“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurtida “Qurʼoni karim va tajvid” oʻquv kursi faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirgi kungacha davlatimiz bergan bu imkoniyatdan unumli foydalangan holda, bilim yurti rahbariyati va albatta ustozlarining tinimsiz mehnat, hamda saʼy harakatlari bilan bu muassasadan minglab tinglovchilar Alloh taoloning ulugʻ Kalomini mukammal toʻgʻri oʻqishni oʻrganib chiqdilar.
Ana shunday tinglovchilardan yana bir qanchasi bugun, 6 yanvar kunidan “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurtida “Qurʼoni karim va tajvid” oʻquv kursining navbatdagi bosqich mashgʻulotlarini boshlashdi.
Yigʻilishda “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurti Matbuot kotibi Rustam Oxunjonov, “Qurʼoni karim va tajvid” oʻquv kursi uslubchisi Nuriddin Sharipov, “Qurʼoni karim va tajvid” oʻquv kursi ustozlari Abdurazzoq Isaqov va Muzaffarxon Jalolxonovlar qatnashdilar.





“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurti Matbuot kotibi Rustam Oxunjonov oʻquv kursining tinglovchilariga “Ilm va uning odoblari” mavzusida maʼruza qilib, ularga haqiqiy ilm egasiga qanday odoblarga ega boʻlishi lozimligi haqida zarur maʼlumotlar yetkazdilar. Undan keyin R. Oxunjonov oʻz maʼruzasi davomida noqonuniy diniy taʼlim olish va berishning qonun tomonidan taqiqlanganligi va qanday oqibatlarga olib kelishi, bugungi kunda Oʻzbekistonda davlat va din munosabatlari, diniy islohotlarning jadal surʼatlarda rivojlanayotgani va boshqa masalalarga alohida toʻxtalib oʻtdi. Undan tashqari R.Oxunjonov oʻquv kursi tinglovchilarining tartib — intizomga rioya qilishlari, oʻz vaqtida darsga kelishlari, belgilangan darslarga muntazam ishtirok etishlari va boshqa intizomga oid tavsiyalarni aytib oʻtdi.
Yigʻilish yakunida “Qurʼoni karim va tajvid” oʻquv kursining navbatdagi bosqich tinglovchilari haqqiga duoyi-xayrlar qilindi.
N. Sharipov
«Koʻkaldosh» OʻMIBY «Qurʼoni karim va tajvid» oʻquv kursi uslubchisi






