Bugun, 2-dekabr kuni Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasida bilim yurti mudiri, islomshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori, (PhD) Mamurjon domla Erkayev boshchiligida navbatdagi Mudarrislar kengashi boʻlib oʻtdi.

Unda taʼlim muassasasi 3 oylik faoliyati, guruh rahbarlar faoliyatining samaradorligi, oʻtkazilgan oraliq nazorat sinovlarining natijalari, pedagog-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish va talabalardan tushgan murojaatlar kabi masalalar muhokama qilindi. Kengash avvalida bilim yurti mudiri kirish soʻzi bilan kengashni ochib berdi va majlisda yigʻilganlarga Mudarrislar kengashining kun tartibi bilan tanishtirdi. Kun tartibidan joy olgan masala “Guruh rahbarlari faoliyati samaradorligining tahlili”ni Maʼnaviy va maʼrifiy ishlar boʻyicha mudir oʻrinbosari A.Gʻaniyev guruh rahbarlariga oʻzlari rahbarlik qilayotgan talabalarning odob-axloqi, tartib-intizomiga rioya qilishlari hamda talabalarning ota-onalari bilan yaqin aloqa oʻrnatib, ular bilan hamkorlikda ishlab, ularni farzandlarining holatidan xabardor qilish kerakligi haqida tavsiya berdi.

Soʻng “Birinchi yarim yillik oraliq nazorat monitoringini tashkil etish va tahlil qilish” boʻlib, uni tahlili va tafsilotlarini bilim yurti oʻquv ishlari boʻyicha mudir oʻrinbosari N.Djalolov yigʻilgan mudarrislarga yetkazdi. Oraliq nazorat natijalari talabalar va guruhlar kesimida aniqlanib tahlil qilindi. Undan tashqari kun tartibidan joy olgan “Yagona fanlar olimpiyada 1-bosqichini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish” masalasi ham koʻtarilib fan oʻqituvchilariga bitiruvchi talabalar orasidan mazkur fan olimpiadasida qatnashish istagi boʻlganlarni nizomga muvofiq saralab olingani va ularga kerakli tavsiyalar berish kerakligi aytib oʻtildi. Shuningdek, majlis kun tartibidan oʻrin olgan turli masalalar muhokama qilindi.

Majlis yakunida aytib oʻtilgan tahlil va muhokamalar natijasi yigʻilib Mudarrislar kengashi qarorlari qabul qilindi hamda bilim yurti oliy toifali mudarrisi Jaloliddin domla Xolmoʻminov majlisda qatnashgan barcha jamoa ahliga gʻoyatda masʼuliyatli, ammo sharafli vazifalarini toʻlaqonli amalga oshirishlarida Yaratgandan kuch-quvvat, salomatlik va omadlar tilab, xayrli duolar qildi.
Oʻquv uslubiy boʻlim boshligʻi Farxod Asatullayev






