Muallimning martabasi yuksak, maqomi ulugʻ va sharafli ekani avvalgi soʻzlardan ayon boʻldi. Agar muallim yuksak odoblar bilan ziynatlansa va goʻzal fazilatlarni oʻzida mujassam qilsa, uning martabasi yanada yuksaladi, maqomi yanada ulugʻ boʻladi.
Buning uchun, avvalo, oʻzining sharafli maqomiga putur yetkazadigan va yuksak qadrini tushiradigan barcha narsalardan poklanishi lozim.
Endi biz bu borada bir qancha muhim jihatlarni bayon qilamiz. Ammo bunga kirishishdan oldin taʼlim berish va ilm oʻrganish yoʻlida odobni egallash haqida buyuk imomlarning ayrim soʻzlarini keltirish oʻrinlidir.
Zero, odob – aqlli va ziyrak inson yoshligining ilk davridanoq egallashga shoshilishi va uni qoʻlga kiritish uchun oʻzini astoydil tarbiyalashi lozim boʻlgan eng muhim narsalardan biridir. Shariat ham, aql ham odobning fazilatiga guvohlik bergan. Barcha fikr va qarashlar shunga ittifoq qilganki, bu ulugʻ martabaga eng haqli kishilar paygʻambarlarning – ularga Alloh taoloning salovotlari boʻlsin – merosxoʻrlari boʻlgan ilm ahlidir.
Ibn Sirin[1] rahimahulloh shunday degan:
“Ular hidoyat va goʻzal xulqni ilm oʻrgangandek oʻrganar edilar”.
Hasan Basriy rahimahulloh shunday degan:
“Kishi oʻz odobi va xulqini tarbiyalash uchun ikki yil, hatto undan ham koʻproq vaqt uydan chiqib, safarda yurar edi”[2].
Imom Muhammad ibn Hasan ustozi Imom Abu Hanifadan – Alloh ikkovidan ham rozi boʻlsin – rivoyat qiladi:
“Olimlar haqidagi hikoyalarni eshitish men uchun koʻp fiqh oʻrganishdan ham sevimliroqdir. Chunki u hikoyalarda oʻsha zotlarning odob va axloqlari mujassam”.
Habib ibn Shahid[3] oʻgʻliga shunday degan:
“Ey oʻgʻlim! Faqihlar va olimlar bilan hamroh boʻl, ulardan ilm oʻrgan va odoblaridan bahramand boʻl. Bu men uchun koʻp hadis oʻrganishingdan ham sevimliroqdir”.
Muxallad ibn Husayn[4] Ibn Muborakka shunday degan:
“Bizga koʻp hadisdan koʻra koʻp odob koʻproq kerak”.
Imom Shofeʼiy roziyallohu anhudan: “Odobga ishtiyoqingiz qanday?” – deb soʻrashdi. U: “Ilgari eshitmagan bir soʻzni eshitsam, butun aʼzolarim: “Qaniydi, bizning ham quloqlarimiz boʻlsa-yu, undan bahramand boʻlsak”, – deb orzu qilgandek boʻladi”, – dedi. Undan yana: “Odobni qanday izlaysiz?” – deb soʻrashdi. U: “Yagona farzandini yoʻqotib qoʻygan ayol uni qanday izlasa, shunday izlayman”, – deb javob berdi[5].
Shunday ham aytilgan: “Odob nasab oʻrnini bosadi, odobsiz nasab esa hech qanday foyda bermaydi”[6].
Darhaqiqat, muallimning koʻp qirrali odoblari bor. Ularni quyidagicha bayon qilamiz.
Muallimning oʻziga xos odoblari
1. Muallim niyatini xolis qilishi va taʼlim berishdan Alloh taoloning roziligini koʻzlashi lozim. Ilmini dunyoviy maqsadlarga – yuqorida sanab oʻtilgan qoralangan manfaatlardan biriga erishish vositasiga aylantirmasligi, ilmi va taʼlimini bunday narsalar bilan bulgʻamasligi kerak.
2. Ilmga daʼvogarlik qilishdan saqlanishi lozim. Alloh taolo marhamat qiladi: “Har bir ilm egasining ustida undan ham bilimdonroq Zot bor” (Yusuf surasi, 76-oyat).
“Bulugʻ aqsol-marom” kitobida aytilishicha, Shayx Zarruq Molikiy[7] oʻz nasihatlaridan birida quyidagilarni aytgan:
“Daʼvogarlikdan saqlaninglar! “Men olimman”, “Men sendan yaxshiroqman”, “Men sendan koʻp qiroat qilaman” demanglar. Chunki mana shu soʻz sababli uch kishi halok boʻlgan.
Birinchisi – laʼnati Iblis. Alloh taolo uning soʻzini hikoya qilib shunday deydi: “Men undan yaxshiman, meni olovdan yaratgansan, uni (Odamni esa) loydan yaratding” (Aʼrof surasi, 12-oyat).
Ikkinchisi – tortishuvchi Firʼavn. U: “Men sizlarning eng oliy Robbingizman”, – degan (Noziʼot surasi, 24-oyat).
Uchinchisi – Qorun. U: “Bu menga oʻzimdagi ilm sababli berildi”, – degan (Qasas surasi, 78-oyat)”.
Imom Shaʼbiy rahimahulloh shunday degan:
“Ilm uch qarichdir. Kim uning bir qarichini egallasa, burnini koʻtarib, ilmga erishdim deb oʻylaydi. Kim ikkinchi qarichini egallasa, nazarida nafsi kichrayadi va hali ilmga erishmaganini anglaydi[8]. Uchinchi qarichga kelsak, hayhot! Uni hech kim hech qachon toʻliq egallay olmaydi”[9].
3. “Bilmayman” soʻzini koʻp aytishi kerak. Hijrat diyorining imomi – Imom Molik koʻpincha “Bilmayman” der edi. Bir kuni undan oʻttizdan ortiq masala haqida soʻrashdi. U toʻrttasiga javob berib, qolganlari haqida: “Bilmayman”, – dedi. Unda biz kabi tubanlarning tubanlari haqida nima deyish mumkin?!
Shunday naql qilinadi: “Olimning qalqoni – “bilmayman”dir. Agar u bu qalqonni qoʻldan bersa, halok boʻladi”.
Qarofiy[10] “Az-Zaxira” asarida baʼzi fozil kishilardan quyidagi soʻzlarni naql qilgan:
“Agar “bilmayman” desang, bilguningcha oʻrganasan. Agar “bilaman” desang, bilmay qolguningcha savolga tutilasan. Shunday qilib, “bilmayman” deyish ilmga, “bilaman” deyish esa jaholatga eltuvchi vositaga aylanadi”[11].
4. Oʻzi bilmagan narsani mansab, nasab yoki yosh jihatidan oʻzidan quyi kishidan oʻrganishdan or qilmasligi kerak. Aksincha, ilmni qayerda topsa, oʻsha yerdan olishga intilishi lozim. Chunki hikmat moʼminning yoʻqotgan narsasidir: uni qayerda topsa, oʻsha yerdan oladi.
Darhaqiqat, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
“Ikki ochkoʻz borki, ular hech qachon toʻymaydi: ilmga ochkoʻz kishi ilmdan toʻymaydi, dunyoga ochkoʻz kishi dunyodan toʻymaydi”[12].
Ibn Masʼud roziyallohu anhu shunday deganlar:
“Ularning ikkalasi teng emas. Ilm egasi Rahmonning roziligini tobora ziyoda qiladi. Dunyo egasi esa tugʻyonda (haddan oshishda) davom etadi”[13].
Saʼid ibn Jubayr shunday degan:
“Kishi taʼlim olishda davom etar ekan, olim boʻlib qolaveradi. Qachonki ilm oʻrganishni tark etsa va oʻzini ilmga muhtoj emas, bilganlari kifoya deb oʻylasa, ana oʻshanda u eng johil holatda boʻladi”.
Ibn Jamoa al-Kinoniy “At-Tazkira” asarida shunday degan:
“Salaflardan bir jamoa oʻz shogirdlaridan oʻzlarida boʻlmagan ilmlarni ham oʻrganar edilar. Ahmad ibn Hanbal aytadi: Imom Shofeʼiy roziyallohu anhu bizga: “Hadisni sizlar mendan yaxshiroq bilasizlar. Agar sizlarda biror hadis sahih ekani maʼlum boʻlsa, bizga aytinglar, toki men ham unga amal qilay”, – degan”.
Bu borada bundan ham ulugʻroq misol – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ubay ibn Kaʼb roziyallohu anhuga Qurʼon oʻqib berganlaridir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh menga “Lam yakunillaziyna kafaru…” (Bayyina surasi)ni senga oʻqib berishimni buyurdi”, – deganlar[14].
5. Ilmni salafi solih ulamolar qanday asragan boʻlsalar, shunday asrashi va Alloh taolo unga bergan izzat va sharafga munosib munosabatda boʻlishi lozim. Ilmni arzimas maqsadlarga erishish uchun vosita – narvon qilib olmasligi kerak. Bunday qilishning ogʻir oqibatlari yuqorida zikr qilindi.
Shuningdek, zarurat yoki majburiy ehtiyoj boʻlmasa, ilmni dunyoning arzimas manfaatlari ortidan quvadigan kishilarning oldiga olib borib, uni xor qilmasligi lozim.
Zuhriy shunday degan: “Olimning ilmni taʼlim oluvchining uyiga olib borishi – ilmni xor qilishdir”.
Fuzayl[15] shunday degan:
“Agar ilm ahli oʻzlarini aziz tutganlarida, ilmning haqqiga rioya qilganlarida, uni asraganlarida va Alloh taolo uni qanday maqomga qoʻygan boʻlsa, oʻsha maqomga qoʻyganlarida edi, albatta, zolim va mutakabbirlarning boʻyinlari ularga egilgan, barcha insonlar ularga itoat qilgan boʻlur edi. Ular odamlar uchun paygʻambarlar kabi maqomga ega boʻlur edilar.
Ammo ular oʻzlarini dunyo ahlining farzandlari oldida past tutdilar. Natijada xor boʻldilar va qadrsizlandilar.
Bas, biz Allohnikimiz va Unga qaytuvchimiz. Bu naqadar buyuk musibat!”[16]
Qozi Jurjoniy – Ali ibn Abdulaziz aytadi:
“Agar ilm ahli ilmni asraganida, ilm ham ularni asragan boʻlardi. Ammo ular ilmni xor qildilar, natijada ilm ham xor boʻldi; uni bulgʻadilar. Agar ilmni qalblarida ulugʻlaganlarida, u ham ulugʻ boʻlardi. Lekin ular ilmning chehrasini tamaʼ va manfaatlar bilan xira qilib, uni tund va badqovoq holga keltirdilar”[17].
Agar bunga biror zarurat sabab boʻlsa yoki kutilayotgan zarardan (mafsadatdan) ustun keladigan diniy manfaat boʻlsa va bunda niyat solih boʻlsa, inshaalloh, buning zarari yoʻq. Salaflardan ayrimlarining podshohlar va hokimlar huzuriga borib turgani haqidagi rivoyatlar ham shu asosda tushuniladi. Ular buni dunyoviy, qoralangan manfaatlarga erishish uchun qilgan, deb tushunilmaydi.
6. Ilm omonatiga vafo qilishi. Yaʼni ilmni unga loyiq boʻlmagan kishiga bermasligi, loyiq kishidan esa ayamasligi kerak.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:
“Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir. Ilmni unga loyiq boʻlmagan kishiga berish choʻchqalarga gavhar, marvarid va oltin taqib qoʻyishga oʻxshaydi”[18].
Ulamolardan quyidagi soʻz ham naql qilingan: “Yomon kishilarga ilm oʻrgatish yoʻltoʻsarga qilich sotishga oʻxshaydi”.
Shu sababli Ibn Abbod[19] “Al-Hikam al-Atoiyya” sharhida shunday degan: “Muallim oʻzidan taʼlim olayotgan kishilarning holatini kuzatib turishi lozim. U ilmini faqat yaxshilik va solihlik alomatlarini koʻrgan kishiga berishi kerak”. Soʻng Alloh taoloning ushbu oyatini keltiradi:
﴿وَلَا تُؤْتُوا السُّفَهَاءَ أَمْوَالَكُمُ﴾
“Mol-mulkingizni aqlsizlarga bermanglar” (Niso surasi, 5-oyat).
Soʻng shunday deydi: “Bu oyat ilmni uni buzadigan va undan zararli yoʻlda foydalanadigan kishilardan asrash yanada munosib va afzal ekaniga ishoradir”[20].
Imom Shofeʼiy roziyallohu anhu shunday degan:
“Gavharlarni chorva boqib yurganlar orasiga sochmayman,
yoqutlarni qoʻy boquvchilarga tizib bermayman”[21].
7. Koʻp kulish va hazillashishdan saqlanishi. Ayniqsa, ilm haqida suhbatlashib, ilmiy muzokara qilinayotgan paytda bundan saqlanishi kerak. Hadisda: “Koʻp kulish qalbni oʻldiradi”, – deyilgan[22].
Muftiy Mujiburrahmon an-Nadviyning qizining “Al-Hodiy ila riyozil-fiqh val-fuqaho” kitobi tarjimasidan
Kamoliddin domla Mirzayev
«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi oʻqituvchisi
[1]Abu Bakr Muhammad ibn Sirin al-Basriy – ansoriylarning mavlosi. Taqvosi, parhezkorligi va tush taʼbiridagi shuhrati bilan tanilgan. Koʻplab buyuk imomlar undan rivoyat qilganlar. Vafoti: hijriy 110-yil. Manbalar: Ibn Saʼdning “At-Tabaqot” asari va “Vafayot al-aʼyon”.
[2]Bu maʼlumotlar “Tazkirat as-somiʼ val-mutakallim fi adabil-olim val-mutaʼallim” asarining boshlanish qismidan olingan.
[3]Abu Marzuq Habib ibn Shahid at-Tujaybiy al-Misriy. U Antobulus shahrining faqihi boʻlgan. Vafoti: hijriy 109-yil. Manba: “Tahzibul-kamol”.
[4]Muxallad ibn Husayn al-Azdiy. Undan Ibn Muborak rivoyat qilgan, Ibn Muborak uning zamondoshlaridan boʻlgan. Ijliy u haqda: “Ishonchli, solih va oqil kishilardan biri edi”, – degan. Vafoti: hijriy 191-yil. Manba: “Tahzibul-kamol”.
[5]Har ikkala soʻz ham “Tazkirat as-somiʼ val-mutakallim” asarining boshlanish qismida keltirilgan.
[6]Jamoliddin al-Vatvot. “Gʻurarul-xasoʻis al-vodiha”, beshinchi bob, birinchi fasl.
[7]Abul Abbos Ahmad ibn Ahmad ibn Muhammad al-Burnusiy, Zarruq al-Fosiy nomi bilan mashhur. U shariat va haqiqat ilmlarini birlashtirgan hamda oʻz nomi bilan ataladigan tasavvufiy tariqati bilan mashhur boʻlgan. Asarlari jumlasidan: “Muxtasaru Xalil”ga sharh va boshqalar. Vafoti: hijriy 899-yil. Manba: “Naylul-ibtihoj”.
Men aytaman: “Al-Adaviy hoshiyasi”da shunday deyilgan: Shayx Zarruq: “Menga “Zarruq” laqabi bobom tomonidan kelgan. Bobomning koʻzlari moviy edi, bu xususiyatni u onasidan olgan edi”, – degan.
[8]Shayx otam “Mabsut” darsida shunday degan edilar: “Inson ilmda qanchalik yuksalsa, oʻziga nisbatan gumoni shunchalik pasayib boradi. Ilm va insonning oʻziga boʻlgan gumoni teskari yoʻnalishda harakat qiladi”. Buning maʼnosi shuki, insonning “men bu joʻshqin ummondan bir tomchi ham olmaganman”, degan gumoni kuchayadi, ilmi esa yangi maʼlumotlar qoʻshilgani sababli ortib boradi. Men aytaman: haqiqatda esa unga parda ochiladi. Chunki inson Alloh taoloni qanchalik koʻp ilm va maʼrifat bilan tanisa, Undan shunchalik koʻp qoʻrqadi. Yaʼni ilmi ortgani bilan Alloh taoloning makridan xotirjam boʻlib qolmaydi. Shu sababli paygʻambarlar insonlarning eng koʻp qoʻrquvchilari va Alloh taolodan eng taqvodorlaridirlar. Ulardan keyin fazilatda ularga eng yaqin boʻlgan kishilar ham shundaydir. Alloh taolo yaxshiroq biluvchidir.
[9]“Adab ad-dunyo vad-din”, “Olimlarning axloqi qanday boʻlishi kerakligi” fasli.
[10]Abul Abbos Ahmad ibn Idris ibn Abdurahmon Shihobuddin al-Qarofiy al-Misriy – faqih va usulchi, molikiy mazhabining buyuk allomalaridan biri. Izz ibn Abdussalom ash-Shofeʼiydan taʼlim olgan. “Az-Zaxira”, “Al-Furuq” va boshqa asarlari bor. Vafoti: hijriy 684-yil. Manba: “Ad-Dibojul-muzahhab”.
[11]“Bulugʻ aqsol-marom” asarining muallifi “Fususul-hikam” asari sohibi Shayx al-Akbar Muhyiddin ibn Arabiydan (vafoti: hijriy 638-yil) quyidagi voqeani naql qilgan. U oʻzi haqida shunday hikoya qilgan: “Bir kuni ochiq dengizda kemada ketayotgan edim. Shamol kuchayib, dengiz toʻlqinlana boshladi. Shunda men: “Ey dengiz, tinchlan! Chunki sening ustingda bir ummon ilm bor”, – dedim. Shu payt dengizdan bir maxluq bosh koʻtarib chiqdi va menga: “Bu soʻzingni eshitdik. Xoʻsh, ayolning eri boshqa bir mavjudotga aylantirib yuborilsa, ayol tiriklarning iddasini kutadimi yoki oʻliklarning iddasinimi?” – dedi”. Shayx bunga nima deb javob berishni bilmay qoldi. Shunda u maxluq: “Meni oʻzingizga ustoz qilib olasizmi? Men sizga javobni oʻrgataman”, – dedi. U: “Ha”, – dedi. Shunda maxluq: “Agar eri hayvonga aylantirilgan boʻlsa, ayol tiriklarning iddasini kutadi. Agar u jonsiz narsaga aylantirilgan boʻlsa, oʻliklarning iddasini kutadi”, – dedi (“Muallimlarning odoblari” haqidagi toʻrtinchi fasldan).
[12]Imom Bayhaqiy. “Shuʼabul-iymon”, 10279; Imom Dorimiy rivoyati, 336.
[13]Imom Dorimiy rivoyati, 337.
[14]Imom Buxoriy rivoyati, 4960; Imom Muslim rivoyati, 799.
[15]U – Fuzayl ibn Iyoz at-Tamimiy al-Marvaziy az-Zohid, Abu Ali az-Zuhayr. Hijoz shayxi va buyuk allomalardan biri boʻlgan. Undan koʻplab kishilar, jumladan, Imom Shofeʼiy ham ilm olgan. Asli Xurosondan. Kutubi sitta mualliflarining barchasi, Ibn Mojadan tashqari, undan hadis rivoyat qilgan. Vafoti: hijriy 187-yil. Manba: “Shazarotuz-zahab”.
Shunday ulugʻ maqomiga qaramay, u Imom Abu Hanifaning shogirdi boʻlgan, undan esa Imom Shofeʼiy hadis rivoyat qilgan. Demak, u buyuk imom – Imom Aʼzam Abu Hanifadan ilm olgan, undan esa buyuk imom – Imom Shofeʼiy ilm olgan. Uning oʻzi ham buyuk imomdir.
[16]“Al-Mustatraf fi kulli fannin mustazraf”, 1/33.
[17]“Muhayyohu” – uning yuzi, chehrasi degani. “Tajahhama” – “jahm” holatiga kelmoq, yaʼni koʻrinishi xunuk, yoqimsiz boʻlib qolmoq. Bu yerda quyidagi maʼno nazarda tutilgan: “Ular tamaʼ va manfaatlar sababli ilmning yuzini bulgʻadilar, natijada ilm yoqimsiz va xunuk koʻrinishga kelib qoldi”.
Bu ikki bayt Jurjoniyning qasidasidan olingan. Ular ilm ahli kitoblarida koʻp uchraydi va ularga teng keladigani kam. Qasidaning boshlanishi:
يقولون لي فيك انقباض وإنما
رأوا رجلا عن موقف الذل أحجما
Mazmuni:
“Ular menga: “Senda tortinchoqlik va odamovilik bor”, – deyishadi.
Aslida esa ular xorlik oʻrnida turishdan oʻzini tiygan bir kishini koʻrishgan”.
Bu qasidani Saolibiy “Yatimatud-dahr” asarining toʻqqizinchi bobida – Jurjon va Tabariston shoirlari hamda adiblari haqidagi qismda keltirgan. Shuningdek, Movardiy “Adab ad-dunyo vad-din” asarining “Ulamolarning axloqi” faslida, Subkiy esa “Tabaqot” asarida Jurjoniyning tarjimai holida keltirgan.
[18]Ibn Moja rivoyati, 224.
[19]Toʻliq ismi – Abu Abdulloh Muhammad ibn Ibrohim ibn Abdulloh al-Himyariy, mashhur nomi Ibn Abbod ar-Rundiy. U zohid va tasavvuf ahli boʻlgan. Andalusdagi Runda shahridan boʻlib, keyinchalik Fas shahrida istiqomat qilgan. Mashhur asarlaridan biri – “Gʻaysul-mavohib al-aliyya fi sharhil-Hikam al-Atoiyya”, yaʼni “Al-Hikam al-Atoiyya”ga sharh boʻlib, yuqoridagi matnda undan iqtibos keltirildi. Hijriy 792-yilda vafot etgan.
[20]Ibn Abbod. “Gʻaysul-mavohib al-aliyya” – “Al-Hikam”ga sharh, 228-hikmat izohi. Unda shunday deyiladi: “Ilm agar qoʻrquv (xashyat) bilan birga boʻlsa, u sening foydangga. Aks holda, sening zararinggadir”.
[21]“Devoni Shofeʼiy”, “mim” qofiyali sheʼrlar.
[22]Imom Termiziy rivoyati, 2305; Ibn Moja rivoyati, 4217.






