story of the cave and the robbers”.
Rus, o`zbek va ingliz tillaridagi ushbu tarjima matnlardan ko`rinadiki, inglizcha versiyada mazkur arab xalq maqolining ekvivalenti yohud tarjimasi mutlaqo qo`llanmagan.
Mohir tarjimon Abdulla Qahhor ushbu asar tarjimasi borasida o`z uslubiy taktikasi haqida so`zlar ekan, M.Salye tarjimasining “arab tilidan aynan o`girilgan” deya e`tirof etib, quyidagilarni bayon etadi:
1.Men ruscha tarjimasi asl nusxaga yaqin deb tarjimada shunga qattiq rioya qiladigan bo`lsam, kitobda juda ko`p uchraydigan, mana bu xildagi satrlar o`zbekchada qanday chiqar ekan, degan hayolga bordim, chunonchi:
“И она когда возвращалась с рынка, красный знак не укрылся от неё, а наоборот, её взгляд упал на этот значок и она хорошо его увидела”.
2.Kitobda bu xildagi qatma-qat jumlalardan tashqari kitobxonni ortiqcha ovora qiladigan yaxlit takrorlar ham ko`p uchraydi. Shu xildagi takrorlar olib tashlansa, kitobning mazmuniga zarar yetarmikan?[2]
Men mana shularni e`tiborga olib tarjimada ruscha nusxaga qattiq rioya qilmadim, kitobxonga qulay bo`lsin uchun qatma-qat jumlalarni siqishtirdim, takrorlarni qisqartirdim, o`quvchini shunhaga soladigan joylarini olib tashladim. Bu narsa afsonaning mazmuni va uslubiga hech qancha ziyon yetkazmasa kerak, deb o`ylayman.[3]
“Ali bobo va qirq qaroqchi hamda kaniz Marjona haqida mufassal hikoyat” ertagida qo`llangan xalq maqollari va matallarining tarjimasida ham mutarjimning yuksak badiiy mahoratini kuzatish mumkin.
Avvalo, aytish zarurki, nazmiy parchalarga kiritilgan matallar E.Vohidov tarjimasiga mansubdir. M.Salye ruscha tarjimada arab tilidan nazmiy parchalardan o`rin olgan matallarning tub mohiyatini saqlab qolishga erishgan. Shoir E.Vohidov ham ayni mana shu pozitsiyaga sodiq qolgan holda, matallar qatnashgan misralarning mazmunini saqlagan holda, so`z san`atining eng nozik badiiylik mahoratini namoyish eta bilgan. Asarning rus va o`zbek tillaridagi quyidagi matallariga e`tibor beraylik:
Ruscha | O`zbekcha |
— | Erur izzatda nodon ahli davlat,
Alar oldida donish ahlidir xor. |
Вы говорите: клад – премудрость книг.
Хотел бы я отдать её в заклад. |
Degaylar kitobingdur xazinang,
Kitoblarni soturman qayda bozor? |
Рычат на нищих уличные псы. | Gadolarga itlar ham berar ozor. |
Asarning Jon Peyn tarjimasidagi inglizcha nusxasida esa, nazmiy parchalar va ulardagi keltirilgan matallar mutlaqo tarjimaga olib o`tilmagan.
Endi esa “Ali bobo va qirq qaroqchi hamda kaniz Marjona haqida mufassal hikoyat” ertagida qo`llangan xalq maqollarining rus, o`zbek va ingliz tillariga tarjimasi borasida ayrim kuzatishlarni havola etish maqsadga muvofiqdir.
№ | Rus | O`zbek | Ingliz |
1 | Умение хранить тайны – качество праведных | Sir saqlamoq avliyolar xislatidir. | — |
2 | Деньги – стрела, бьющая в цель, и ходатай, которому не откажешь | Pul – nishonga tegadigan o`q va so`zi o`tkir dalloldir.
|
— |
3 | Приют и уют брату, посетившему нас | Mehmon – atoyi Xudo | You must do me the honor of coming into the house and spending the night. |
4 | Убить кого то отведав его соли, будет слишком гадко и гнусно | Odamning tuzini yeb uni o`ldirish qabohatdir.
|
— |
5 | Не спешите подозревать кого то в дурном умысле, чтобы не покарало вас за это раскаяние | So`nggi pushaymon – o`zingga dushman | — |
Asliyatdan o`girilgan ruscha tarjimada M.Salye mahorati namoyon bo`lgan bo`lsa, o`zbek tilidagi Abdulla Qahhor tarjimasida arab maqollarining aynan mohiyatini saqlab qolish adib ijodiy mahoratidagi muhim qirralarini ko`rsatib beradi.
Ingliz tilidagi mazkur asar tarjimasida esa, xalq maqollari deyarli kiritilmaganligi ajratiladi.
Yuqoridagi kuzatishlardan ko`rinadiki, Abdulla Qahhor nafaqat buyuk yozuvchi, balki u buyuk tarjima ustasi sifatida ham adabiyotimiz ravnaqida munosib iz qoldirgan adibdir. Sharq adabiyotining durdonalaridan biri “Ali bobo va qirq qaroqchi hamda kaniz Marjona haqida mufassal hikoyat” asaridagi arab xalqi mentalitetining o`ziga xos xususiyatlari, so`z san`ati jozibasini mujassam etgan xalq maqollarining tarjima asarga aynan, jonli va ta`sirchan olib kirilgani tarjimon mahoratini belgilovchi mezon sanaladi. Abdulla Qahhor esa, bu talabni to`laqonli ado eta olgani bilan o`zbek tarjimashunoslik maktabida munosib iz qoldirgan ijodkor sifatida hamisha ardoqli adib bo`lib qolaveradi.
Adabiyotlar
- “Proverbs, Maqollar, Пословицы” T, “Mehnat” nashriyoti, 2000y.
- Sayramov T. Asliyat va tarjimada badiiy mahorat. // Filologiya masalalari, 2009 yil, 3-4 son, 64-bet
- Xolbekov M. Tarjima nazariyasi. // Filologiya masalalari, 2009 yil, 1-son, 49-bet
- “Ali bob ova qirq qaroqchi hamda kaniz Marjona haqida mufassal hikoyat” manba: “Bir soatlik xalifa”T, G`.G`ulom nomidagi adabiyot va san`at nashriyoti, 1967y.
- M.Salye “Халиф на час”
- “Ali baba and forty thieves”. Dell publishing CO., INC. New York.1972. based on the translations of John Payne, “The book of the Thousand Nights and one night”
- Sir Richard Burton, “The book of the Thousand nights and a night”
“Ko’kaldosh” o’rta maxsus islom bilim
yurti mudarrisi Alisher Jahonov
[1] “Bir soatlik xalifa”.T.G`.G`ulom nomidagi adabiyot va san`at nashriyoti, 1967y. 293-bet
[2] “Bir soatlik xalifa”267-bet
[3] “Bir soatlik xalifa”268-bet