Inson yoshi oʻtgan sayin oʻzi ota-ona boʻlib, farzandlarining oqibatlarini koʻrgan sayin oʻz ota-onasining naqadar dono boʻlganini sezib boraveradi. Shuning uchun yaxshilik qilishga eng koʻp loyiq boʻlgan zotlar – ota-onalar hisoblanadi.
Bu haqida Imom al-Buxoriy Kulayb ibn Manfaadan ushbu hadisni rivoyat qilganlar:
Kulayb ibn Manfaa aytadilarki, «Mening bobom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan soʻragan ekanlar, demak, Kulayb ibn Manfaaning bobosi sahoba boʻlgan. Soʻradilarki, «Kimga yaxshilik qilay, ey Rasululloh?» Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Avval onangga, soʻngra, otangga, keyin opa-singlingga, aka-ukangga. Va undan soʻng qarindoshlaringga yaxshilik qilgin».
Ushbu hadisi sharifda avval ona, soʻng ota va keyin opa-singil va aka-ukalar zikr qilindi. Har birining oʻz oʻrni va fazli bor. Ona boshqa baʼzi koʻrsatmalarda 3 karra ziyoda ekani zikr qilingan. Onaning 3 marta ziyoda qilinganiga sabab nima?
Hamasr ulamolarimizdan biri marhum doktor Mustafo Zuhayliy oʻzining «Tafsiri Munir» degan tafsir kitobida yuqoridagi oyati karimaning tafsirini shunday keltiradi:
Ona otadan 3 karra ziyoda qilindi. Chunki 3ta ishda ona yolgʻiz boʻlgan boʻladi: homilani koʻtarish mashaqqatida, homilani dunyoga keltirish sinovida va tugʻilgan bolani 2 yilgacha uyqusini buzib emizish muddatida ona yolgʻiz boʻladi.
Ota qanchalik mehribon boʻlmasin, ayolining homiladorlikdagi azobini his qila olmaydi. Qanchalik mehribon boʻlib ayoli yonida tursa-da, tugʻruq azobini his qila olmaydi. Kechalari uygʻonib bolasining beshigini tebratsa ham, u bu ishni ona kabi mehr bilan bajara olmaydi. Onaning shu 3ta ish orqali darajasi orttiriladi.
Silai rahmda ota-onaga yaxshilik qilishdan keyin birinchi oʻrinda opa-singillar aka-ukalardan oldingi oʻringa qoʻyildi. Chunki opa-singillar doim shafqatli va mehribon boʻlib kelgan. Buni tushungan faqihlarimiz bir masala aytadilar:
Singil ziyoratiga ketayotgan aka katta bugʻdoyzor maydonning orqasida singlisi yashasa, bugʻdoyzorni aylanib borguncha vaqt ketishi sababidan oʻsha bugʻdoyzorni bosib oʻtib, payhon qilib boʻlsa-da, singilni borib koʻrishiga shariatimiz ruxsat bergan. Boshqa holatda hosilni payhon qilishga ruxsat yoʻq.
Ota-onasi tirik farzand – moli kasodga uchramaydigan tijoratchi misolidir
Bu mavzuda gap ketsa, oʻz hayotimda sodir boʻlgan bir qissa doim yodimga tushadi. Umra ziyoratiga borganimda Masjidul-haromdan chiqar ekanman, nogironlar aravasida oʻtirgan juda nuroniy otaxonga koʻzim tushdi. U kishining yoshi keksa, soch-soqollari oppoq, arab millatiga mansub edi. Men ularning yonlariga borib meni duo qilishlarini soʻradim.
Shunda u kishi mendan: «Ey bolam, otang hayotmi?» deb soʻradilar. U mahalda rahmatli ota-onam hayot edi. «Ha, otam bor» deb javob berdim. «Onang bormilar?» deganlariga ham ha deb javob berdim. Shunda u kishi tabassum bilan: «Unday boʻlsa, ey bolam, sen katta savdogar ekansan. Tijoratingga mustahkam boʻl, mustahkam boʻl», dedilar. Men u kishining peshonasidan oʻpib yoʻlimda davom etar ekanman, qulogʻimdan u odamning «Tijoratingga mustahkam boʻl», degan gaplari ketmadi.
Ha, ota-ona eng katta tijoratdir. Hatto hech qachon kasod boʻlmaydigan tijoratdir. Ota-onasi hayot kishilar buni yaxshi bilishi kerak. Shuning uchun ular hayotligida gʻanimat bilib, duolarini olishga harakat qilish kerak.
Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
U kishi aytadilarki:
“Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Alloh azza va jalla uchun eng mahbub ish qaysi?” -deb soʻradim.
“Vaqtida oʻqilgan namoz”,-dedilar.
“Undan keyin qaysinisi?”-dedim.
“Ota-onaga yaxshilik qilish”-dedilar.
“Undan soʻng yana qaysi ish yaxshiroq?”-dedim.
“Soʻngra Allohning yoʻlida jiddu jahd qilish”-dedilar”.
“Ana shularni aytdilar. Agar yana ziyoda soʻrasam, ziyoda javob berar edilar”, – dedilar .
Bu hadis sharifda ota-onaga yaxshilik qilish namoz oʻqishdan keyingi eng afza ish ekani taʼkidlanmoqda, hatto Allohning yoʻlid jiddu jahd qilishdan ustun qoʻyilmoqda. Mana shundan bilamizki, ota-onag yaxshilik qilish, ularni xizmatini bajarish, ularni ulugʻlash shu qadar buyuk ish ekan.
Islomda namoz dinning ustuni ekanini hammamiz yaxsh bilamiz. Ana oʻsha, dinimizga ustun boʻlgan namoz ibodatidan keyin eng afzal ishlardan biri ota-onaga yaxshilik qilish ekan.
عَنِ ابْنِ عَمْرٍو رضي الله عنه رِضَا الرَّبِّ فِي رِضَا الْوَالِدَيْنِ وَسَخَطُهُ فِي سَخَطِهِمَا
رَوَاهُ الْاِمَامُ الطَبَرَانِيُّ
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Robbning roziligi ota-onaning roziligidadir. Robbning noroziligi ota-onaning noroziligidadir”, – dedilar”.
Bizda «Ota rozi-Xudo rozi” degan gap bor. Allohni rozi qilaman degan kishi Alloh taalo chizgan chegarada ota-onasini rozi qilishga harakat qilmogʻi lozim. Kim Alloh mendan norozi boʻmasin desa, Alloh taolo chizgan chegarada ota-onasini norozi qilmaslik uchun tirishmogʻi, harakat qilmogʻi lozim boʻladi.
Ota-onasiga yaxshilik qilgan farzandlarga jannat eshiklari ochilishi haqida Paygʻambarimiz alayhissalom shunday deganlar:
مَا مِنْ مُسْلِمٍ لَهُ أَبَوَانِ، فَيُصْبِحُ وَهُوَ مُحْسِنٌ إِلَيْهِمَا إِلَّا فُتِحَ لَهُ بَابَانِ مِنَ الْجَنَّةِ
(رَوَاهُ الْإِمَامُ أَبُو دَاوُدَ وَالْإِمَامُ ابْنُ مَاجَهْ)
yaʼni: “Qaysi bir musulmonning ota-onasi boʻlsa, ularga yaxshilik qilib tong ottirgan boʻlsa, Аlloh taolo unga jannatning ikki eshigini ochadi”, – deganlar (Imom Аbu Dovud va Imom Ibn Moja rivoyat qilganlar).
Demak, ota-onaning farzandi ustida haqlari juda koʻp. Farzand ota-onani rozi qilish uchun qoʻlidan kelgancha harakat qilishi kerak. Yuqorida tanishib oʻtganimizdek, farz namozlarni ado qilishdan keyingi eng yaxshi amal ota-onaga yaxshilik qilishdir. Farzand Allohning roziligiga erishish uchun ham ota-onaga yaxshilik qilish, ularni xursand qilish, ularni rozi qilishi kerak ekan. Shu bilan birga farzand silai rahm borasida ham avvalo ota-ona, opa-singil, aka-uka va soʻngi oʻrinda qarindoshlarga yaxshilik qilar ekan. Yana bir hadisda ota-onaga yaxshilik qilib tong orttirgan farzand uchun jannatdan ikki eshik ochilishini ham aytib oʻtilgani koʻrdik. Demak, biz bu dunyoda ham oxiratda ham yaxhliklar ustida yashashni xohlasak Allohga iymon keltirib farz amallarni bajarishdan keyin xolis ota-onamizga yaxshilik qilib, ularni roziliklarini topish uchun harakat qilishimiz lozim ekan.
Аlloh taolo barchamizni solih farzandlardan qilib, doim ota-onalarimizga yaxshilik qiluvchilardan qilsin! Turli fitna va aldovlarga tushib qolishdan Oʻz panohida asrasin! Omin!
403-guruh talabasi
Husniddinov Neʼmatulloh






