Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasida faoliyat yuritib kelayotgan «Qurʼoni karim va tajvid» oʻquv kursining navbatdagi, 76-davra mashgʻulotlari 2026-yil 5-oktabr kuni rasman boshlandi.
Yurtimizda vijdon erkinligini taʼminlash va diniy-maʼrifiy sohani rivojlantirish borasida olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida aholining diniy savodxonligini oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Taʼlim muassasasi qoshidagi mazkur kurs ham ana shu imkoniyatlarning amaliy samarasi boʻlib, shu kungacha koʻplab yurtdoshlarimiz unda Kalomullohni tajvid qoidalari asosida toʻgʻri va goʻzal tilovat qilishni oʻrgandi.
Yangi davra munosabati bilan tashkiliy yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda taʼlim muassasasi oʻquv ishlari boʻyicha mudir oʻrinbosari N.Djalolov, oʻquv kurslari boʻlimi boshligʻi J.Ismatov hamda oʻqituvchi L.Jamalov ishtirok etdi.




Yigʻilishda tinglovchilar yangi oʻquv davrasi bilan muborakbod etilib, quyidagilarga alohida eʼtibor qaratildi:
🔺Qurʼoni karimni oʻrganish eng ulugʻ amallardan ekani. Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Sizlarning eng yaxshingiz Qurʼonni oʻrgangan va oʻrgatgan kishidir», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati);
🔺Diniy bilimni faqat qonuniy faoliyat yuritayotgan rasmiy taʼlim muassasalarida, malakali ustozlardan olish zarurligi;
🔺Yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik va ilm olish uchun yaratilgan sharoitlarning qadriga yetish;
🔺Darslarga muntazam qatnashish, intizom hamda ichki tartib-qoidalarga qatʼiy rioya etish.
Alloh taolo tinglovchilarning ilm yoʻlidagi saʼy-harakatlarini barakali qilib, Kalomullohni oʻrganishlarini oson etsin, yurtimizni tinch, xalqimizni omon qilsin!
«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi
Matbuot xizmati






