Islom o’zining munavvar nurlari ila jonajon yurtimizga kirib kelgach, sekin-asta bu zamin ilm o’choqlaridan biriga aylana boshladi. Yurtimizdan ko’plab ulamolar, din arboblari va matafakkirlar yetishib chiqib, tarix zarvaraqlarida o’chmas iz qoldirishdi. Ana shunday zotlardan biri, ,,Naqshbandiya’’ tariqati asoschisi Xoja Bahouddin Naqshband hazratlaridir.
Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband quddisa sirruhu hijriy 718 sana, milodiy 1318 sanada Buxoroning Qasri Hinduvon (keyingi nomi Qasri Orifon) qishlog’ida dunyoga keldilar. Shayx Muhammad Bobo Sammosiy hazratlari, hamda u zotning xalifalari Amir Kulol hazratlaridan ruhiy-ma’naviy tarbiya topdilar. Buhouddin Naqshband hazratlari ikki marta haj ibodatini ado etganlar, Fors va uning atrofidagi Islom o’lkalariga safar qilganlar. Hijriy 791 sana, milodiy 1389 sana, dushanba kuni kechasi Qasri Orifonda vafot etdilar.
Xoja Bahouddin Naqshband hazratlari kamtarlik ila faqirona hayot kechirdilar. U zot uylarida hech qanday boylik, mol-dunyo tutib turmaganlar. Qishda qamash, yozda esa bo’yra ustida yotib kun kechirganlar. Uylarida hech qachon xizmatkor saqlamaganlar. Bahouddin Naqshband hazratlari butun umrlarini o’z hohishlari ila faqirlikda o’tkazishlarining bosh sababi tariqatlarining asl aqidasi: ,, Dil ba yor-u, dast ba kor’’- ya’ni, ,,Doimo qalbing Allohda, qo’ling esa ishda bo’lsin’’ degan g’oyani ilgari surdilar. U zot qo’l kuchi bilan kun ko’rishni yoqtirganlar, topgan-tutganlaridan yetim-yesir, beva-bechoralarga ehsonlar ulashganlar. Hikmdorlardan doim o’zlarini yiroq tutib, ta’magirlikni yoqtirmaganlar.
Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlari xoja Abdulxoliq G’ijduvoniy, xoja Muhammad Bobo Sammosiy va Sayyid Amir Kulol hazratlarining ta’limot va talqinotlarini hakimona tartibga solib, tariqatda olamshumul asoslarni barpo qildilar.
Ulamolar Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining ,,Naqshbandiya’’ tariqati haqida quyidagi ta’riflarni keltirishadi:
Shayx Abdulloh Dehlaviy Naqshbandiya tariqati haqida quyidagicha yozadi: ,,Bu tariqat Haq taoloning huzurida doimiy hozirlik, islom aqidasini, Ahli sunna val jamoa aqidasini mustahkamlash va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashishdir’’.
Ulamolar Muhammad Murod O’zbakiyning Naqshbandiya tariqati haqida aytgan quyidagi gaplarini rivoyat qiladilar: ,,U sahobai kiromlarning asl holicha, ziyoda ham, nuqson ham bo’lmay qolgan tariqatidir. U botinda ham, zohirda ham barcha harakot va sakanotlarda sunnatga va aziymatga komili iltizom qilgan, bid’at va ruxsatdan batamom chetda bo’lgan holda ibodatda bardavom bo’lishdan iboratdir’’.
Shayx Amin Alouddin Naqshbandiy o’zining ,,Naqshbandiya tariqati nadir?’’ nomli kitobida quyidagilarni yozadi:
,,Muhaqqiq ulamolar Naqshbandiya tariqati haqida quyidagilarni ta’kidlaydilar:
Naqshbandiya tasavvufi o’rtacha va mo’tadildir. U sulukdagi mo’tadilligi, shariatga ergashishi, tariqatining osonligi bilan ajralib turadi. U xususan din ulamolari ichida keng tarqalgan.Naqshbandiy so’fiyning qalbi Alloh bilan, jismi banda bilan.
Bu tariqatdagi nazarni o’ziga tortadigan eng muhim narsa-sokinlik, ya’ni uning riyodan xoli bo’lmaydigan baqiriq-chaqiriq, tarannum va tinglashlardan uzoqligidir.
Naqshbandiya tariqatidagi zokir namozdan keyin pok holida qiblaga qarab o’tirib olib, tilini tanglayiga tekkizib, qalbi til harakati ila birlashib, Allohni zikr qiladi’’.
Tasavvufshunos, atoqli sharqshunos Ye.E.Bertels shunday yozadi: ,,Naqshband ta’limotining asosida ixtiyoriy ravishda faqirlik yotadi… Shunga binoan, Bahouddin Naqhsband umri bo’yi dehqonchilik bilan kun kechirgan, o’z qishlog’ida unchalik katta bo’lmagan yeriga bug’doy va mosh ekar ekan’’.
Dunyoga ma’lum va mashhur bo’lgan Naqshbandiya tariqati ta’limoti Qur’oni Karim va Hadisi sharifga asoslangan bo’lib, uning muridu-muxlislarining soni hozirgi kunda ham kundan-kunga ortib bormoqda. Naqshbandiya tariqati mo’tadilligi, osonligi va sunnatga ergashishdan iborat bo’lganligi uchun ko’pchilik, xususan din olimlari ichida keng tarqalgandir. Naqshbandiy so’fiyning qalbi Alloh taolo uchun, jismi xaloyiq uchundir. Bu tariqat eng avval shariatga ergashishga ahamiyat beradi. Keyin zikrda, fikrda, bandalikda, ixlosda, boshqalarni o’zidan ustun qo’yishda va o’zini inkor qilishda bardavom bo’lishni targ’ib qiladi.
Naqshbandiya tariqatida murodga erishishning uch yo’li mavjud. Bular:
- Zikrda bardavom bo’lishlik.
- Muroqaba.
- Murshidga itoat qilish.
Birinchi omil Alloh taoloning zikrida bardavom bo’lishlikdir.
Naqshbandiya tariqatida zikr qalb bilan va maxfiy bo’ladi. Ushbu tariqatda zikrning ikki usuli bor:
- ,,Alloh’’ deya zikr qilish. Buni zikri zot yoki Zikri Jalola ham deydi.
- ,,Laa Ilaaha Illalloh’’ deya zikr qilishlik. Buni nafiy va isbot ham deydi (,,nafiy’’ so’zi inkor ma’nosini anglatib, bu yerda ‘’Laa Ilaaha’’ degan jumlaning ,,Iloh yo’q’’ degan qismiga ishora qilmoqda. Jumlaning ,,Illalloh’’, ya’ni ,,Allohdan boshqa’’ degan qismi esa Allohdan boshqa iloh yo’qligini isbot qilmoqda).
Allohni ko’p eslab, U Zot qaytargan narsalarni tark qilishimiz so’z isbotidir.
Ikkinchi omil Muroqabada bo’lish.
,,Muroqaba’’ ziyraklik bilan qattiq kuzatib borishdir. Nafsi bilan shartlashgan banda uni muroqaba qilib turishi lozim. Nafsni zinhor murqabasiz o’z holiga tashlab bo’lmaydi. Nafs muroqabasiz qolsa, yo’ldan toyadi va tug’yonga ketadi. Muroqabani tushunib yetishda va uni yo’lga qo’yishda Qur’oni Karim oyatlari, Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari bosh omil bo’ladi.
Alloh taolo Niso surasida marhamat qiladi: ,,Alloh ustingizdan kuzatib turuvchi Zotdir’’ ( 1-oyat).
Uchinchi omil Murshidga itoat.
Murshidga itoat qilishdan avval unga bay’at qilinadi. ,,Bay’at’’ so’zi -,,sotish’’ degan ma’noni anglatadi. Iste’lohda esa Alloh taologa yetishish yo’lini biladigan ustozga, ya’ni murshidga bu boradagi tajribasi va ilmidan foydalanish uchun shogird tushish hamda uni lozim tutib, unga itoat qilishga va’da berishdan iborat.
Demak, Murshidga itoat deganda Alloh taoloni bilgan, tanigan, olim ustozlardan ta’lim olish va ularning o’rgatayotgan ilmlarini iloji boricha to’liq o’rganib, Alloh rizoligiga yetishishdan iborat ekan. Bundan tashqari ,,Naqshbandiya’’ tariqatining o’ziga xosligi, Boshqalar mehnati bilan kun kechirishni, tekinxo’rlikni, ijtimoiy zulm-istibdodni qat’iyyan qoralaydi. Bundan tashqari ta’limot tarafdorlari aksetizmga (Tarkidunyochilikka) qarshi, boy-zodagonlarning istibodiga qarshi bo’lganlar. Faqat o’z qo’l kuchi, peshona teri bilan halol mehnat qilib kun kechirishga chaqiradi.
,,Naqshbandiy’’ ta’limoti savdo-sotiq, dehqonchilik, hunarmandchilik, badiiy adabiyot, musiqa, ilm-ma’rifat, xattotlik, naqqoshlik, quruvchilik kabi barcha foydali va xayrli yumushlar bilan shug’ullanishga da’vat etadi. Shuning uchun ham XV asrning ko’p olim-fozillari, davlat arboblari, o’z davrining ilm-ma’rifat, adabiyotning yirik namoyondalari bo’lmish Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Hushxolxon Xatak, Ahmad Shoh Durroniy, Maxtumquli Firog’iy singari yuzlab ulkan taraqqiyparvar, insonparvar shoirlar va mutafakkirlar ,,Naqshbandiya’’ tariqati yo’lini tutganlar. Hayotni va insonni avji baland pardalarda kuylab, tinmay barakali ijod qilganlar. Qolaversa Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) davrida, undan keyingi XVI-XVII asrlarda Hazrati Bahouddin Naqshband tomonidan asoslangan ,,Naqshbandiya’’ ta’limoti Markaziy Osiyo, O’rta va yaqin Sharq xalqlarining ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-madaniy hayotida juda katta o’rin egallagan.
Xoja Bahouddin Naqshband hazratlari mutasavvuf donishmand sifatida ,,Naqshbandiya’’ tariqatiga asos solib, insonlarni poklik, to’g’rilik, mehr-shafqat, adlu insof, mehnatsevarlik, vatanparvarlik kabi ulug’vor, umumbashariy qadriyatlarga targ’ib qildi. Ushbu ta’limot hozirda ham, biz yashab turgan davrga hamohang holda, kelajak uchun xizmat qilib kelmoqda.
,,Ko’kaldosh’’ o’rta maxsus islom bilim yurti
3-kurs talabasi Suyundikov Sunnatilla.