Yurtimizda dunyoviy bilimlar bilan bir qatorda Islom asoslari, Qurʼoni karim, hadisi sharif, tafsir, fiqh, aqoid kabi uxroviy ilmlarni oʻrgatishga moʻljallangan diniy bilim yurtlari ham talaygina. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tizimida uchta oliy (Toshkent Islom instituti, Mir Arab Oliy va Hadis ilmi maktabi), 10 ta oʻrta maxsus islom bilim yurtlari qatorida 1999-yildan faoliyatini boshlagan “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurti tizimdagi eng faol oʻquv muassasalaridan biri boʻlib, Toshkent shahrining Chorsu maydonidagi Shahriston tepaligida Xoʻja Ahror Valiy jome’ masjidining yonida anʼanaviy sharqona uslub asosida bunyod etilgan tarixiy “Koʻkaldosh” madrasasi binosida joylashgan.


Poytaxtimizning koʻrki boʻlgan ushbu madrasa oʻzining mahobati va koʻrki bilan nafaqat yurtdoshlarimiz hamda chet ellik sayyohlarni oʻziga jalb etadi balki Islom dunyosida taniqli ulamolarning eʼtiboridan chetda qolmaydi. Xabaringiz bor, yaqin kunlarda mazkur ilm dargohini Turkiya va Saudiya Arabistonlik bir nechta taniqli ulamolar va tasavvuf namoyondalari kelib ziyorat qilishdi.



Kecha, 2-avgust kuni Misr Arab Respublikasi Al-Azhar Universiteti Shayxi Ibrohim Xatib “Koʻkaldosh” madrasasiga tashrif buyurdi. Martabali mehmonni bilim yurti mudiri Abdulhakim qori Matqulov kutib oldi.



Bilim yurti mudiri Abdulhakim qori Matqulov madrasa tarixi haqida: bino boʻlishidan boshlab hozirgi kungacha boʻlgan tarixiy bosqichlari haqida batafsil bayon qilib, Yurtimizda diniy taʼlim uchun yaratilgan sharoitlar haqida oʻzi rahbarlik qilayotgan bilim yurti misolida bayon qilib berdi, xususan hozirda Koʻkaldosh islom bilim yurtida talabalar taʼlim olishlari uchun yaratilgan sharoitlar, ularga taʼlim-tarbiya berishda qoʻllanilayotgan ilgʻor pedagogik usullar hamda dasturlar haqida tashrif buyurgan mehmonga soʻzlab berdi.





Oʻz navbatida madrasaga tashrif buyurgan Shayx Ibrohim Xatib bu yerda taʼlim uchun yaratilgan sharoitlarga yuksak baho berdi va ushbu sharoitlarni yaratib berayotgan Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevdan boshlab Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi rahbariyatigacha boʻlgan barcha mutasaddilarining haqqiga duoyi xayrlar qildi.
Martabali mehmon Koʻkladosh oʻrta maxsus islom bilim yurtiga qilgan tashrifidan katta taassurotlar bilan qaytdi.
«Koʻkaldosh» OʻMIBY Matbuot xizmati





