



Oʻzbekiston musulmonlari idorasining 2026-yil 18-sentabrdagi 05-03/3039-sonli xati ijrosi doirasida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasining bitiruvchi kurs talabalari “dual taʼlim” (4+2) tizimi asosidagi amaliyotni izchil davom ettirmoqda.
Bugun talabalar tajribali imom-xatiblar hamrohligida mahallalarga chiqib, “mahallabay” ishlash tizimi bilan yaqindan tanishdilar. Ular mahalla faollari bilan hamkorlikdagi ishlar, aholi va yoshlar bilan olib borilayotgan maʼnaviy-tarbiyaviy faoliyatni bevosita kuzatib, oilalarda totuvlikni mustahkamlash va yoshlarni yot gʻoyalardan asrashda imom-xatib hamda mahalla hamkorligi naqadar muhim ekaniga amalda guvoh boʻldilar.
Mahallabay ishlash – aholi, ayniqsa, yoshlar bilan targʻibot ishlarida ishtirok etish;
Muloqot madaniyati – xalq bilan samimiy muloqot koʻnikmasini shakllantirish;
Maʼnaviy profilaktika – “jaholatga qarshi maʼrifat” tamoyilini amalda oʻzlashtirish;
Hisobdorlik – kuzatuv va xulosalarni amaliyot daftarchasida qayd etib borish.
“Dual taʼlim” tizimi boʻlajak imom-xatiblarni zamon talablariga javob beradigan, Vatan va xalq manfaatiga sadoqat bilan xizmat qiladigan yetuk kadrlar etib tayyorlashda mustahkam poydevor boʻlmoqda.
Alloh taolo boʻlajak diniy soha xodimlarining xizmatlarini xayrli va barakali qilsin!
«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi «Maʼnaviyet va maʼrifat» boʻlimi






