Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasida ilm va maʼnaviyat yoʻlida yuksak marralarni zabt etgan talabalar hamda ularning ustozi munosib taqdirlandi.









Qurʼoni karim ustozi S.Buzrukxonov rahbarligida tahsil olayotgan 4-kurs talabalari N.Ismoilov va R.Hakimov bir oʻtirishda Qurʼoni karimni toʻliq – 30 porani yoddan oʻqib berishdi. Bu – yillar davomidagi tinimsiz mehnat, sabr-matonat va ustozning fidoyiligi samarasidir.
Shuningdek, taʼlim muassasasining 3-kurs talabasi M.Qobilov C1 darajadagi sertifikatni qoʻlga kiritib, diniy bilimlar bilan bir qatorda zamonaviy ilmlarni ham puxta egallash mumkinligini amalda isbotladi.
Taʼlim muassasasi rahbariyati tomonidan ustoz va talabalarga qimmatbaho sovgʻalar hamda tashakkurnomalar topshirildi.
Bugun yurtimizda ilm-maʼrifatni yuksaltirish, yoshlarni yuksak maʼnaviyatli, zamonaviy bilimlarga ega va Vataniga sadoqatli insonlar etib tarbiyalashga qaratilayotgan katta eʼtibor oʻzining munosib samaralarini bermoqda. 475 yillik tarixga ega Koʻkaldosh madrasasi ana shu ezgu anʼanani davom ettirib, diniy va dunyoviy bilimlarni uygʻun egallagan yetuk kadrlarni voyaga yetkazmoqda.
Alloh taolo hofizlarimiz va talabalarimizning ilmlarini ziyoda qilib, ularni Qurʼon ahllaridan, yurtimiz va xalqimizga manfaatli insonlardan qilsin. Ustozlarimizning mehnatlarini savobli amallar qatorida qabul aylasin!
«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi
Maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi






